Breaking News

AQSh: Avtomatik pistoletlar paydo bo’lishi politsiyani xavotirga solmoqda


AQShda to’pponchani avtomatga aylantiradigan kichik qurilmalar paydo bo’lgani, jinoiy to’dalar ulardan foydalanayotgani huquq-tartibot idoralarini chuqur xavotirga solmoqda.

Los-Anjeles politsiyasi musodara qilayotgan oddiy “Glock-17” to’pponchalarini avtomatdek ishlatish mumkin. To’xtovsiz otadi. Chunki ularga noqonuniy ravishda kichik konverter biriktirilgan.

Bunday moslama bilan qo’lga tushgan odam 10 yilgacha qamalishi mumkin. Politsiyaga ko’ra, jinoyatchilar ularni qo’lga kiritishning turli yo’llarini topmoqda.

“Ikki yilcha oldin bunday moslamalarning aksariyati Xitoydan kelardi. Joriy yilda jinoyat sodir etilgan ikki joyda 3D printerdan chiqarilgan turlarini ham topdik”, - deydi detektiv Erik Gud.

To’pponchani avtomatga aylantiruvchi moslama
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:14 0:00

“Glok moslamalari internetda ham sotilyapti. Soni haqida ma’lumotga ega emasmiz. Lekin otishmalarda avvalgidek 3-4 raund emas, 30-40 raund o’q otilayapti”, - deydi Fresno shahri politsiya boshlig’i Pako Balderrama.

Moslamalar “Glock” rusumidagi to’pponchalarga o’rnatilayotgan bo’lsa-da, kompaniyaning o’zi ularni ishlab chiqarmaydi.

Vashingtonning o’zida joriy yilda 114 ta moslama musodara qilingan, 2021-yil bilan qiyoslaganda qariyb ikki baravar ko’p. Mamlakat miqyosida-chi? Bu noma’lum, chunki AQSh Alkogol, Tamaki va O’qotar Qurollar byurosi “Amerika Ovozi”ga intervyu berishdan bosh tortdi.

Ammo tovushga qarab otishmalar joyini aniqlovchi va politsiya bilan hamkorlik qiluvchi “ShotSpotter” kompaniyasi o’z statistikasiga ega.

“2019-21 yillar oralig’ida avtomatik qurol bilan bog’liq hodisalar 400 tadan 5600 taga oshdi. Ya’ni 14 baravar ko’paygan”, - deydi kompaniya vakili Tomas Chittum.

To’pponchani avtomatik qurolga aylantiradigan moslama bilan ommaviy otishmalar sodir etilmoqda. May oyida Chikagoda “Makdonalds” tashqarisida ikki kishi otib o’ldirilgan, yetti nafari yaralangan.

Bir oy oldin Sakramentoda tug’ilgan kunini nishonlayotgan 21 yoshli ayol qatorida yana 5 odam o’ldirilgan. Voqea joyida topilgan to’pponchalardan biriga moslama o’rnatilgan edi.

Yozda bir guruh demokrat senatorlar politsiyaning qurollarni o’zgartiruvchi moslamalarni aniqlash va musodara qilish salohiyatini yaxshilashga qaratilgan qonun loyihasini taklif etdi.

Ammo “Amerika qurol egalari” tashkiloti so’zlovchisi Luis Valdesning aytishicha, jinoyatchilar doimo kuchli qonunlarni ham aylanib o’tish yo’lini topadi.

“Qonunlar ijrosi muhim. Hozirda eng ashaddiy jinoyatchilar ham yengilgina jazo bilan, qisqa vaqt ichida ozod etilyapti”, - deydi Valdes.

Yaqinda Pensilvaniya shtatida qurol savdosi bilan shug’ullanuvchi guruh fosh qilindi. Unga 20 yoshli shaxs boshchilik qilgan, qurollarni o’zgartiradigan moslamalarni sotishni u biznesga aylantirgan.

“Jinoiy ish qo’zg’atganimizda oqibatlar doim jiddiy bo’ladi, sudyalar uzoq muddatga qamash bo’yicha hukmlar chiqaradi. Umid qilamizki, shuning o’zi odamlarni bu yo’lga kirmaslikka undaydi”, - deydi Montgomeri okrugi prokurori Kevin Stil.

“Brady” nohukumat tashkilotidan Stiv Lindleyga ko’ra esa choralar yetarli emas, qurol epidemiyasi ortidagi sabablarni chuqurroq o’rganish kerak.

“Zo’ravonlik va jamiyatda quroldan foydalanish ortidagi ijtimoiy omillarni o’rganish uchun universitetlarga, xususiy markazlarga ko’proq mablag’ ajratish lozim”, - deydi u.

Uning tashkiloti Kongressni zo’ravonlikka moyil odamlarga qurol sotmaslik bo’yicha qonunlar qabul qilishga undab kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG