AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi O'zbekistonda bu borada ta'limga kengroq yo'l ochishga va ekstremizm tushunchasini qonunchilikda konkretlashtirishga undamoqda. Huquq tashkilotlari va mutaxassislar ham komissiya bilan hamfikr.
8-iyun kuni kechgan virtual muhokamada komissiya raisi Nuri Turkel O'zbekiston hukumatini mavjud qonunlarni yangilashga, mutaassiblik nima ekanini global me'yorlarga asoslangan holda ta'riflashga, dindorlikni ekstremizm bilan tenglashtirmaslikka, fuqarolarning uzviy huquqlarini sistematik tarzda buzishdan chekinishga chaqirdi.
"Aslida ekstremizm nima ekani dunyo tajribasida azaldan ayon. Uni murakkablashtirmaslik kerak. Ekstremizm mavhum bir tushuncha emas. Xalqaro qonunlardan kelib chiqib, aniq va lo'nda tasvirlash zarur", - deya undaydi Turkel.
Uning o'zi O'zbekistonga tashrif buyurib, rasmiylar va diniy yetakchilar bilan gaplashgan.
AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi nazarida O'zbekistonda Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida erkinlik kengaydi, diniy faoliyat bilan bog'liq muammolar yechila boshladi. O'zbekiston bu borada AQShning qora ro'yxatidan chiqarildi. Vashington uni hatto qo'shni huquqbuzarlar, jumladan Turkmaniston, Tojikiston va Afg'onistonga namuna sifatida ko'rsata boshladi.
Biroq komissiya a'zosi Deyvid Kurri deydiki, respublikada diniy erkinlik ta'minlanishi uchun hali juda ko'p ishlar qilish kerak.
"Faqatgina rasman ro'yxatdan o'tgan guruhlar va jamoalar birga ibodat qila oladi, yig'ila oladi, deya talab qilish vijdon erkinligiga zid. Inson xohlagan dinda bo'lishi mumkin va ibodatini ham erkin ravishda qiladi", - deydi Kurri.
U O'zbekistonda nasroniylarning turli oqimlari tahdid ostida deb biladi. Mirziyoyev ma'muriyati ularning huquqlarini himoya qilsin, deydi Kurri.
O'zbekiston rahbariyati tuzum dunyoviy ekaniga urg'u beradi. Mutasaddilarga ko'ra, barcha dinlar hurmatda, dindorlar erkin, ammo hamma respublika qonunlarini bilishi va ularga bosh egishi lozim.
1998-yilda qabul qilingan va o'tgan yillarda yangilangan qonun, deydi rasmiylar, mamlakatda biror e'tiqod vakilini erkinlikdan ayirmaydi, aksincha, uni kafolatlaydi va totuvlik va hamjihatlik garovi. Hukumat masjidlar va ibodatxonalar soni, diniy xilma-xillik, tolerantlik an'analariga ishora qiladi.
"Human Rights Watch" (HRW) kabi inson huquqlari tashkilotlari, ekspertlar va AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi tahlilicha esa qonunda kamchilik serob.
BMTning bu masalalar bo'yicha sobiq maxsus vakili Ahmed Shahid yaqinda O'zbekistonga borib, vaziyat bilan tanishdi.
"Tub muammo, mening nazarimda, dindan qo'rqish, unga xavf manbai sifatida qarash. Odamlarga e'tiqod erkinligi ko'proq berib yuborilsa, ular tuzumga qarshi oyoqqa turadi, uni yangilashga urinadi, degan xavotir kuchli", - deydi Shahid.
U boshchiligida O'zbekistonga 2017-2018 yillardan berilgan tavsiyalar qanchalik bajarilgani ko'rib chiqilganida oradan besh yil o'tib, islohotlar sustlashgani aniqlangan.
Shahid deydiki, Mirziyoyev ma'muriyati diniy erkinlikni kengaytirib, o'ziga xos nufuz qozongan va progress davomiy bo'lmasa, uni boy beradi.
