Breaking News

Qirg'izistonda yetakchi media tintuv qilingan, jurnalistlar tergovda


Bishkekda qator media tashkilotlar xavfsizlik organlari tomonidan tintuv qilinib, ma'lumot manbalari saqlangan texnika musodara qilingan, 16-yanvar, 2024
Bishkekda qator media tashkilotlar xavfsizlik organlari tomonidan tintuv qilinib, ma'lumot manbalari saqlangan texnika musodara qilingan, 16-yanvar, 2024

Qirg'izistonda hukumat bir necha yetakchi media tashkilotni "urush propagandasi" va "qo'zg'olon qilishga undash" kabi harakatlarda gumon qilib, tergov ishlari ochgan. Kamida 11 jurnalist hibsda ekani ma'lum.

24.KG, Temirov Live, Ayt Ayt Dese, Alga Media, Archa Media, Politklinika - mustaqil axborot vositalari sifatida tanilgan muassasalar tintuv qilingan, ularning texnikasi, xususan ma'lumot saqlangan uskunalar musodara qilingan.

15-16 yanvar kunlari olib borilgan "maxsus amaliyotlar" inson huquqlari himoyachilari tomonidan keskin qoralanib, Prezident Sadir Japarov va uning ma'muriyati repressiyada ayblanmoqda.

"Hukumat jurnalistlarga bosim va tazyiqni darhol to'xtatishi kerak, ularning faoliyatiga aslo tahdid solmasligi kerak", - deya bong urmoqda "Human Righrs Watch" (HRW) xalqaro tashkiloti.

Uning chaqiriqlariga va xavotirlariga qator guruhlar sherik, jumladan "Civil Rights Defenders", "International Partnership for Human Rights", "Norwegian Helsinki Committee", "People in Need", "Helsinki Foundation for Human Rights", "International Federation for Human Rights" va "World Organisation Against Torture". Ular fuqaro huquqlari, qiynoqlarga qarshi kurash, so'z va matbuot erkinligini targ'ib qilib, qonun ustuvorligiga undab tanilgan uyushma, qo'mita va ittifoqlardir.

Bu chaqiriqlarga AQSh hukumati ham qo'shilgan. Davlat departamenti Qirg'izistondagi vaziyatdan xavotir bildirib, axborot vositalari va jurnalistlarning huquqlarini buzilmasin, deya undamoqda.

Tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash va demokratik institutlar samarali ishlashi uchun inson huquqlari e'zozlanishi shart, deya eslatmoqda Amerika hukumati.

Qirg'izistonda matbuot erkinligi bilan bog'liq ahvol o'tgan yillarda sezilarli darajada salbiylashga.
Qirg'izistonda matbuot erkinligi bilan bog'liq ahvol o'tgan yillarda sezilarli darajada salbiylashga.

16-yanvar kuni o'nlab jurnalistning uyida tintuv olib borilgan. Temirov Live, Ayt Ayt Dese, Alga Media, Archa Media va Politklinika muxbirlari va muharrirlaridan bir nechasi so'roq qilingan, ularning kompyuterlari konfiskatsiya qilingan.

24.KG tasdiqlashicha, bu axborot vositalari tinchlikka raxna solishga uringanlik aybi bilan yuzlashmoqda. Aynan qay harakatlari uchun degan savolga hozircha javob yo'q. Shunisi ma'lumki, bu media tashkilotlar tanqidiy materiallari va mustaqil jurnalistikasi bilan xalq ishonchini qozongan.

Ichki ishlar vazirligiga ko'ra, o'tgan yili o'tkazilgan "izchil tekshiruvlar", hukumat monitoringi, qator nashr va kanallarning "tashvishli chaqiriqlar" bilan chiqayotganini aniqlagan.

Qirg'iziston Jinoyat kodeksida bu boradagi harakatlar aniq tasvirlanmagan, deya qayd etmoqda huquq himoyachilari. Jazo esa sakkiz yilgacha qamoq bo'lishi mumkin.

Qirg'iziston Davlat xavfsizlik xizmati 15-yanvarda 24.KG tintuvi ketidan uning direktori Asel Otorbayeva va ikki muharriri, xususan Mahinur Niyazova va Anton Limarni 3-4 soat so'roq qilgan. Ular hozir erkin, ammo ishxonasi organlar tomonidan yopilgan.

Niyazovaning hamkasblariga bildirishicha, jinoiy ish ochilgan va u asosan Ukrainadagi urush qanday yoritilgani bilan bog'liq. Tergov ketayotgani sabab boshqa biror ma'lumot bera olmasligini aytadi, ya'ni jarayon va masala haqida informatsiya ulashish man etilgan.

Advokatlar so'roqqa va tintuv qilingan joylarga yaqinlasha olmagan.

Qirg'izistonda matbuot erkinligi bilan bog'liq ahvol o'tgan yillarda sezilarli darajada salbiylashga.

Jurnalist va blogerlarga to'siqlar, bevosita va bilvosiya bosim, do'q-po'pisa normal holatga aylangan.

Kaktus Media, Kloop va Ozodlik singari axborot vositalari ham katta materiallari ketidan organlarning turli choralariga duch kelgan.

Ayni damda Qirg'iziston parlamentida matbuot faoliyati to'g'risida yangi qonun qabul qilish uchun harakat ketmoqda. Loyiha mazmuni, huquq hiimoyachilari nazarida, cheklovlar ortishidan darak beradi, chunki hukumatning axborotni nazorat qilish vakolatlarini oshiradi, jumladan media tashkilotlarni ochish va yopish borasida tizimga qo'shimcha kuch kafolatlaydi.

Yuqorida nomi tilgan olingan tashkilotlar, xususan G'arb muassasalari bir ovozdan Bishkekka murojaat qilib, matbuot va so'z erkinligini milliy qonunlar va umumbashariy tamoyillar, Qirg'iziston bosh egishi shart bo'lgan xalqaro qonunlarga mos ravishda ta'minlashga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG