2023-yilning 31-yanvarida Buxoroda Qoraqalpog'iston sudyasi tomonidan aybdor deb e'lon qilingan va 16 yillik qamoqqa mahkum etilgan Dauletmurat Tajimuratov yaqinda Toshkentda yakunlangan apellyatsiya sudida bu jazoni pasaytira olmadi.
Oliy sud hukmni o'z kuchiga qoldirdi. Tajimuratov, 44 yoshli yurist va siyosiy faol, o'zini begunoh deb hisoblaydi. Buxoro va Toshkentdagi sudlarda u tinimsiz shuni ta'kidladi va adolat so'radi.
U qatorida ishi qayta ko'rilgan yana 14 qoraqalpoqqa yengilroq jazo belgilandi. Sakkiz nafarining ozodligi cheklandi va shartli ravishda uyiga ketdi. Qolganlar esa panjara ortida kamroq yil o'tiradigan bo'ldi.
Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilot "Human Rights Watch" (HRW) O'zbekiston adliya tizimini qonunda belgilanganidek adolatni ta'minlashga chaqirmoqda. Tashkilotga ko'ra, Tajimuratov ozodlikka chiqarilishi kerak.
HRW e'tiborni Qoraqalpog'iston konstitutsiyasiga qaratib, unda bu hudud "suveren demokratik respublika", referendum orqali O'zbekiston tarkibidan chiqishi mumkin, deb yozilganiga urg'u bermoqda.
Tajimuratov o'tgan yili yozda mana shu huquqlar bekor qilinishi mumkinligiga qarshi chiqqan va aynan shuning uchun tizim tomonidan jazolanmoqda, deyiladi HRW tarqatgan bayonotda.
Tajimuratov qatorida yuzlab qoraqalpoqlar 2022-yilning 1-2 iyul voqealari ketidan hibsga olingan. Aksariyati keyinroq qo'yib yuborilgan.
61 nafari ikki guruhda sudga tortildi. Jarayonlar Buxoroda 2022-yilning noyabri oxiridan mart oyigacha kechdi. Hammasi o'tgan yilgi qonli voqealar paytida jinoiy harakatlarda aybdor deb topildi.
Sudlanuvchilar hukm ustidan yuqori sudga shikoyat qildi va birinchi guruh 5-iyunda Oliy suddan javob eshitdi. Ikkinchi guruh shikoyati bo'yicha qaror ham yaqin kunlarda kutilmoqda.
Tajimuratovning advokatlari singari HRW ham uni separatizmda ayblash uchun dalil yo'q, deb hisoblaydi. Faol odamlarni tinch tarzda norozilik bildirishga chaqirgan, qo'zg'olon qilishga yoki zo'ravonlikka emas, deydi himoyachi Sergey Mayorov.
"Siyosiy fikr bildirish va tinch namoyishlarga undash - erkinlik", - deya bildiradi HRW.
Jazosi yengillashtirilganlar ularga qo'yilgan aybga to'liq yoki qisman iqror bo'lgan. Tajimuratov esa nimaiki qilgan bo'lsa ham qonunni buzmaganini da'vo qiladi.
"Tajimuratovning sudi adolatli kechmadi", - deya baholamoqda HRW.
Advokat Mayorovga ko'ra, faolning chiqishlarini tahlil qilgan ekspertlar qoraqalpoq tilini bilmaydi, uning so'zlarini egri talqin qilgan. HRW qayd etishicha, mutasaddilar va sud Tajimuratovning hibsda qiynoqqa solinganiga ko'z yumgan.
Iyul oyida prezident sayloviga tayyorlanayotgan O'zbekistonda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev adolat va qonun ustuvorligini va'da qilgan. Fuqaro huquqlari e'zozlanishi kerak. HRW nazarida Tajimuratov ishi tizim uchun sinov.
Facebook Forum