HRW mintaqaviy eksperti Mira Rittmen deydiki, mamlakatda uzviy huquqlar bilan bog'liq ahvol, umuman olganda, og'ir.
"Eng ko'p buziladigan erkinliklar aynan e'tiqod atrofida. Noqonuniy diniy materiallar tarqatganlik va targ'ibot, masalan, islomiy nashidni yoyganlik aybi qo'yilayotganlar bor. Yoshlar bir-biri bilan ijtimoiy tarmoqlarda, telefonlarida e'tiqod haqida gaplashishga qo'rqib qolgan", - deya kuzatadi Rittmen.
HRW o'tgan oy chiqargan hisobotida Mirziyoyev ma'muriyatini va'dalarni bajarmaganlikda tanqid qiladi.
Tashkilot xulosasi shuki, O'zbekistonda diniy tashkilotlarni ro'yxatdan o'tkazish hali ham amri mahol. Dindorligi uchun qamalib chiqqanlar asossiz nazoratda. Mutaassiblik nima ekani aniq belgilanmagan va har qanday shaxs namozxonligi yoki erkin fikri uchun og'ir ayblovlar bilan yuzlashishi mumkin.
O'zbekiston rahbariyati Amerika hukumati bilan muloqotda va xalqaro hamjamiyat a'zolari bilan uchrashuvlarda aholi namoz va ibodatini bemalol qilishi va diniy kiyimlarda yurishi mumkinligi, faqat hech kim diniy targ'ibotga berilmasligi shartligi, shu bilan birga biror e'tiqodga qarshi harakatga toqat qilinmasligi va har qanday sharoitda dunyoviylik tamoyillari himoya qilinishini ta'kidlab keladi.
Diniy ta'lim, diniy tashkilotlar, diniy jamoalar hukumat nazoratida ekanini tizim ochiq tan oladi. Shunday davom etadi, deya qayd etadi rasmiylar.
AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi tavsiyasi esa ularga ko'proq erkinlik berish, xususan bolalar diniy ilm olishi uchun zamin yaratish. Diniy ta'lim O'zbekistonda maxsus ta'lim hisoblanadi va muayyan dargohlardagina beriladi.
Ko'plab o'zbekistonliklar o'zlari yoki farzandlari islomni o'rganishi uchun sharoit yetarli emasligidan noliydi, deydi komissiya a'zolari, hukumat bu masalani hal etishi kerak.
"Amerika Ovozi" forumdagi ekspertlardan "O'zbekistonda hukumat yo'q deb turganida siz birgalikda nima qila olasiz?" deb so'raganida, "masala chetga surilmaydi" degan mazmunda javob berildi, ya'ni bu muammolar xalqaro maydonda ko'tarilaveradi, chunki talab o'zgarmaydi.
"Biz o'zimiz bunga e'tibor qarataveramiz, ya'ni diniy ta'lim va targ'ibot cheklanganiga. O'zbekistonning hamkorlari, jumladan AQSh va Yevropa Ittifoqi bu muammolarga befarq emas va O'zbekistonni ijobiy qadamlar tashlashga undayverishi kerak", - deydi HRW vakili Rittmen.
Shahid O'zbekiston hukumati bilan yaqindan ishlab, tizimga islohotlarni jadallashtirish uchun yordam berishni istaydi.
"Hammamiz progress bo'lsin, deymiz. O'zbekiston olg'a qadam tashlashini istaymiz. O'zgarish qilish oson emasligini ham bilamiz. Xavotirlarni ham tushunamiz, ammo vaziyatni yaxshilash baribir hukumat qo'lida", - deydi u.
Forumda O'zbekiston tomondan hech kim so'zlamadi. Respublikaning Vashingtondagi elchisi Furqat Sidiqov tadbirdan keyin qilgan tvitida "kelasi safar O'zbekiston elchixonasini ham chaqirishadi degan umiddamiz", - deb yozdi.
Facebook Forum