AQSh rahbari Jo Bayden Oq uydan xalqqa murojaat qilar ekan, mamlakat qonunchilarini, xususan muxolifatni, ya'ni respublikachilarni irodasizlikda aybladi. Bayden ularni partiyabozlikka berilib, xalq tinchligi va xavfsizligi uchun zarur choralar ko'rmayotganlikda tanqid qildi.
"Vijdon va farosatingiz bo'lsa, zarur qonunlarni qabul qiling. Takliflarni muhokama qilib, aholini xotirjam qiluvchi qadamlar tashlang", - dedi prezident.
Aks holda, deya xavotir bildiradi Bayden, qatliomlar kamaymaydi.
"Qurolli zo'ravonliklar epidemiyasi ichidamiz. Nazoratni kuchaytirib, yangicha cheklovlar joriy etmasak, insonlar hayotini boy beraveramiz".
Demokratlar azaldan qurol savdosiga taqiqlar qo'yishga, juda bo'lmaganda xarid qilmoqchi bo'lganlarni qattiqroq tekshirish, talab va qoidalarni keskinlashtirish va ayrim mahsulotlarni bozordan batamom chiqarishga undab keladi.
Lekin Kongressda bu takliflar yillardan beri o'tmaydi. Respublikachilar har qanday cheklovga tish-tirnog'i bilan qarshi.
Demokratlar esa umidni boy bermay, cheklovlarni targ'ib qilish bilan band. Kongressga saylovlar yaqinlashar ekan, Bayden va uning partiyadoshlari saylovchidan qurol nazoratini kuchaytirish tarafdori bo'lgan nomzodlarga ovoz berishni so'ramoqda.
Bayden nazarida Amerikada irqchilik hamon keng tarqalgan va bu illatga asoslangan nafratni bartaraf etish uchun bag'rikenglik va mehr-shafqat urug'ini kengroq sochish kerak.
Yaqinda Nyu-York shtatida bir irqchi qilgan hujumda 10 qora tanli o'ldirildi. Texas shtatidagi maktabdagi xurujda esa 19 o'quvchi va ikki o'qituvchi halok bo'ldi. Qatliom sodir etilgan shahar aholisining aksariyati lotin amerikaliklardir.
AQSh Vakillar palatasida muhokama qilinayotgan qonun loyihalaridan biri qurol sotib olish uchun talab qilinadigan yoshni 18 dan 21 ga chiqarishni ko'zlaydi. Shuningdek, qurol va o'q-dori turlarini cheklaydi. Loyiha bu palatada ma'qullanishi kutilmoqda, chunki demokratlar ko'pchilik va yetarlicha ovoz bor.
Mamlakatda yil boshidan beri 232 joyda ommaviy qurolli zo'ravonlik kuzatilgan. Ommaviy qurolli zo'ravonlik deganda AQShda to'rt yoki undan ko'proq odam nishonga olingan hollarga aytiladi. Bunday voqealar ro'y bermagan hafta yo'q.
Ayrim qonunchilar fikricha, ta'lim maskanlarida xavfsizlik choralarini mustahkamlash zarur. Boshqalar esa qurol bilan do'q qilganlardan uni bir yilgacha olib qo'yishni taklif qilmoqda. Ruhiy salomatlikni izchil tekshirmagan holda qurol sotishni ham man etish kerak, deb chiqayotganlar talay.
Respublikachilar vaziyat og'ir ekanini tan qoladi va qatliomlarni qoralab keladi. Lekin ularga ko'ra, nazoratni kuchaytirish va qo'shimcha cheklovlar qurolli hujumlarni kamaytirmaydi.
Konservatorlar, shuningdek, konstitutsiya kafolatlaydigan erkinlik - qurolga egalik huquqiga aslo raxna solinmasligini xohlaydi.
O'tgan hafta Texasning Yuvaldi shahridagi boshlang'ich maktabda yuz bergan qatliom ketidan xalqqa murojaat qilgan Bayden ko'zi yoshlangan holda qurol tarafdorlarini savolga tutdi:
"Xalq sifatida bir o'ylab ko'ring: Qachon qurol lobbichilariga yo'q deymiz? Qachon zarur choralarni ko'ramiz?"
18 yoshli amerikaliklarga qurol nima uchun zarur? Prezident shunday savolni ham o'rtaga tashlab, jamoatchilikni bu borada Kongressdagi vakillarini tergashga undamoqda.
Bayden fikricha ham amerikaliklarning ruhiy salomatligiga e'tiborni oshirish, bu borada sarmoya qilish zarur.
Ammo, deydi u, AQShning har yerini qon maydoniga aylanmasligini ta'minlash uchun qurol savdosini keskin nazoratga olish, bozordagi qurol-yarog' turlarini ozaytirish shart. Ayni damda amerikaliklarning 42 foizi qurollangan.