Breaking News

Energetik qaramlik: AQSh ekspert doiralarida Markaziy Osiyo tahlili


O'zbekiston va Qozog'iston - Markaziy Osiyo yetakchilari, lekin boshqa qo'shnilar qanchalik harakat qilmoqda? Turkmaniston tabiiy gazi uchun doimiy xaridorlarga ega ekan, vaziyatni o'zgartirishni xohlamaydi. Jorj Vashington universitetida bu va boshqa mavzular muhokama qilindi.
O'zbekiston va Qozog'iston - Markaziy Osiyo yetakchilari, lekin boshqa qo'shnilar qanchalik harakat qilmoqda? Turkmaniston tabiiy gazi uchun doimiy xaridorlarga ega ekan, vaziyatni o'zgartirishni xohlamaydi. Jorj Vashington universitetida bu va boshqa mavzular muhokama qilindi.

AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington universitetida kechgan forumda so'zlagan rossiyalik iqtisodchi, Post-industrial tadqiqot markazi asoschisi Vladislav Inozemtsev tahlilicha, Markaziy Osiyo davlatlari, sidqidildan xohlasa, Rossiyaga energetik jihatdan qaram bo'lmasligi mumkin.

"Respublikalarda buning uchun yetarlicha quvvat, ilm, tajriba va resurslar mavjud", - deya ta'kidlaydi u.

Inozemtsev Qozog'iston va O'zbekistonga bu sohada yetakchilik qila olishiga ishonadi.

Yevropa bozoriga boradigan yonilg'i baribir mintaqadan chiqmoqda, Rossiya vositachi xolos, deydi u. Yevropa Ittifoqiga yetkaziladigan neftning yarmi Qozog'istonga to'g'ri keladi. Fransiya kabi yirik mamlakatlar bejiz mintaqa bilan yaqindan ishlashga intilmayapti, deydi Inozemtsev.

"Qozog'iston va Rossiyaning eksport strukturalari o'xshash, shuningdek, uran va boshqa mahsulotlarni chiqarish tizimi ham".

Ukrainadagi qonli urush fonida O'rta koridor, Kaspiy dengizi orqali G'arbga mol uzatish sistemasining ahamiyati oshar ekan, Xitoy bu jihatdan regionga jon deb yordam beradi, deydi ekspert, chunki o'tayotgan tovarlar asosan undan keladi.

"Xitoy uzoq yillardan beri Rossiyaning nayranglaridan nolib keladi. Uni chetlab o'tgan holda Yevropaga chiqish Pekin uchun ayni muddao".

AQSh va Turkiya O'rta koridorni olqishlayotgani ham mintaqa uchun ulkan imkoniyat deb qaralmoqda.

Inozemtsev Vashingtonni va uning ittifoqchilarini Markaziy Osiyoga Rossiyaga nisbatan sanksiyalar yuzasidan bosim o'tkazmaslikka undaydi. Kreml baribir yo'lini topadi, deydi u, bosim esa mintaqani bezdirishi va G'arbning geosiyosiy maqsadlariga putur yetkazishi mumkin.

"Sanksiyalar borasida regionni tergagandan ko'ra, uning Rossiyaga muqobil energetika savdo yo'llariga aylanishi uchun hissa qo'shish ma'qul emasmi? Uzoq muddatda shu sizni va Markaziy Osiyoni kuchaytirmaydimi? Shu tarzda Rossiya rolini pasaytirish foydaliroq emasmi?"

"Zarur bo'lsa, inson huquqlari va boshqa masalalarga ham ko'z yumishga to'g'ri keladi, chunki sizga mintaqa bilan hamkorlik zarur. Urush davrida bunday og'ir qarorlar qabul qilish o'rinli", - deya maslahat beradi.

AQShning Turkmanistondagi sobiq elchisi Alan Mastard deydiki, Rossiya zaiflashgani sari Markaziy Osiyo jasurlashadi.

