Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti Qirg'iziston parlamentini media erkinlikni cheklovchi qonun loyihasini qabul qilmaslikka chaqirmoqda.
Bolalarni xavfli axborotdan ehtiyot qilish uchun yozilgan loyiha, deputatlarga ko'ra, zamon talabi. Yosh avlodning jismoniy va ruhiy salomatligini ta'minlash uchun qonunchilar muayyan turdagi informatsiya tarqatishni man etmoqchi.
"Bunday choralar jurnalistlar va axborot vositalarining faoliyatiga zarba bo'ladi, chunki ularni sudlash avj oladi", - deya xavotida Syinat Sultanalieva, HRWning Markaziy Osiyo bo'yicha eksperti.
“Hukumat bunday cheklovlar orqali matbuotning ta'sirini pasaytirmoqchi, ularni qattiqroq nazorat qilmoqchi".
30-iyungacha Bishkekda yana bir qonun loyihasi tasdiqlanishi mumkin: xorijiy grantlarga tayanadigan nohukumat tashkilotlarni "chet el vakili" deb tamg'alash va ulardan ko'proq hisobot talab qilish va tekshiruvlarni oshirish.
Deputatlar media bilan bog'liq tashabbusda bolalarga jinsiy hayot haqida axborot berishni keskin kontrol ostiga olib, "oilaviy qadriyatlarga xavf soladigan, no-ana'naviy seks aloqa xususida o'rgatadigan yoki uni targ'ib qiladigan, ota-ona va qarindoshlarni hurmatsizlashga undaydigan har qanday materialga toqat qilmaslik"ni ta'minlamoqchi.
Muhokamadagi loyihaga ko'ra, bunday ma'lumotlar tarqatgan odam 25 dollardan 250 dollargacha jarima to'lashi kerak bo'ladi.
18 yoshgacha bo'lgan insonlarga jinsiy hayot haqida kitob yoki har qanday mahsulot sotish man etilib, ularni ochiq ko'tarib yurmaslik talab qilinadi.
Maktablarda va yosh avlod boradigan va o'qiydigan har qanday dargohda bunday materiallar yoyilishiga yol qo'yilmaydi. HRW nazarida bu bolalar huquqlarining buzilishiga olib boradi, chunki ular ilm olishga haqli.
Ekspertlar tahlilicha, Qirg'izistondagi bu choralar Rossiyada bir necha yil oldin ishga solingan qonunlarga o'xshash. O'shanda Kreml va siyosatchilar buni G'arbning salbiy ta'siri va gomoseksualizmga qarshi harakat deya asoslagan.
Respublikada bunday tashabbuslar ilk marta olg'a surilmayapti. Oldingilari faollarning noroziligi sabab chetga surilgan, ammo Prezident Sadir Japarov va uning ma'muriyati Qirg'iziston madaniyati va xalq qadriyatlarini himoya qilish uchun bunday qonunlar zarur, deya eslatib turibdi.
Hukumat takliflari qabul qilinsa, mamlakatda media tashkilotlar qayta ro'yxatdan o'tishga majburlanishi mumkin, yangi talablar asosida.
Mustaqil OAV tahdid ostida, deya ogohlantirmoqda HRW.
Qirg'izistondagi milliy va xalqaro media tegishli idoralarni cheklovlarni bas qilishga undab keladi.
Matbuot vakillari va faollar bilan muloqotda bo'lgan Sultanalieva deydiki, hukumat aholi orasida va xalqaro hamjamiyatda ishonch va hurmatni boy bermoqda.
"Davlat bersan so'zlariga sodiq qolishi, erkinlikni e'zozlashi lozim", - deydi mutaxassis.
Facebook Forum