Breaking News

So'nggi otishma ketidan yana qurolga egalik xususida bahslar 


Amerikada yana otishma - bu gal Las-Vegasda. Stiven Pedok ismli shaxs yuqori qavatli mehmonxonadan pastga qarab avtomatik qurollardan o’t ochgan. 59 kishi o’lgani, 500 dan ziyod odam yaralangani ma’lum. AQSh Kongressida bunday qatliomlarni qanday bartaraf etish borasida odatiy bahslar boshlanib ketdi.

Amerikaliklar bunday manzaraga o’rganib ketgan. Har bir otishmadan keyin motam. Nega hech narsa qilmayapmiz, degan g’azab.

“Xotira va duolar ketidan amaliy ishga o’tish kerak. Qonunlarni o’zgartirish ishimiz emasmi?”, - deb so’raydi demokrat senator Kris Merfi.

Besh yil oldin uning shtati Konnektikutdagi boshlang’ich maktabda 20 bola otib o’dirilgan. Senator bu fojialarda Kongressni ayblaydi.

“Qo’l qovushtirib o’tirganimiz sabab otishmalar davom etayapti”, - deydi u.

Amerikadek qurolga o’ch jamiyatda bu masala azaliy tortishuv. Prezident Tramp qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirdi.

“Vaqti kelib qonunlar haqida gaplashamiz”, - deydi u.

Kongressdagi respublikachilar fikricha, yangi qonunlar haqida gapirishga hali erta.

“Tergov yakunlangani yo’q. Qonunlar bilan bu muammoni yechib bo’ladimi, bilmaymiz”, - deydi senator Mitch Makkonel.

Qurollarni cheklash yechim emas, deydi ayrimlar.

“Bunday fojialardan bir xulosa shuki, ruhiy salomatlik dasturlariga ko’proq e’tibor qaratishimiz kerak”, - deydi Vakillar Palatasi spikeri Pol Rayan.

Masalaning siyosiy tarafi shundaki, qurol egalari saylovda katta kuch. Ular har qanday cheklovga qarshi.

“Qonunga bo’ysunadigan, halol odamlar qurol xarid qila olishi kerak. Cheklovlar ularning erkinliklariga oyoq bosish bo’ladi”, - deydi qurol targ’ibotchisi Eddi Fulmer.

Respublikachilar fikricha, demokratlar masalaga siyosiy tus bermoqda.

“Demokratlar har bir fojiadan siyosiy foyda ko’rishga harakat qiladi. Uyat bu. Nazoratni oshirish haqida gapiravermasdan, qurbonlarni xotirlaylik”, - deydi kongressmen Kris Kollins.

Demokratlar deydiki, siyosatni ustun qo’yayotgan aslida respublikachilar.

“Hammasi pulga borib taqaladi. AQSh Qurol uyushmasi mavzuni boshqa tomonga burish uchun katta mablag’ sarflaydi. Qonunchilarda jasorat yo’q”, - deydi Kongress a’zosi Elizabet Esti.

Demokratlar sardori Chak Shumer Prezident Trampga murojaat qildi.

“Bizni bir davraga to’plab, yo’l ko’rsating, janob prezident. Jamoat xavfsizligini ta’minlash bo’yicha qonunlar qabul qilaylik”, - deydi Shumer.

Amerika konstitutsiyasi fuqaroga qurollanish huquqini beradi. Mamlakatda har 100 kishidan 89 nafari uyida qurol asraydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG