AQSh Markaziy Osiyoni azaldan iqtisodiy-siyosiy birdamlikka undab keladi. Integratsiyani targ'ib qiluvchi Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti, mustaqil ilmiy dargoh, mintaqadan hamda Kavkazdan, shuningdek, Afg'oniston va Mongoliyadan har yil 10-12 nafar mutaxassisni AQShga olib kelib, ularni bu davlat bilan tanishtiradi.
Dastur homiysi - AQSh sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeld fondi. Qatnashchilar Ramsfeld stipendiatlari deb ataladi. Olti haftalik tashrif yakunida davra suhbati o'tkazilib, xulosalar tinglanadi.
O'zbekistonlik Azizbek Qurbonov axborot texnologiyasi sohasida tajribaga ega, "Sug'urta Bozor" kompaniyasi asoschilaridan biri.
Uning tushuntirishicha, regional birdamlik raqamli texnologiya bilan chambarchas bog'liq. Davlatlarni va jamiyatlarni avvalo global tarmoq va mobil aloqa bog'laydi.
Informatsion texnologik taraqqiyot Markaziy Osiyoda ancha kech boshlangan, deya kuzatadi Azizbek, biroq mintaqa hozirda u qadar orqada emas.
Turkmanistonda, masalan, internet tezligi misli ko'rilmagan darajada oshgan.
Mintaqada internetga ulanish bo'yicha Qirg'iziston birinchi o'rinda.
Lekin sohani rivojlantirish uchun Markaziy Osiyoda hali ko'p ishlar qilinishi kerak.
Kommunikatsion savodxonlik darajasi past, internetdan keng va samarali foydalanilmaydi, deydi Azizbek.
Uning fikricha, texnologik bog'lanish iqtisodiy o'sishga yetaklaydi. Aholi raqamli vositalar orqali o'ziga imkoniyatlar ochadi, jumladan, ilm oladi, mehnat qiladi, mahsulotini sotadi, o'zi va oilasiga g'amxo'rlik qiladi.
Effektiv texnologiya hukumatlar va fuqarolarni yaqinlashtiradi, deydi Azizbek.
Safdoshlariga ko'ra, regional integratsiya elektron savdo, sarmoya va ta'lim ko'lamini oshiradi.
Barcha hukumatlar hozirda elektron shaklga kira boshlagan, ammo biror davlat hali texnologik jihatdan "smart" (aqlli) degan maqomga ega emas. Ramsfeld stipendiatlari nazarida, Qozog'iston poytaxti Ostona hozirda eng ilg'or markaz.
Ozarbayjonlik Jala Azizova deydiki, Ramsfeld stipendiatlari va umuman yetakchi yoshlar, qay sohada bo'lmasin, kengroq fikrlashi, rejalashi va fikr almashishi lozim.
Raqamli texnologiyaga asoslangan regional infratuzilma plani zarur, deydi Jala. U qog'ozda murakkab tuyulishi mumkin, ammo iroda yetsa, amalda bunday tashabbus bag'oyat funksional bo'lishi mumkin.
Chunki, deydi u, texnologiya mamlakatlarning o'xshash tizimlarini bir zumda bog'laydi, faoliyatni osonlashtiradi.
Markaziy Osiyo-Kavkaz institutining umidi shuki, bu yoshlar vatanga qaytganida o'zaro hamkorlikka intilib, birgalikda biznes loyihalar olib borib, mutaxassislar turli davlatlardan turib, hamjihatlikda nimalar qila olishi mumkinligini isbotlaydi.
Ramsfeld stipendiatlari mintaqaning "yuksak potensiali"ga urg'u beradi. Amerikalik ustozlari esa ularni muammolarga konkret yechimlar taklif qilishga, muayyan yo'nalishlarda salmoqli qadamlar tashlashga undaydi.
Qirg'izistonlik tadbirkor Tilek Toktogaziyev tasvirlashicha, uning davlatida internet muammo emas va innovatsion tashabbuslar rag'batlantiriladi.
Axborot texnologiyasini taraqqiy ettirish orqali barcha sohalarni oldinga siljitish mumkinligini respublika allaqachon anglab yetgan, deydi Tilek.
Mintaqaviy birdamlik bir yurtdagi rivojlanishni boshqalariga yoyish uchun ham zarur, deydi u.
Siyosiy risklar va ehtimoliy tahdidlar haqida so'ralganida, bu yoshlar javob berishga qiynaladi. Ramsfeld stipendiatlaridan birortasi 23-aprel kungi prezentatsiya va xulosalarida korrupsiya muammosini tilga olmadi, vaholanki, qonun ustuvorligi, sudlar mustaqilligi, huquqqa hurmat har qanday taraqqiyot, xususan, mintaqaviy integratsiya jarayonida ham muhim hisoblanadi.
Azizbek fikricha, xavf va tavakkalchilik har yerda bor - Amerikada ham, Markaziy Osiyo davlatlarida ham. Respublikalar biznes muhitni yaxshilash harakatida, deydi u.
Jala deydiki, sarmoya jalb qilish ustida o'ylaganda atrofga yaxshirioq qarash kerak. Masalan, O'zbekistondagi ishbilarmon Ozarbayjondan ham investor topishi mumkin, deydi u. Ya'ni, regional integratsiya Kavkazdan tortib Mongoliyagacha, biznes imkoniyatlar haqida ma'lumotlar kengroq tarqalishi uchun zamin yaratadi.
Afg'onistonlik tadqiqotchi Abasin Naimiy deydiki, uning ona vatani Pokiston va Hindistondan ham sarmoya jalb qilayotgan edi. Gap, avvalo, biznes tashabbusda va loyihada, deydi u.