Regional muammolar talay, ammo uning o'ziga ishonchi oshgan. O'zaro bog'liqlikni anglab, savdoni kengaytirmoqda, transport tizimi ulanmoqda va rivojlanmoqda, g'arb va janub tomon tijorat qanot yozmoqda.

"Albatta bu ishlar xohlaganimizdek tez va jadal emas, bunday bo'lishi ham qiyin. Asosiy rolda Xitoy, chunki u eng yirik sarmoyachi va atrofdagi eng qudratli davlat", - deydi Mastard.

Rossiyaga ustun kelish, u orqali o'tadigan yo'llarga raqobatchi tizimlar joriy etish o'ta mashaqqatli vazifa, deydi iste'fodagi diplomat.

Rossiya regionning himoyachisimi yoki uning xavfsizligiga tahdid? Bu kabi savollar ham yangrayveradi. Afg'oniston va Eron hali uzoq payt boshog'riq bo'ladi, deya taxmin qiladi Mastard.

"Biroq tijorat ko'lami oshadi, rivojlanish ham bo'ladi, chunki talab kuchli", - deydi u.

O'zbekistonning AQShdagi elchisi o'rinbosari G'ulom Pirimqulov ta'kidlashicha, uning davlatidagi siyosiy va iqtisodiy islohotlar davomiy va bu yo'nalishlarda orqaga qaytirlmaydi.

Iqtisodiyotni liberallashtirish, turmush sifatini oshirish, tadbirkorlikni quvvatlash, qonun ustuvorligini ta'minlash va huquqiy kafolatni mustahkamlash, deydi diplomat, O'zbekiston rahbariyati uchun birlamchi maqsadlardir.

Toshkentga ko'ra, tashqi siyosatda qo'shnilar bilan hamkorlik, ular bilan hamjhatlik va serqirra sheriklik birinchi o'rinda.

Pirimqulov deydiki, uning hukumati energetik mustaqillik istaydi va shu bois muqobil manbalarni rivojlantirish payida. O'zbekiston sarmoya jalb etish uchun tizimni shaffoflashrirish, osonlashtirish va har tomonlama takomillashtirish harakatida, deydi diplomat.

Jahon savdo tashkilotiga kirishga bel bog'lagan O'zbekiston, uning so'zlariga ko'ra, regionning biznes yuragi bo'lmoqchi.

Forumni yaqindan kuzatgan va spikerlarni tinglagan Pirimqulov fikricha, mintaqa xususidagi anjumanda vaqtni Rossiya va Xitoy muhokamasi uchun sarflamay, Markaziy Osiyodagi bugungi dinamikaga, regional hamkorlik kengayib borayotganiga urg'u berish kerak.

2022-yil oxiridagi statistikaga ko'ra, mintaqada yalpi mahsulot 358 milliard dollarni tashkil etgan. Bu salmoqli o'sishdan darak, deydi diplomat. O'zaro savdo 11 milliard dollarga yetgan.

Jeymstaun fondidan ekspert Margarita Assenova Rossiyaning Ukrainadagi urushi Markaziy Osiyoni siyosiy-iqtisodiy birdamlikka majbur qilganini aytadi. Rossiya atrofidagi boshqa mintaqalarda ham shunday holat, deydi u.

"Urush Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlariga ayrim muammolarini hal etish uchun fursat bo'ldi, chunki Rossiya o'z mojarosi bilan ovora. Bu esa mintaqalar uchun kelajakni belgilash sari qulay imkoniyat", - deydi Assenova.

Amerika va Yevropa bilan yaqinlashishga harakat kuchaydi, ayniqsa Yevropa Ittifoqi ildam javob bermoqda, xususan bizneslar va sarmoyachilar, deya kuzatadi mutaxassis.

Assenova ham O'rta koridor potensialini yuqori baholaydi, ammo yangi transport tizimlari yaratish uzoq vaqt va katta mablag' talab qilishini ta'kidlaydi. Neftni jahon bozoriga chiqarish hali ancha payt Rossiya orqali amalga oshiriladi, deydi u.

"Jahon Markaziy Osiyoga Xitoy va Rossiya orasidagi strategik mintaqa sifatida qaraydi va bu to'g'ri nazar. Iqtisodiy rivojlanish va global bozorning ajralmas qismiga aylanish - tabiiy maqsad. Biroq real progress uchun Markaziy Osiyo va Kavkaz bir yoqadan bosh chiqarishi kerak bo'ladi, bir-biriga yordam berishi kerak", - deydi Assenova.

Jorj Vashington universitetida so'zlagan mutaxassislar Markaziy Osiyoda regional birdamlik zarurati yuzasidan yakdil. Davlatlar shu kungacha orttirgan tajribasiga tayanishi, dunyoga ochilaverishi, xalqqa va'da qilgan islohotlarni jadallashtirishi kerak, deydi ekspertlar.
Jorj Vashington universitetida so'zlagan mutaxassislar Markaziy Osiyoda regional birdamlik zarurati yuzasidan yakdil. Davlatlar shu kungacha orttirgan tajribasiga tayanishi, dunyoga ochilaverishi, xalqqa va'da qilgan islohotlarni jadallashtirishi kerak, deydi ekspertlar.

Amerikalik tadqiqotchi Stiven Blenk nazarida eng og'ir sinov atrof-muhit, iqlim va suv bilan bog'liq.

"Bu mashaqqatlar bilan kurashishni esa Markaziy Osiyoning o'zi eplay olmaydi. Ular ko'rayotgan choralar xalqaro maydondagi boshqa harakatlar bilan hamohang bo'lishi shart", - deydi u.

Iqtisodiy va demografik omillar hamda sog'liqni saqlash tizimidagi muammolarning oqibatlari boshqalarga ham ta'sir qiladi, deydi Blenk, shu bois G'arb region bilan ishlashda bu sohalarga e'tiborni oshirish lozim.

Korrupsiya, inson huquqlari og'ir ahvolda ekaniga ko'z yummaslik zarur, aks holda xalqdan uzoqlashasiz va o'z manfaatlaringizga ham zarar yetkazasiz, deydi Blenk, Amerika va Yevropa hukumatlariga murojaat qilib.

Ekspertga ko'ra, G'arb bu yo'nalishlarda ishlashning yangicha, samarali yo'llarini topishi kerak, chunki shu kungacha qilgan takliflari, chaqiriqlari va olib borgan dasturlari yetarlicha ish bermagan.

"Ham ichkaridan, ham tashqaridan ta'sir o'tkaza olishimiz zarur, toki sarmoya qilishimiz uchun muhit yaxshilansin, davlatlar ham olg'a siljisin va bir-birimizni tushunaylik", - deydi Blenk.

Blenk fikricha, Rossiya kuchsizlandi, deya nog'ora chalish to'g'ri emas. Moskva o'z manfaatlari uchun turli shaklda kurashaveradi, bosimni pasaytirmaydi, deydi u.

Turkmaniston bilan ishlash naqadar mushkul ekanini AQShning u yerdagi sobiq elchisi Alan Mastard yaxshi biladi. Blenk tahlilicha ham Ashgabat mintaqaviy tashabbuslardan uzoq va Rossiyani ranjituvchi qadamlar tashlashni istamaydi.

Tabiiy gazi uchun doimiy xaridorlar bor ekan, ayni damdagi holatni yangilash niyatida emas. Qo'shnilar ular o'zgarishga unday oladimi? Buni ular xohlashadimi? Gap mana shunda, deydi tadqiqotchilar.

Blenk va forumda bir davraga yig'ilgan boshqa mutaxassislar Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqdagi azaliy jumboqlar, xususan Afg'oniston, Pokiston, Isroil-Falastin, Eron bilan bog'liq masalalar ham region taraqqiyotiga ta'sir qilishini e'tirof etadi.

Biroq ular regional birdamlik zarurati haqida yakdil. Markaziy Osiyo davlatlari shu kungacha orttirgan tajribasiga tayanishi, dunyoga ochilaverishi, erishilgan yutuqlarni boy bermasligi, xalqqa va'da qilgan islohotlarni jadallashtirishi kerak, deydi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG