2023-yilda dunyoda demokratiya darajasi 1980-yillardagi holatga qaytdi, deya xulosa qilmoqda "Xalqaro Amnistiya'' tashkiloti.
Londonda asoslangan tadqiqot markazi va huquq himoyachisi tahlilicha, qonun ustuvor, mustaqil sud va matbuotga ega mamlakatlar kamaygan. Dunyo sovuq urushga xos muhitda, siyosiy qutblashish avjida.
Avtoritarizm keng qanot yozib, demokratik odatlar chetga surilib, yakkahokimlik normallashgan. So'z va matbuot erkinligi, siyosiy huquqlar, jinsiy tenglik kabi qadriyatlar nisbiy tushunchalar, deya qabul qilina boshlangan.
Ozchilikni qoralash, qochqinlar va migrantlarni kamsitish, nafrat va qo'rqinch targ'iboti keng.
Xotin-qizlar uchun imkoniyatlarni cheklash, tenglik tushunchasini inkor etish hukumat darajasiga chiqqan, deyiladi hisobotda. Afg'oniston eng og'ir misol sifatida keltiriladi. Ayollar Tolibon nazarida odam emas; ularni zararli mavjudotlar sifatida ko'rsatish - Afg'onistondagi bugungi siyosat, deya izohlaydi huquq himoyachilari.
"Xalqaro Amnistiya"AQSh va Polshada abort cheklanganini keskin tanqid qiladi.
Britaniya, Vengriya va Hindistonda iqtisodiy va ijtimoiy adolat, shuningdek, iqlim uchun kurashayotganlar nishonda, deyiladi hisobotda.
Global maydonda asosan to'rt masalaga diqqat qaratiladi: qurolli mojarolarda tinch aholi qirilayotgani, xotin-qizlarni kamsitish avj olgani, iqtosodiy adolatsizliklar va texnologik taraqqiyotning insonga solayotgan tahdidlari.
"Xalqaro Amnistiya" hukumatlarni bu yo'nalishlarga jiddiy e'tibor qaratishga undaydi, vaholanki, bu muammolar ortida, hisobotga ko'ra, boshqaruvlarning o'zi turibdi.
Yevrosiyo bo'ylab, jumladan Kavkaz va Markaziy Osiyoda avtoritar rahbarlar axborot oqimi va fuqaro jamiyati ustidan nazoratni kuchaytirgan. Siyosiy faollikka toqat qilinmaydi. Nohukumat tashkilotlar va har qanday mustaqil tashabbus, agar hukumatga yoqmasa, jinoiy harakat deb qaralishi mumkin. Inson huquqlari himoyasi bu mamlakatlarda tobora zaif, qonun ustuvorligini ta'minlashi kerak bo'lgan tizimlarning o'zi uni buzadi, huquqlarni sistematik poymol etadi.
Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston, Turkmaniston va O'zbekistonda hukumatlar qator sohalarda huquqbuzar, deya qayd etiladi.
Xususan, quyidagi qilmishlarda: qiynoqlar va noinsoniy munosabatda, so'z va matbuot erkinligini cheklashda, jinsiy zo'ravonlikka ko'z yumishda, jinsiy tenglikka yo'l bermaslikda, siyosiy huquqlarni ezganlikda, axborotga to'siq qo'yganlikda, fuqarolarning uyushishiga qarshilikda, chet eldan grant yoki maosh olganlarni xorijiy agent yoki vakil deb tamg'alashda, namoyishlarni man etishda, mustaqil partiyalar tuzishga ruxsat bermaslikda, xorijdagi tanqidchilarni vatanga zo'rlab qaytarishda yoki ularni hamkor hukumatlar yordamida qamoqqa olishda, dindorlarga tazyiqda, xalqaro qonunlarni buzishda, asossiz va adolatsiz sudlashda, bolalar huquqlarni oyoq osti qilishda, migrantlarni qabul qilmaslik yoki kamsitishda, aholi salomatligiga loqaydlikda, tabiat va atrof-muhitga befarqlikda, shuningdek, gomoseksual insonlarga nisbatan bosim va zulmda.
Yaqinda AQSh Davlat departamenti ham huquq ahvoli yuzasidan yillik xalqaro hisobotini chiqardi. Undan ham yuqoridagi kabi xulosalar o'rin olgan.
Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" tashkiloti yil boshida o'xshash tahlil taqdim etgan. Vashingtondagi "Ozodlik uyi" analiziga ko'ra, Markaziy Osiyoda va uning atrofida biror mamlakat erkin emas.
Hukumatlar bu hisobotlarni yo inkor etadi, yo ularga umuman munosabat bildirmaydi. Rahbarlar o'z davlatida islohotlar ketayotganini da'vo qiladi, qolaversa G'arb tashkilotlarini ularning mamlakatlariga xos bo'lmagan qadriyatlarni targ'ib qilayotganlikda ayblaydi.
"Xalqaro Amnistiya" va u kabi huquq himoyachilari esa erkinlik va qonun ustuvorligi umumbashariy qadriyat ekaniga urg'u beradi. Davlatlar BMTga a'zo, ya'ni xalqaro majburiyatlarni o'z zimmasiga olgan va inson huquqlarini e'zozlashga so'z bergan.