Jahon bankiga ko'ra, Yevropa va Markaziy Osiyo atmosferani zaharlamaslik uchun o'z sanoatlarida islohotlar boshlab, ekologik ogohlikni targ'ib qilishi zarur. 2060-yilgacha, deya undamoqda tashkilot, dunyoning bu qismlari ham iqlimga imkon qadar kamroq ziyon keltirayotgan bo'lishi kerak.
Muqobil energiya manbalariga samarali o'tish uchun Markaziy Osiyoga misli ko'rilmagan miqdorda sarmoya zarur. Moliyaviy institutlar qanchalik yordam bera oladi? Bu hukumatlarning xatti-harakatiga bog'liq, deydi ekspertlar.
Oksus Markaziy Osiyo tadqiqot jamiyati (The Oxus Society for Central Asian Affairs) va Jahon banki mutaxassislari Vashingtonda masalani muhokama qilar ekan, qator omillarni sanab o'tdi.
Yevropa va Markaziy Osiyo tabiiy gaz tizimida shoklarni boshdan kechirib keladi. Muttasil uzilishlar, qishki mashaqqatlar. Bolqon va Markaziy Osiyoda, xususan, taqchillik keng va infrastruktura zaif. Ta'minot va texnologik sharoit talabga javob bermaydi.
Gaz omborlari xavfsizlantirilmagan, bunday inshootlar yetishmaydi, deya ogohlantiradi Jahon banki ekspertlari. Ukraina, Rossiya bilan urushga qaramasdan, bu jihatdan ilg'or mamlakat sanaladi.
Jahon banki Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga gaz va ko'mirdan astalik bilan voz kechib, boshqa manbalarni rivojlantirishni tavsiya qilmoqda. Uzoq muddatda maqsad o'zi shu, deya bildiradi hukumatlar bank bilan yig'inlarda, biroq yaqin kelajakda ulkan progress kutmang.
Bankning yetakchi mutaxassisi Silviya Dotsi ta'kidlashicha, ko'mir sanoatini bosqichma-bosqich tugatish jahon miqyosida yuz berayotgan jarayondir va mintaqa, agar istasa, buning uddasidan chiqa oladi.
Rossiyani hisobga olmaganda, zaharli gazning 42 foizi Yevropa va Markaziy Osiyoda aynan ko'mir bilan bog'liq inshootlardan chiqadi. Energiyaga talabning deyarli uchdan bir qismi ko'mir bilan qondiriladi.
Gazga tobora kamroq tayana boshlangani aniq, deydi ekspertlar. 2019-yilda 46 foiz edi, 2060-yilga borib, 16 foizga tushishi taxmin qilinadi.
Quvvatni ayab ishlatish, yangi texnologiyalarni ishga solish va energetika manbalarini xilma-xillashtirish - xalqaro tashkilotlar har bir davlatni bugun shunday choralar ko'rishga chaqirmoqda.
Jahon banki kelasi qariyb 45 yil uchun dastur ishlab chiqqan. "Net Zero Energy by 2060" deb ataluvchi reja amalga oshishi uchun 2040-yilgacha Yevropa va Markaziy Osiyo o'z sanoatlarini butkul tozalashi shart.
Har qanday biznes, jumladan tijoriy imoratlar, 2050-yilgacha atrof-muhitga zararni eng past darajaga tushirishi kerak. 2055-yilgacha esa turar-joylardan nol miqdorda zaharli gaz chiqayotgan bo'lishi zarur.
Dekarbonizatsiya deya ta'riflanuvchi bu protsess hoziroq boshlansin, deydi Vashingtonda bir davraga yig'ilgan tadqiqotchilar. Toza energiya, ular nazarida, xayoliy narsa emas, reallasha boshlagan holat.
Bu dastur amaliyoti Yevropa va Markaziy Osiyoga kamida 4,7 trillion dollarga tushadi, deyiladi Jahon banki tahlilnomasida. Bu - hududdagi barcha mamlakatlarning yillik yalpi ishlab chiqarishning 3,9 foizidir.
Jahon bankidan Charlz Kormiyer, Xalqaro energetika agentligidan Tim Gud, Kolumbiya universitetidan Tatyana Mitrova to'siqlar va taqchilliklarni tahlil qilar ekan, hukumatlarni bir-biri bilan yaqindan ishlashga, o'zaro tajriba almashishga chorlaydi.
Ularning urg'u berishica, mablag' topish bir sinov, ammo to'g'ri qadamlar tashlay olish, effektiv siyosat yurita bilish - eng muhimi.
Jahon miqyosida olinayotgan darslar:
- Energetikani ayab ishlatishga o'tish unga talabni kamaytiradi. Texnologiya buni osonlashtirmoqda, ammo madaniy-ijtimoiy jihatdan o'zgarib, ya'ni yangi odatlarni joriy etish kerak. Masalan, isrofgarchilikka qarshi kurashni tinimsiz olib borish zarur.
- Iroda kuchli bo'lsa va mablag' topilsa, muqobil energetikani taraqqiy ettirish ko'p vaqt olmaydi. Quyosh, shamol va boshqa manbalar potensiali yuqori.
- Toza vodorod 2060-yilga borib, Yevropa va Markaziy Osiyoda energiyaning 10-13 foizini tashkil etishi mumkin. Uglerod bahosi ko'tarilishi kutiladi.
Ukrainada davom etayotga urush, Rossiya bilan energetik hamkorlikning cheklanishi, unga muqobil tashuvchilar topish, surunkali taqchillik va mavsumiy uzilishlar, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari orasida hamkorlik sustligi, rivojlanish darajasi orasidagi tafovut, siyosiy tizimlar o'rtasidagi keskin farqlar va va'dabozlik hammaga birdek ziyon keltiradi.
Yevropa va Markaziy Osiyo aholisi dunyoning 6,3 foiziga teng, jahon iqtisodiyotining esa 7 foizidir.
Jahon banki hududga yetti qismda qaraydi: Markaziy Osiyo (5 respublika), Kavkaz, Yevropa Ittifoqi (Fransiya, Germaniya, Italiya va Britaniya), shuningdek, Rossiya va Belarus, Turkiya, Ukraina va Moldova hamda G'arbiy Bolqon.