Breaking News

Texasda 18 yoshli amerikalik 19 o'quvchi va ikki o'qituvchini o'ldirdi


Uvalde, Texas shtati, 24-may, 2022
Uvalde, Texas shtati, 24-may, 2022

18 yoshli amerikalikning qurolli hujumi Amerikaning bu qismida 19 o'quvchi va ikki o'qituvchini hayotdan olib ketdi. Politsiyaga ko'ra, hujumchi - Salvador Ramos ismli mahalliy fuqaro. U ham halok bo'lgan.

Texas gubernatori Greg Abbottning qayd etishicha, shtatdagi eng qonli xurujda ikki politsiyachi yaralangan.

Hujumchi Uvalde shaharchasida yashagan. Qurollangan holda maktabga kirgan. Sinfxonalardan birida o'zini barrikadalab, undagi bolalar va o'qituvchilarni o'qqa tutgan. Uning o'zi politsiya tomonidan o'ldirilgan.

Ramos mart oyigacha "Wendy's" tez ovqat tarmog'ida ishlagan va yaqinda ikkita avtomat sotib olgan. Maktabni bitirmay tashlagan, buvi va buvasi bilan yashagan. Ayni damda ishsiz bo'lgan, deya bildiradi politsiya, va shu paytgacha biror jinoyat sodir etmagan yoki bunday harakatda gumon qilinmagan.

Texas shtatining Uvalde shaharchasidagi maktab, 24-may, 2022
Texas shtatining Uvalde shaharchasidagi maktab, 24-may, 2022

Uvalde kasalxonasida ayni damda 13 kishi maktabda olgan jarohati bilan olishmoqda. 66 yoshli ayol o'ta og'ir ahvolda. 2-4 sinflarni o'qitadigan maktabda o'quvchilar qariyb 600 nafar.

Tergovchilarga ko'ra, hujumchi yolg'iz harakat qilgan. O'tgan yili Amerika bo'ylab shunga o'xshash 61 holat kuzatilgan, yuzlab insonlarning yostig'i qurigan.

Yaqinda Nyu-York shtatidagi supermarket hovlisi va ichida ham bir shaxs odamlarni o'qqa tutib, 10 kishini o'ldirgan edi. O'lganlarning hammasi qora tanlilar. Tekshiruv bu xuruj irqchilik va nafrat mahsuli ekanini tasdiqlagan.

Uvalde shaharchasi 16 mingcha aholiga ega. Hudud Meksika bilan chegaradan 120 kilometr uzoqlikda. Bu yerda yashovchilarning 90 foizga yaqini lotin amerikalik kelib chiqishiga ega.

Millatchilik, irqchilik, kelgingilarga qarshi nafrat, Prezident Jo Bayden fikricha, Amerika jamiyatidagi eng og'ir va razil illatdir.

Osiyoga besh kunlik safarini yakunlab qaytgan Bayden Oq uydan turib, xalqqa murojaat qilar ekan, Texasdagi hujumni dahshatli ko'rgulik deb tasvirladi.

Amerikaliklarning 42 foizi qurollangan. Hatto qurol savdosi o'ta cheklangan shtatlarda ham qonli hujumlar epidemiyasi kuzatilmoqda, deydi prezident.

Vitse-prezident Kamala Harris Texasdagi oilalarga hamdardlik bildirib, bugungidek jinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi.

"Anduhdamiz, tinimsiz shunday fojialarga guvohmiz. Yaqinlarini yo'qotgan oilalarning ahvolini tasavvur qilish qiyin", - deydi Harris.

"Chora ko'rishimiz kerak va ko'ramiz".

Bayden bugungi murojaatida qurolga egalik va uning erkin savdosi tarafdorlarini qoraladi.

"Ularning lobbichilariga yo'q deyish vaqti keldi", - deydi prezident respublikachilarga qarata.

AQSh bosh qomusi fuqarolarga qurol bilan yurish huquqini kafolatlaydi. Respublikachilar o'zini bunday erkinlik himoyachisi deb biladi.

Texas shtatining Uvalde shaharchasidagi maktab, 24-may, 2022
Texas shtatining Uvalde shaharchasidagi maktab, 24-may, 2022

Amerika qurol uyushmasi, konservativ guruh, mamlakatdagi eng kuchli targ'ibotchilardan biri. Bayden "lobbichi" deb shu organni nazarda tutmoqda.

Demokratlar esa odatda qurolga egalikni va u bilan bog'liq bizneslarni cheklash tarafdori.

Bayden farzandidan ayrilgan amerikaliklarning dardini ich-ichidan his qilishini aytib, ularga kuch-quvvat tiladi.

"Bu holatlar nega bizning jamiyatimizda ro'y beradi, bilasizmi?" deya so'raydi prezident.

Chunki, deydi Bayden, tizimda qurol nazoratini to'liq ta'minlash uchun vakolatlar oz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG