Breaking News

Qul qilingan o'zbekistonliklar qissasi AQSh hisobotida


AQSh Davlat kotini Entoni Blinken deydiki, qator hukumatlar uchun odam savdosi muammo emas, aksincha normal biznes
AQSh Davlat kotini Entoni Blinken deydiki, qator hukumatlar uchun odam savdosi muammo emas, aksincha normal biznes

15-iyun kuni Davlat departamentida so'zlar ekan, AQSh bosh diplomati Entoni Blinken o'z mamlakatida hamda dunyo bo'ylab odam savdosiga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi.

"Bu muammoga qarshi kurash global hamkorlik, global koalitsiya talab qiladi. Hukumatlar, bizneslar va fuqaro jamiyati birga ishlashi kerak. Resurslar, axborot, tajriba almashishimiz lozim", - deydi Blinken.

Davlat kotibi deydiki, qator hukumatlar uchun odam savdosi muammo emas, aksincha normal biznes. Bunday rejimlar, deydi Blinken, majburiy mehnatga ko'z yumadi, bolalar ekspluatatsiya qilinayotganida loqayd, bizneslar xodimlariga haq to'lamayotgani va ularni ezayotganiga qarshi chora ko'rmaydi, mehnat huquqlarini himoya qilmaydi va umuman, insonning uzviy erkinligini hurmat qilmaydi.

Davlat departamentining yillik hisoboti 11 davlatda boshqaruv odam savdosi homiylari deya tamg'alagan: Myanma, Xitoy, Kuba, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Rossiya, Janubiy Sudan, Suriya, Afg'oniston va Turkmaniston.

O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston inson savdosiga qarshi choralar yetarlicha joriy etilmaydigan, ammo buning uchun harakatlar boshlangan jamiyatlar safida.

Amerika hukumati bu davlatlarga yordamlashishga bel bog'lagan, deydi rasmiylar, ammo narigi tarafda kuchli iroda bo'lishi kerak.

Odamlar zo'rlab ishlatilishi, fuqarolar chet elda majburiy mehnatga jalb etilishi va xo'rlanishi kabi holatlarni aniqlab, yordam qo'lini uzatadigan organlar va nohukumat tashkilotlar ishlashi zarur.

O'zbekistonda bunday muassasalar oxirgi o'nyillikda salmoqli faoliyat yuritib, o'ziga xos malakaga ega, deydi mutasaddilar.

Davlat departamenti tahlilnomasida xorijga ish izlab ketib, adashib, huquqlari buzilgan, odam savdogarlari qo'lida azoblangan o'zbekistonliklar taqdiri haqida hikoya qilinadi.

AQSh Davlat departamenti hisobotiga ko'ra, Markaziy Osiyoda inson savdogarlari to'riga tushganlar 40-50 ming orasida. Bular rasman aniqlanganlar, aslida vaziyat bundan ham og'ir bo'lishi mumkin. Turkmaniston va Afg'onistonda vaziyat bag'oyat murakkab.
AQSh Davlat departamenti hisobotiga ko'ra, Markaziy Osiyoda inson savdogarlari to'riga tushganlar 40-50 ming orasida. Bular rasman aniqlanganlar, aslida vaziyat bundan ham og'ir bo'lishi mumkin. Turkmaniston va Afg'onistonda vaziyat bag'oyat murakkab.

Informatsion texnologiya sektorida ishlayman deb aldangan Jamshid

20 yoshli Jamshid axborot texnologiyasi sohasida ish bor degan va'daga ishonib Tailandga borgan. Biroq u yerga uni Myanmaga olib ketishib, internetda noqonuniy ishlar bilan shug'ullanishga majburlashgan. Jamshid va u kabi aldangan yoshlarning xo'jayinlari uyushgan jinoyatchilar bo'lgan.

