Aprel oyida Rossiyadan yuqori darajali delegatsiya Qirg'izistonning shimoli-g'arbiy Talas shahriga borib, Ikkinchi jahon urushi faxriylarini siylagani Moskva Markaziy Osiyoning hatto shunday olis va kichik qismlarini ham bilishi va kuzatayotganini aks ettirdi.
Kremldan kelgan mehmonlar veteranlarga 2000 dollarlik mukofot berdi, shuningdek, mahalliy maktablarga kitoblar va o'quv qurollari taqdim etdi. Delegatsiya ikki xalq birdam va yaqin, deya bong urdi.
Tahlilchilar nazarida Rossiya hukumati bunday harakatlari bilan mintaqada ta'siri hamon kuchli ekani va har bir davlat bilan tarixiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy rishtalar mustahkam, deya ko'rsatishga urinmoqda. Biroq, deydi ular, Ukrainadagi urush munosabatlarga darz tushirgani ham ayon.
Ekspertlar Markaziy Osiyoning biror hukumati urushni yoqlamagani va G'arbning Rossiyaga qo'ygan sanksiyalariga bosh egib kelayotganini eslatadi. Mintaqa davlatlari suverenitet va mustaqillikka urg'u bermoqda va shu tariqa Ukraina hududiy yaxlitligini quvvatlamoqda.
Duma va Kremlda Markaziy Osiyoni bo'ysundirish uchun keskin choralar ko'rishga undayotganlar bor, ammo Qirg'iziston kabi o'lkalardagi diplomatik harakatlardan ma'lumki, Moskva yumshoq qudratini ishga solmoqda. Qirg'izistonda, qo'shni davlatlarga qaraganda, rus madaniyati va tiliga hurmat hali ham ancha yuqori.
Rossiyaning Bishkekdagi elchixonasida 350 mingdan oshiq odam federatsiyaga sodiqligini aytib, vatandosh sifatida ro'yxatda.
Qirg'iziston Kreml yetakchiligidagi Yevosiyo Iqtisodiy ittifoqi va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotlariga a'zo. Rossiya respublikada harbiy bazaga ham ega.
Mamlakatda kelasi besh yil ichida to'qqiz rus maktabi ochilishi rejalangan. 5,5 million dollar buning uchun ajratilgan.
Rossiya-Qirg'iziston taraqqiyot fondi 2014-2023 yillarda 500 million dollardan oshiqqa teng loyihalarga mablag' bergan. Moliya fondga asosan Moskvadan keladi.
Universitetlar va oliy ta'lim uchun qirg'izistonlik minglab talabalarga stipendiya beriladi, ham mamlakatda, ham Rossiyada.
Federatsiya Qirg'izistonga o'qituvchilar yuboradi, xususan til va adabiyot muallimlari.
Qariyb 40 nohukumat tashkilot Rossiya manfaatlarini targ'ib qilish bilan band.
Qirg'iziston rasmiylari ruscha rasmiy til ekanini qayd etib, axborot maydonida ham aynan Rossiya mediasi yetakchi, deya tan oladi.
Bu ikki omil, deydi ekspertlar, Rossiyaning eng salmoqli qudratidir.
Fuqaro jamiyati, jurnalistika va siyosiy faollikni nazorat qilishda Bishkek Moskvadan andoza oladi, xususan yaqinda qabul qilingan qonun chet eldan grant yoki maosh olganlarni Rossiyadagi singari xorijiy vakil deya tamg'alaydi.
Bu qonun natijasida G'arb quvvatlaydigan tashkilotlar va mutaxassislar kamayib, Rossiya homiyligidagi dasturlar va muassasalar ko'payadi, deydi Bishkekdagi tahlilchilar.
Masalan, Moskva ochayotgan tashkilotlar, jumladan maktablarda rahbariyatni aynan Rossiya tomon tanlab beradi, Qirg'iziston tizimi emas.
Kreml ta'siri qanot yozmoqda, deya norozilik bildirayotganlardan biri - Qirg'iziston parlamenti spikeri Nurlanbek Shakiev. Uning fikricha, rus tilini emas, milliy tilni targ'ib qilish, rivojlantirish kerak.
Shakiev deydiki, yosh avlod ruschada bilim olib, ruschada axborot olar ekan, ona tili chetga surilgan va bu qirg'izchaning yo'qolib ketishiga sabab bo'ladi.
“Rus va boshqa tillardagi dasturlarni, multfilmlarni bloklashimiz kerak", - deydi spiker.
Prezident Sadir Japarov bu fikr va xavotirga qo'shilmasligini bildirgan.
"Bolalarimiz ruscha gapirib katta bo'layotgani yo'q, buni hech eshitmadim. Aksincha, o'qishni birorta ruscha so'z bilmay bitirishadi va keyin Rossiyaga borib, qiynalishadi", - deydi Japarov.
Uning aytishicha, ikki davlat rahbarlari shu bois Qirg'izistonda ruscha maktablarni ko'paytirishga kelishgan.
Japarov rus maktablarida kim xo'jayin bo'lishi borasidagi tashvishlarni ham o'rinsiz deb atagan. U yerdagi tamoyil va dasturlar, prezidentga ko'ra, har ikk davlatdagi me'yorlarga asoslanadi.