AQSh Diniy erkinlik bo'yicha xalqaro komissiyasi o'zining bu yilgi hisobotida Davlat departamentini 12 davlatni "alohida xavotirga molik mamlakatlar" deya tamg'alab, jazo choralari ko'rishni tavsiya qiladi: Myanma, Xitoy, Kuba, Eritreya, Eron, Nikaragua, Shimoliy Koreya, Pokiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston va Turkmaniston. Komissiya nazarida, bu tuzumlar hozirda dunyodagi eng huquqbuzar sistemalardir.
Ularga o'tgan bir yil ichida yana besh davlat qo'shilgan, deyiladi hisobotda - Afg'oniston, Hindiston, Nigeriya, Suriya va Vyetnam. Amerika hukumatini komissiya ularni ham qora ro'yxatga qo'shib, cheklovlar qo'yishga undamoqda.
Maxsus kuzatuvda qolishi kerak davlatlar qatorida O'zbekiston hamon bor, shuningdek, Jazoir, Markaziy Afrika Respublikasi, Ozarbayjon, Misr, Indoneziya, Iroq, Qozog'iston, Malayziya, Shri Lanka va Turkiya.
"Al-Shabob", "Boko Haram", "Hay’at Tahrir al-Shom", Yamandagi Hutiylar tarmog'i, "Islomiy davlat", "Jamoat Nasr al-Islom val Muslimin" kabi qonxo'r va radikal tashkilotlar ham Vashington tomonidan siyosiy nishonga olinishi, ularning ta'siriga qarshi qadamlar tashlanishi zarur, deya chorlaydi komissiya.
Bu organ respublikachi va demokrat arboblardan iborat mustaqil organdir. Uning hisobotlari Kongress, Oq uy, Davlat departamenti va boshqa vazirliklar uchun tayyorlanadi. Komissiya ekspertlari dunyo kezib, vaziyatni o'rganadi.
Markaziy Osiyoda, komissiyaga ko'ra, nisbatan erkin muhit Qirg'izistonda.
Chunonchi, o'tgan yillar ichida O'zbekiston bilan aloqalar iliqlashib, mamlakatda e'tiqod erkinligi himoyasi yo'lida birgalikda ishlashga kelishilgan.
Komissiya diniy huquqlar deganda dinsizlik va ko'pchilikka xos bo'lmagan yo'nalishlar himoyasini ham nazarda tutadi. Masalan, ateistlar ezilmasligini ta'minlash yoki aksariyati musulmonlardan iborat jamiyatlardagi ozchiliklarning manfaatlarini ko'zlash.
O'zbekiston uzoq payt "alohida xavotirga molik davlat" bo'lgan, biror Oq uy respublika bilan strategik sherik ekan, Toshkentga nisbatan bu borada sanksiya qo'llanilmagan.
Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, komissiya tahlilicha, e'tiqod erkinligi kengaygan, bu boradagi tub masalalar ochiq muhokamaga chiqqan. Shu bois respublika qora ro'yxatdan chiqarilgan.
Biroq, deyiladi hisobotda, O'zbekistonda diniy ta'lim hamon cheklangan, shuningdek, hukumat nazoratidan tashqaridagi har qanday diniy faoliyat tazyiq ostida. Komissiya insonlar o'z dinlarini targ'ib qila olishi kerak deb hisoblasa, O'zbekiston hukumati missionerlik va har qanday diniy propagandaga to'siqlar qo'yganlikda tanqid qilinadi.
Respublika hukumati dunyoviy tuzum ekaniga urg'u berib, e'tiqod qonunlar himoyasida ekanini ta'kidlaydi.
1998-yilda qabul qilinib, 2021-yilda o'zgartirilgan qonun AQSh mutaxassislari nazarida fuqaroga dindan xususiy shaklda saboq berish yoki ta'lim olish imkoniyatini bermaydi.
Mamlakatda masjidlar ko'paygani, haj va umra uchun yo'llar ochilgani, qolaversa, yangi cherkovlar registratsiya qilingani ijobiy holatlar sifatida e'tirof etilsa-da, diniy faoliyat va tashkilotlar qattiq tekshiruvda.
Prezident Mirziyoyev avfi bilan 2017-yildan beri minglab insonlar qamoqdan ozod etilgan, jumladan, diniy sabablar bilan qamalganlar. Hukumat ular radikalizm va terrorizmni quvvatlagani uchun jazolangan desa, huquq tashkilotlari bu odamlarni "diniy mahkumlar" deb ataydi, ya'ni e'tiqodi uchun zanjirlanganlar.
Komissiya taxminicha, hamon 200o dan oshiq shunday insonlar qamoqda o'tiribdi.
Organlar noqonuniy adabiyot va materiallar tarqatganlikda ayblab, har yili yuzlab fuqarolarni hibsga oladi, tergov qiladi va jazolaydi, deya bildiradi komissiya a'zolari. Hisobotda ayrimlarining ism-shariflari keltiriladi.
Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) diniy erkinlik bilan bog'liq masalalarni tekshirganlarni ham tazyiqqa oladi va ta'kidlanishicha, bunday holat hatto komissiya delegatsiyasi O'zbekistonda yurganida ham kuzatilgan.
O'zbekiston hukumati odatda yillik hisobotga bevosita munosabat bildirmaydi, ammo Toshkentdan Vashingtonga keladigan delegatsiyalar bu masalani muhokama qiladi va ikki davlat orasidagi muloqotda ham asosiy yo'nalishlardan.
Facebook Forum