Jamshid bosh tortganida egalari undan erkinligi uchun 300o dollar talab qilishgan. Yigit qarz olib, pulni berib, qutulgan. Myanmadan Tailandga bir amallab yetib olib, O'zbekistondagi bir tashkilot bilan bog'langan. Unga vatanga sog'-omon qaytishida yordamlashishgan.

Qozog'istonda fohishalikka majburlangan o'smir qiz

O'gay ota bosimidan qochgan o'zbekistonlik o'smir Qozog'istonga boradi. Hujjatsiz ekan, ish topishga qiynaladi. Idish-tovoq yuvadigan sifatida yollanadi. Bu haqda taksistga aytib berganida, u "yaxshiroq ish" taklif qiladi.

Aleksiya deya tanishtirilgan bu qiz haydovchiga ishonib, Shimkentga yo'l oladi. O'zi bilmagan holda bu kishi uni 215 dollarga pullaydi. Qizni sotib olgan odam uni fohishalikka majburlaydi. Bir tanishi yordamida qochishga urinadi. Biroq hujjatsiz ekani uchun uzoqqa keta olmaydi.

Shimkentda ancha payt qora ishlar qilib kun kechiradi. Unga madad ko'rsatmoqchi ekanini aytgan odamlar ham uni jinsiy savdoga zo'rlaydi. Aleksiya homila orttirib, 2021-yilda farzand ko'radi. Bolasini uning xo'jayinlari olib qo'yishadi. Shu tariqa uni kontrol qilishadi, istagan ishlarini qilishga majburlashadi.

Mahalliy nohukumat tashkilot uning ahvolidan xabar topib, yordam qo'lini cho'zadi. Huquq tartibot organlari shunday keyin chora ko'radi. Hozirda Aleksiya va qizi birga.

Germaniyada inson savdosiga qarshi targ'ibot
Germaniyada inson savdosiga qarshi targ'ibot

Odam savdogarlari qo'lida jabrlanganlar ko'p hollarda uy xizmatkorlari, chet ellik migrantlar, bolalar, seks savdosiga jalb qilinganlar, o'smir jangchilar, qarz sabab erkinligidan ayrilgan insonlar, qolaversa o'zi xohlamagan ishni qilishga majburlangan va odatda maosh olmaydigan insonlardir.

Bunday huquqbuzarlik va qonunbuzarliklar keng tarqalgani xususida maktablar, kollej va universitetlarda yoshlarga ma'lumot berilishi, xorijga mehnat qilaman deb yurganlar bunday xavflardan ogoh bo'lishi, imkoniyatlar haqida obdon surishtirishi va va'dalarga uchmasligi lozim.

Jabr ko'rganlar esa vatanga va yaqinlari yoniga qaytgach yoki qutqarilganidan keyinoq ruhiy yordam olishi zarur. Bu esa bir muassasa shug'ullanadiga masala emas. Agenliklararo va hukumat-nohukumat hamkorlik yo'lga qo'yilishi kerak.

Odam savdosi soha, yosh, jins, elat, din va davlat chegaralarini tanlamaydi.

Xizmat ko'rsatish sektori, xususan mehmonxonalar, restoranlar, dam olish maskanlari, salonlar va o'xshash yo'nalishlarda insonlar tez-tez pullanishi, ishchi kuchi muntazam sotilishi va bu haqda mehnatkashlar boxabar qilinmasligi kuzatiladi.

"Hukumatlar har bir biznes, har bir tashkilot va tuzilmani bu masalada qattiq nazorat qilishi, qonunlar buzilganida javobgarlikka tutishi shart", - deyiladi Davlat departamenti hisobotida.

Qonunchilikda inson savdosiga qarshi choralar aniq belgilanishi lozim, deya undaydi Amerika hukumati.

Hisobotga ko'ra, Markaziy Osiyoda inson savdogarlari to'riga tushganlar 40-50 ming orasida. Bular rasman aniqlanganlar, aslida vaziyat bundan ham og'ir bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG