Breaking News

AQSh diniy erkinlik hisoboti: Markaziy Osiyo cheklovlar ostida


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 15-may kuni yillik hisobotni tanishtirdi
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 15-may kuni yillik hisobotni tanishtirdi

Markaziy Osiyo davlatlari bo'ylab e'tiqod erkinligi cheklangan, diniy ta'lim va targ'ibot mutlaq nazorat ostida.

AQSh Davlat departamenti har yili Kongressga dunyo bo'ylab diniy erkinlik ahvoli haqida hisobot beradi. 1998-yilda qabul qilingan qonun shuni talab qiladi. E'tiqod bilan bog'liq huquqlar Amerikaning uzviy qadriyatlari ekan, deydi qonunchilar, har bir davlat bilan aloqa va hamkorlikda u yerdagi diniy erkinlik darajasi inobatga olinishi zarur. Kongressga ko'ra, hukumat bu huquqlarni global miqyosda targ'ib qilishi kerak.

"Biz insonning e'tiqod qilish va qilmaslik erkinligini birdek e'zozlaymiz. Bu huquq - umumbashariy qadriyat. Tinchlik, farovonlik, sayyoramiz ravnaqi uchun suv va havodek zarur", - deydi Davlat kotibi Entoni Blinken bu yilgi tahlilnomani taqdim etar ekan.

Bayden ma'muriyati dunyoda musulmon va yahudiylarga qarshi kayfiyat kuchayib borayotganidan xavotirda. Nasroniylarga va ateistlarga nisbatan zo'ravonliklar va nafrat urug'ini sochish hollari ham kengaygan. Bunday illatlarga faqat oddiy odamlar emas, hukumat vakillari va siyosatchilar ham hissa qo'shmoqda.

Kanada va Yevropa Ittifoqida hozirda islomofobiyaga qarshi kurash idoralari ish boshlagan.

Ozchilikdagi guruhlarni himoya qilishda xalqaro tashkilotlar, mahalliy faollar va mutasaddilarning xizmati beqiyos. Har qanday sistema buning ahamiyatini tushunishi va barcha fuqarolarning manfaatlari uchun xizmat qilishga irodasi yetishi zarur, deyiladi hisobotda.

Rossiya, Eron, Xitoy va Hindiston hukumatlari diniy erkinliklarni kundalik ravishda buzayotgan tuzumlardir, deydi rasmiylar.

Xitoyda musulmon turkiy elat bo'lmish uyg'urlarning sistematik ezilayotgani, deydi Blinken, inson huquqlarining tubdan buzilishidir va AQShga bunga qarab turmaydi.

Bayden ma'muriyati adolat talab qilayotgan va adolatsizliklarni fosh etayotgan tashkilotlarni quvvatlaydi.

Blinken 15-may kungi nutqida Markaziy Osiyo davlatlarini alohida tilga olmadi, ammo 25 yil oldin Bill Klinton, o'sha paytdagi prezidentdan iqtibos keltirdi:

“Diniy erkinlikni himoya qilar ekanmiz, biz so'z va fikr, vijdon, uyushish va insonning boshqa huquqlarini ham himoya qilamiz".

BMT Inson huquqlari deklaratsiyasi ham ular orasidagi bog'likka urg'u beradi, ya'ni bir huquqni ta'minlash boshqa huquqlarni ham talab etadi.

Markaziy Osiyodagi vaziyat

Turkmaniston mintaqadagi eng yopiq tuzum, lekin o'tgan bir yil ichida u yerda biror fuqaro aynan dini uchun qamoqqa olingani yoki sudlangani haqida ma'lumot yo'q.

Vaziyat azaldan og'ir ekani uchun Davlat departamenti 6,5 million aholisi bor Turkmanistonni "alohida xavotirga molik" deb tamg'alagan. Bunday maqom 2014-yildan beri o'zgarmagan. Biroq bu bilan oradagi hamkorlik cheklanmagan. Milliy manfaatlardan kelib chiqib, Vashington Ashgabat bilan qator yo'nalishlarda, xususan terrorizm va qoradori savdosiga qarshi kurashda ishlaydi.

Bosh qomusi qo'shni davlatlardagi kabi diniy erkinlikni kafolatlovchi Tojikistonda ham vaziyat xarob, deya qayd etiladi AQSh hisobotida. 2022-yilda bir necha shaxs aynan e'tiqodi sabab, jumladan musulmonlar va nasroniylar, sudlangan va jazolangan yoki tazyiqqa olingan.

To'qqiz millionda ochiq aholiga ega Tojikiston 2016-yildan beri Amerika hukumati nazarida "alohida xavotirga molik davlat", ammo mushtarak manfaatlar tufayli bir necha sohada hamkorlik to'xtamagan.

Qariyb 20 millionlik Qozog'istonda, hisobotda ta'kidlanishica, odamlarning dini bois jarima tortilishi, bosimga uchrashi, izza qilinishi va jazoga tortilishi keng tarqalgan holat.

Fuqaro o'z e'tiqodini davlat nazoratidan tashqarida targ'ib qilishi mumkin emas. Missionerlik man etilgan. Diniy adabiyotlar faqat hukumat ruxsati bilan tarqatiladi. Musulmonlarning qanday kiyinishi ham kuzatuvda. O'quv dargohlari va ishxonada diniy libosga ruxsat yo'q.

Ozchilikdagi diniy guruhlar Qozog'iston matbuotida tez-tez "sharmanda qilinadi" va ochiqdan-ochiq tahdidga uchraydi, deya bildiradi Davlat departamenti.

Aholisi 35 milliondan ziyod O'zbekistonda 1800 nafardan ziyod kishi terrorizm, ekstremizm va noqonuniy tashkilotga a'zolikda ayblanib, qamoqda.

Qozog'iston va boshqa qo'shnilari singari bu respublikada ham diniy targ'ibot taqiqlangan, shuningdek, biror e'tiqod xususiy ravishda o'qitilmaydi. Bu borada maxsus ta'lim muassasalari dars bera oladi, xolos.

2016-yilda Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan beri minglab mahkumlar qilmishdan pushaymon bo'lgani uchun avf etilgan. Ammo oldingi rahbar, Islom Karimov davrida nohaq va asossiz qamalganini da'vo qiluvchilarning ishi sudda qayta ko'rib chiqilmagan, deyiladi hisobotda.

Mirziyoyev siyosati dinga nisbatan yumshoqroq ekani e'tirof etiladi. Diniy kiyim va soqolga cheklovlar ayrim hollardagina kuzatiladi. Biroq, hukumatning talabi o'sha-o'sha: har qanday diniy faoliyat davlat nazorati ostida amalga oshiriladi.

O'zbekistonda diniy kontent senzura qilinadi. Xususan, shu kunlarda Kun.uz axborot portali Amerikadagi islomiy markaz haqida tayyorlagan materialni ko'rib chiqqan Din ishlari bo'yicha qo'mitasi nashrdan video va maqolani deyarli tubdan o'zgartirishni talab qilinmoqda, aks holda ularni tarqatishga ruxsat yo'q.

Qirg'iziston diniy erkinlik bobida Markaziy Osiyoda nisbatan erkin muhit sanaladi. Biroq o'zga dinlarga toqat qilmaslik bu jamiyatga ham xos illatdir. Hukumat fuqaroning e'tiqodini e'tiborga olmasligi, hisobotga kora, ayniqsa qamoqxonalarda seziladi.

Olti millionlik Qirg'izistonda 3000 dan ziyod diniy tashkilot ishlaydi. Ularning taqriban 87 foizi musulmonlarniki va 12 foizi nasroniylarniki. Qolganlari esa yahudiylar, buddistlar va bahaylarga tegishli.

Davlat statistika qo'mitasiga ko'ra, aholining 74 foizi etnik qirg'iz, 15 foizga yaqini o'zbek, kamida 5 foizi esa rus. Musulmonlar deganda qirg'izlar va o'zbeklar nazarda tutiladi. Ruslar esa asosan pravoslav cherkoviga boradi.

Markaziy Osiyoning besh respublikasi o'zini dunyoviy tuzum deb hisoblaydi va e'tiqod erkinligi bilan bog'liq cheklovlarni hukumatlar, umuman olganda, konstitutsion tizimni himoya qilish uchun chora sifatida izohlaydi.

AQSh Davlat departamenti undashicha esa muvozanat ta'minlanishi kerak. Sekulyarizm, ya'ni din davlat boshqaruvidan uzoqda bo'lishi fuqaro dindor bo'la olmaydi, degani emas. Hukumat o'z vakolatlarini, fuqaro esa o'z huquqlari qatorida burchini ham bilishi shart. Ulardan biri, deya qayd etiladi hisobotda, odamlar bir-birining diniy qarashlarini hurmat qilishi, jamiyatga tolerantlik bilan yondashishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG