Prezident Jo Bayden Texasning Yuvaldi shahridagi qatliomni qoralab, amaldagi qonunlarni o’zgartirishga chaqirmoqda. Shu hafta 18 yoshli Salvador Ramos boshlang’ich maktabda 19 o’quvchi va ikki o’qituvchini otib o’ldirgan.
“18 yoshli bola do’konga kirib, ikkita hujumkor qurol sotib olishi mumkinligi aqlga sig’maydi. Bu to’g’ri emas. Bunday qurollar birovni o’ldirishdan boshqa nima uchun kerak? Ovga chiqsangiz, kiyiklar o’q o’tkazmaydigan jilet kiyib yurmaydi axir. Qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar 20 yildan buyon hujumkor qurollarni agressiv ravishda reklama qiladi, chunki katta daromad ko’radi. Bu sanoatga qarshi turish uchun jasorat topishimiz lozim”, - deydi prezident.
O’smir maktabga otlanishdan oldin o’z buvisini ham otgan. Rejasi haqida Feysbukda yozgan. Hujum o’nlab o’quvchilar va o’qituvchilar bo’lgan bitta sinfxonada sodir etilgan.
Yuvaldi shahri politsiyasi ham keskin tanqidlarga uchramoqda. Ma’lum bo’lishicha, maktabdagi otishma paytida o’nlab politsiyachilar yetib kelgan bo’lsa-da, Ramosga qarshi shturm uyushtirilmagan. Qo’mondon maxsus kuchlar kelishini kutishga qaror qilgan.
Natijada Salvador Ramos 40 daqiqadan bir soatgacha maktab ichida bo’lgan, 19 o’quvchi va ikki o’qituvchini o’ldirishga ulgurgan. Bu vaqt davomida sinfxonada tirik qolgan bolalar bir necha bor 911 raqamiga telefon qilib, yordam so’ragan. Ramos keyinchalik shturmda otib o’ldirilgan.
“Farzanddan ayrilish – qalbingizning bir bo’lagini yulib olishdek gap. Bu bo’shliqni hech narsa to’ldira olmaydi, hech narsa malham bo’la olmaydi. Bunday fojia sizni butunlay o’zgartiradi”, - deydi Prezident Bayden.
Texas gubernatori Greg Abbotning qayd etishicha, qonli xurujda politsiyachilar ham yaralangan.
Kongressdagi demokrat qonunchilar har otishmadan keyin ibodat va duolarni bas qilib, amaliy chora ko’rishga chaqirmoqda.
“Hamkasblarim istasa, ular oldida tiz cho’kib, o’tinib so’rayman. Yechimlar taklif qiling. Birgalikda bunday otishmalar ehtimolini kamaytirishga xizmat qiladigan qonunlar ishlab chiqaylik. Respublikachilar men qo’llab-quvvatlaydigan tashabbuslarning hammasiga rozi bo’lmaydi, lekin fikrimiz bir joydan chiqadigan masalalar bor. Ommaviy otishmalar keyin ro’y bermaydi deb hech kim kafolat berolmaydi”, - deydi demokrat senator Kris Merfi.
Ammo demokratlar taklif qilgan mahalliy terrorizmga qarshi kurash va qurol nazoratini kuchaytirishga doir qonun loyihasi Senatda ovozdan o’tmadi.
Respublikachi senatorlar murosa qilishni istamaydi, qurolga egalikni fuqarolarning fundamental huquqi deb hisoblaydi. Ammo Kongressda muzokaralar davom etmoqda.
Texas shtatida o’tgan yili qurolga egalik huquqini yanada kengaytirish bo’yicha yettita qonun qabul qilingan. Nega AQShda ommaviy otishmalar muntazam ro’y beradi?
Boshqa davlatlar bilan qiyoslaganda Amerikada ruhiy nosog’lom odamlar ko’proq emas. Gap aholi qo’lida qurol ko’pligida, deydi tadqiqotchilar.
Facebook Forum