BMTning Inson huquqlari bo'yicha Bosh komissari Volker Turk 19-iyun kuni Jenevada BMT Inson huquqlari kengashining bir oylik sessiyasi ochilishida so'zlar ekan, hukumatlar umumbashariy deklaratsiyani chetga surib, insonlarning erkinliklarini muntazam va qo'pol ravishda buzishni odat qilgan, deya qayd etdi.
Turk deydiki, BMTni jahon tashkilotiga aylantirgan tamoyillar bugunga kelib, uning a'zolari tomonidan tinimsiz buziladi. Repressiv rejimlar qoidalarni o'zlari xohlaganidek belgilaydi, fuqarolarni ezishni odat qilgan.
"Vaholanki, BMTning asosiy maqsadi hamisha insonni e'zozlash bo'lgan, uning huquqlarini himoya qilish bo'lgan. Xalqaro hamkorlik deganda biz, avvalo, davlatlarning alohida va birgalikda erkinlik ta'minoti uchun harakat qilishini tushunishimiz kerak",- deydi bosh komissar.
Turk o'nlab mamlakatlardagi vaziyatni misol sifatida keltirdi. Markaziy Osiyo respublikalarida ham muammolar talay. Qo'shni Afg'oniston, uning tahlilicha, doimiy azob-uqubatda yashayotgan jamiyat.
Jinsiy jihatdan ajratish Afg'onistonda yanayam kuchaygan, xotin-qizlar jamoatchilikka ko'rinmaslikka majburlanmoqda, ularning barcha huquqlari qabih tarzda poymol etilmoqda, deydi BMT bosh komissari.
Lotin Amerikasidan Afrikagacha, Osiyodan Yevropagacha, deydi Turk, rejimlar huquqbuzarligi uchun hech kimning oldida o'zini javobgar deb hisoblamaydi va o'z xalqiga nisbatan jirkanch qilmishlari uchun qutulib ketmoqda.
Ukrainada Rossiya bosib olgan hududlarga tashqaridan hech kim kira olmaydi, xususan BMT ekspertlari ham. BMT Moskvadan ruxsat so'ragan, ammo izn berilmagan.
"U yerdagi mahbuslar, oddiy odamlar, bolalar qay ahvolda ekanini tekshirishimiz zarur", - deydi Turk.
Uganda va Malida inson huquqlari eng og'ir ahvolda, deya shikoyat qiladi u, biroq butun Afrika bo'ylab normalar oldingidan ham pasaygan, adolatsizlik yanayam keng quloch yozgan.
Malida vaziyat shu qadar murakkabki, hatto BMT tinchlikparvar kuchlari chiqarib yuborilmoqda.
“Janubiy Sudan urushda, ammo xalqaro hamjamiyatning unga e'tibori ozligi uchun bu mamlakatdagi huquqbuzarlar bemalol harakatda, eng yuqori pog'onalarda ishlaydiganlar ham xalqni qiynayotganlikda ayblanadi", - deydi Turk.
Eritreya va Burundi yillardan beri BMTni kiritmaydi, chunki ichkarida odamlarning taqdiri ayanchli.
Efiopiya Turkning idorasi bilan hamkorlik qilmoqda. Tigray mintaqasidagi mojaro ketidan vaziyat ko'zdan kechirilib, BMTga bu yil kuzda hisobot beriladi.
Turk nazarida Eron bugun insonlarni qatl etishda yetakchi. Hukumatga nisbatan norozilik kuchaygani sari rejim yanayam shafqatsizlashgan.
Tehron xotin-qizlarni har tomonlama kamsitib, faollarni jazolab, yoshlarni qiynoqqa solib va yalpi o'ldirib, shu qadar o'rganib ketdiki, deydi Turk, Eron rahbariyati buni milliy va diniy manfaatlar uchun zarurat deya asoslaydi.
BMT bosh komissari Falastinda Isroil begunoh insonlarning qonini to'kmoqda, deydi. Uning ta'kidlshicha, yahudiy davlat arablarni sudda aybdor deb topilmagan holatda ham o'ldirib yuborayotgani haqida isbot-dalillar bor. Bu holatlar birma-bir tekshirilishi va javobgarlar jazolanishi shart, deydi Turk.
Bosh komissar tanqid qilayotgan rejimlardan hozircha biror javob yo'q. Huquqbuzar hukumatlarning bir qanchasi BMT Inson huquqlari kengashining a'zosi, jumladan Gonduras va Xitoy.
Qozog'iston, Qirg'iziston va O'zbekiston ham bu kengashda. Ular ham inson huquqlari sistematik buziladigan davlatlar qatorida.
Facebook Forum