AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Myanma, Xitoy, Kuba, Eritreya, Eron, Nikaragua, Kongo Demokratik Respublikasi, Pokiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston va Turkmanistonni diniy erkinlik eng qo'pol tarzda buziladigan va bu huquqlar siyosiy qurbon qilinadigan davlatlar deya e'lon qildi.
Aslida bu mamlakatlarning aksariyati anchadan beri bunday qora ro'yxatda, ya'ni "alohida xavotirga molik davlat" deya belgilangan. Davlat departamenti har yili bu ro'yxatni yangilaydi.
"Bu hukumatlar diniy erkinlikni toptab, jamiyatlarni tarqoqlashtiradi, iqtisodiy va siyosiy beqarorlik tomon yetaklaydi", - deydi Blinken.
AQShda 1998-yilda qabul qilingan qonun hukumatdan xalqaro maydonda diniy erkinlikni kuzatishni, tahlil qilib, chora ko'rishni talab qiladi. Bu qora ro'yxatdagilar endi cheklovlar bilan yuzlashishi kerak.
Ammo milliy xavfsizlik uchun hamkorlik qilayotgani bois "alohida xavotirga molik davlat" sanksiyalar ostida qolmasligi mumkin. Xususan, Tojikiston mana shunday istisnolikdan manfaat ko'radi.
2018-yilgacha O'zbekiston ham shu ro'yxatda edi. Vashington unga nisbatan cheklov joriy etmagan. To'rt yil oldin Davlat departamenti respublikada vaziyat yaxshilandi, deya xulosa qilib, O'zbekistonni"maxsus kuzatuvdagi davlat" deya tamg'alagan. 2020-yildan O'zbekiston bu ro'yxatdan ham chiqqan. Lekin AQSh rasmiylari mamlakatda bu borada muammolar talay ekanini ta'kidlab, Mirziyoyev ma'muriyatini islohotlarni jadallashtirishga undab keladi.
Qora ro'yxatdagi davlatlar AQShni gegemonlik siyosatida, ularga aql o'rgatayotganlikda va ularning ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblaydi.
"Bu siyosatimiz bizning inson huquqlari va qadriyatlarimizga sodiq ekanimizni aks ettiradi. Erkinlik himoya qilinmasa, tinchlik ham ta'minlanmaydi. Diniy va boshqa huquqlar e'zozlangan yurt tinchroq, barqarorroq va farovonroq. Amerika uchun ham ular ishonchliroq sheriklardir", - deydi Blinken.
Bosh diplomatga ko'ra, Vashington barcha hukumatlar bilan bu masalani muhokama qilishga tayyor.
Facebook Forum