Breaking News

"Xorijiy vakil": Rossiya izidagi Qirg'iziston, Markaziy Osiyoda tinimsiz eziladigan fuqaro jamiyati


Rossiyada tashqi dunyodan grant yoki maosh olgan tomon "xorijiy agent" deb tamg'alansa, Qirg'izistonda "xorijiy vakil" deb ko'riladi
Rossiyada tashqi dunyodan grant yoki maosh olgan tomon "xorijiy agent" deb tamg'alansa, Qirg'izistonda "xorijiy vakil" deb ko'riladi

30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, inson huquqlari himoyasi bilan mashg'ul guruhlar, Qirg'iziston rahbari Sadir Japarovga ochiq xat yo'llab, uni "xorijiy vakil" to'g'risidagi qonun loyihasini veto qilishga undamoqda. Ular nazarida bu hujjat davlatning xalqaro majburiyatlari, qonunchiligi va manfaatlariga ziddir.

14-mart kuni parlamentda tasdiqlangan loyiha Qirg'izistonda erkinlik va adolat mezonlarini buzib, fuqaro jamiyatiga tahdid soladi, deyiladi maktubda.

"Bu o'zgarish fuqaro jamiyatining muhim va qonuniy ishiga keskin zarba beradi, xususan xalqqa xizmat qilishi, jamoatchilikni faollashtirishi, shuningdek, oshkoralik, to'g'ri boshqaruv va demokratik qadriyatlar targ'ibotiga to'siqlar qo'yadi. Qolaversa, bu loyiha mamlakatning tashqaridan yordam olishini qiyinlashtiradi".

Qirg'izistonlik va xorjiy mutaxassislar tahlilicha, bu loyiha xalqaro huquq nuqtai nazaridan ham orqaga qaytishdir. Qirg'iziston - BMT Inson huquqlari kengashi a'zosi. BMT maxsus vakillari esa Bishkekka bu yo'ldan qaytishni tavsiya qilmoqda, chunki ularga ko'ra ham mazkur hujjat erkinlikni cheklaydi, jumladan fuqarolarning uyushish, fikr bildirish, kamsitilmaslik va shaxsiy daxlsizlik kabi huquqlarini.

Prezident Japarov imzo chekib, bu loyiha qonunga aylansa, mamlakat bo'ylab ijtimoiy xizmatlar ko'rsatadigan notijoriy muassasalarning faoliyati susayadi, deya ogohlantirmoqda xalqaro tashkilotlar.

Hujjatga binoan, ekspertlar qayd etishicha, tizim nohukumat sektorni istagan paytida tekshirishi, uning moliyaviy ahvolini elakdan o'tkazishi, chet eldan kelayotgan mablag'ni tergashi, har qanday qadamni siyosiy tahdid deya ta'riflab, tashkilotni sudga yetaklashi mumkin bo'ladi. Aslida audit va boshqa talablar allaqachon bor, deydi faollar, yangi cheklovlar ortiqcha.

Rossiyada bu kabi qonun ancha oldin kuchga kirgan. U yerda tashqi dunyodan grant yoki maosh olganlar "xorijiy agent" deb tamg'alansa, Qirg'izistonda bundaylar "xorijiy vakil" deb ko'riladi.

Bishkekda qonunchilar bu loyihani zamon zarurati, qonun ustuvorligi va davlat xavfsizligi yo'lidagi majburiyat, deb izohlamoqda.

Fuqaro jamiyati egri ketmayotgan bo'lsa, qo'rqmasligi kerak, ularni hech kim asossiz tekshirmaydi, deydi bu siyosatni olg'a surayotganlar.

AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo markazi rahbari va professor Sebastian Peyruz deydiki, mintaqa davlatlari azaldan fuqaro jamiyati qurayotganini da'vo qilib keladi, jumladan Qirg'iziston.

Ammo amalda vaziyat ancha boshqacha, ya'ni minglab nohukumat tashkilotlar faoliyat ko'rsatishiga qaramay, ular hukumatlarning iznida, amaldagi siyosatni targ'ib qilishdan nariga o'tmaydi. Vaholanki, fuqaro jamiyati xalq dardini olib chiqib, qonun ustuvorligi va adolat uchun kurashishi kerak.

Respublika yaqingacha Markaziy Osiyoning eng erkin qismi deb qaralar edi. Regionda Qirg'izistondan boshqa biror davlatda bunday qonun yo'q, hozircha. Biroq, deydi Jorj Vashington universiteti forumida soz'lagan qozog'istonlik mutaxassislar, nohukumat-notijoriy tashkilotlar muntazam va keskin nazorat ostida, bunga zamin yaratuvchi qonunchilik bor.

Fuqaro jamiyati hech qachon yengil nafas olmagan, deydi faollar. Peyruz taxminicha, o'zini mustaqil deb biluvchi har qanday guruhga bosim va tazyiqlar oshaveradi, chunki ularni go'yoki yovuz tashqi kuchlarning vakillari, deya tasvirlovchi dezinformatsiya avjida.

Mutasaddilar savolga tutilganida, masalan, O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'izistonda, tizim nohukumat tashkilotlarga tayanadi, deydi ular. Davlat o'z manfaatlarini himoya qilish uchun ularni tergashga majbur, deya ta'kidlashadi.

Hukumat va aholi orasida ko'prik bo'lishi lozim bo'lgan tashkilotlar chetdan mablag' oladi, davlatga qarshi ishlar bilan band, degan tashviqot - hukumatlar oldindan ishga solgan taktika va bu siyosatdan qaytilmayapti, deya mushohada yuritadi Peyruz.

"Nohukumat tashkilotlarni ro'yxatga olmaslik uchun bahona topishda O'zbekiston yetakchi", - deydi bu masalani o'rgangan tadqiqotchi.

Respublika Adliya vazirligi turli texnik xatolar va byurokratik kamchiliklarni topib, murojaatlar bir necha yillar davomida qayta-qayta rad etgan hollar bor.

Fuqaro jamiyatiga bosim nafaqat bu tarzda, balki ma'naviy va jismoniy yo'llar bilan ham o'tkaziladi, deya tasvirlaydi olim, o'nlab fuqarolar bilan muloqotlariga asoslanib.

"Sabablari aniq - hukumat mustaqil guruhlar rasmiylashib, unga nisbatan tanqidni oshirishini aslo xohlamaydi ... Ular uzoq muddatda rahbariyat uchun boshog'riq bo'ladi, degan qarash keng".

Hukumat, xususiy sektor va nohukumat tashkilotlari orasida dialogni shakllantirish harakati ham kuzatiladi, xususan Qozog'istonda. Peyruz tahlilicha, bu hozircha samara bermagan, aksincha, tuzumning bizneslar va fuqaro jamiyati ustidan qo'li yanayam balandlashgan. Shunga qaramay, rasmiylar "islohotlar jadal ketmoqda", deyaveradi.

"Qozog'istondagi izlanishlarim shundan darak beradiki, mamlakatda aksariyat nohukumat tashkilotlar aslida hukumat iznida, mustaqil ishlay olmaydi", - deydi Peyruz.

Ular orasida ikki foizigina erkinlik taarg'ibotchilari yoki shunga ochiqchasiga harakat qiladi.

Bu - Peyruzning hisobi. Uning aniqlashicha, mintaqada ko'plab nohukumat tashkilotlar nomiga bor xolos, ya'ni faol emas yoki umuman ishlamaydi. Qirg'iziston va O'zbekistonda olim shunday muassasalarning ko'pini qayd etgan.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG