Breaking News

BMT vakiliga arz qilmoqchi bo’lgan faollar nazoratga, hibsga olingan


O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va BMT Oliy komissari Volker Turk orasida muloqot, Toshkent, 15-mart, 2023
O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va BMT Oliy komissari Volker Turk orasida muloqot, Toshkent, 15-mart, 2023

Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Volker Turk (Folker Tyurk) bilan uchrashuvi mamlakatda tazyiqlar jiddiy kuchaytirilishi bilan kuzatilmoqda.

13-mart kuni oliy komissar bilan uchrashishni rejalagan muxolif faol Sanjarali Imom hibsga olingan.

Ayni paytda Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasida saqlanayotgan Sanjarali Imom Jinoyat kodeksining 244-moddasi, noqonuniy diniy guruhlar tuzishda, shuningdek, aksilkonstitutsiyaviy harakatlarda ayblanayotganiga doir ma’lumotlar mavjud.

nson huquqlari himoyachisi A’zam Turg’unovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, u so’nggi bor Sanjarali Imom bilan oliy komissarning fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvi haqida gaplashgan.

“Hozir uning hibsiga doir aniq ma’lumotlarga ega emasman. Agar 244-modda bilan ayblashayotgan bo’lsa, bu mutlaqo haqiqatdan uzoq. Asosiy sabab uning oliy komissar bilan uchrashuvga hozirlangani bo’lishi mumkin. Men ham shu uchrashuvga taklif qilingan edim, ammo so’nggi kunlarda Toshkentda emasligim uchun qatnasha olmadim. Menga aytishlaricha, oliy komissar bilan uchrashish istagidagi barcha faollar jiddiy tazyiqqa olingan, hatto ayollarni, keksa yoshdagi onaxonlarni ham ayashmagan”, - deydi Turg’unov.

Sanjarali Imomning hibsga olinishi ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy munozara qo’zg’agani kuzatiladi. Navbatdagi faolning qamoqqa olinishiga munosabat bildirayotgan tarmoq foydalanuvchilari O’zbekistonda erkinlik tugayotgani haqida mulohaza qilishmoqda.

Turk bilan uchrashuvda qatnashgan muxolifatchi Xidirnazar Olloqulovning aytishicha, oliy komissarning fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvida Sanjarali Imom ko’rinmagan.

“Ammo shuni aytishim mumkinki, Sanjarali Imom oliy komissarning tashrifi arafasida ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali jiddiy faollik ko’rsatdi, odamlarni, shikoyati bor aholini BMT vakolatxonasi oldiga kelishga chaqirdi, murojaatlar bilan chiqdi. Uning hibsga olinishi aynan shu faolligi evaziga bo’lishi mumkin, lekin bu chaqiriqlarda biror noqonuniy da’vat yo’q, hammasi qonun doirasida qilingan. Oliy komissar bilan uchrashuvda men asosan O’zbekistonda inson huquqlari jiddiy buzilayotgani, jumladan, siyosiy partiyalar tuzish keskin tazyiqqa olinayotgani haqida gapirgan edim. Sanjarali Imom ham o’z vaqtida “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasi tuzilishini qo’llab chiqqan, imzo yig’ishda ko’maklashgan edi”, - deydi Olloqulov.

Ayniqsa, unga shikoyat qilish istagidagi fuqarolar, mamlakatdagi inson huquqlariga doir vaziyatni o’rganib kelayotgan faollar jiddiy nazoratga olingan.

Sanjarali Imom ham hibsdan avval ijtimoiy tarmoqdagi so’nggi chiqishida kuzatuv ostida ekanligi, komissar bilan uchrashuvga borishiga to’sqinlik qilishayotgani haqida xabar qoldirgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Turk 13-15 mart kunlari O'zbekistonda hukumat a'zolari, inson huquqlari tashkilotlari, huquq himoyachilari va muxolifat vakillari bilan muloqot qildi
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Turk 13-15 mart kunlari O'zbekistonda hukumat a'zolari, inson huquqlari tashkilotlari, huquq himoyachilari va muxolifat vakillari bilan muloqot qildi

BMT delegatsiyasi 14-mart kuni Qoraqalpog'istonga ham safar qilib, vaziyat bilan tanishgan. Turk o'tgan yilgi g'alayonda ayblanib qamalganlarning yaqinlari bilan ko'rishgani ma'lum.

Turk 15-mart kuni O’zbekiston safarini yakunlanishi arafasida Prezident Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan. Uchrashuvda BMT va O’zbekiston o’rtasida inson huquqlariga doir hamkorlikni rivojlantirish muhokama qilingan.

“Davlatimiz rahbari keyingi yillarda BMT bilan ushbu sohadagi hamkorlikda yuksak darajaga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etib, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish Birlashgan Millatlar Tashkiloti Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq hamohang bo‘lgan O‘zbekistondagi islohotlar strategiyasining bosh ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi. BMT Oliy komissari O‘zbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish, gender tenglikni ilgari surish, sud idoralarining mustaqilligini va qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi”, - deyiladi prezident matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Turk bilan uchrashgan faollarning umid qilishlaricha, BMT oliy komissari O’zbekiston rahbariyati bilan uchrashuvda fuqarolik jamiyati muammolarini muhokama qilgan va muloqot o’z ijobiy natijasini berishi kerak.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG