26-yanvar kuni global tarmoqda taqdim etilgan hujjatli film "Oqlanmagan" deya nomlanadi. Salkam yarim soatlik, muayyan mavzuni izchil oydinlashtirgan kartinaning mohiyati - Islom Karimov boshqargan O'zbekistonda o'nlab ming odamlar mutaassiblik va konstitutsion tuzumga qarshilikda ayblanib, asossiz qamalgan va bu adolatsizlik uchun hozirga qadar ham hech kim javob bermayapti.
Asosan o'zbek tilidagi, inglizcha subtitrli filmni Vashingtondagi Markaziy Osiyo bo'yicha "Oxus" tadqiqot jamiyati ishlagan.
Loyihaga mintaqashunos ekspert Noa Taker boshchilik qilgan. Taker muharrir va prodyuser. Kadrlar O'zbekistonning taniqli videografi va fotografi Umida Ahmedova yetakchiligida olingan.
Film 1990-yillardagi O'zbekistonni tasvirlash bilan boshlanadi: mustaqillik va islomiy uyg'onish nafasi urib turgan respublikada Prezident Karimov boshida fuqarolarga sezilarli darajada diniy erkinlik bergan edi, degan iddaolar yangraydi.
Biroq 1998-yilga borib, davlat rahbari islom va musulmonlarga nisbatan repressiya yo'liga o'tdi. Buni ta'minlovchi qonunlar va qarorlar qabul qilindi. O'zbekistonda dindor bo'lish, xuddi Sovet davridagidek va balki undan ham keskinroq tarzda davlatga dushmanlik, tinchlikka tahdid sifatida ko'rila boshladi.
Karimov ma'muriyati nazoratga olinayotgan qatlamni xorijdagi radikal va terrorist guruhlar bilan bog'ladi. Hukumatga ko'ra, "Hizb-ut-Tahrir" O'zbekistonda keng qanot yozayotgan edi; yoshlarning miyasini zaharlab, islomiy tuzum o'rnatishni targ'ib qilayotgan edi. Bu xavfning va boshqa mutaassib to'dalarning ta'sirini bartaraf etish keskin choralar talab qiladi, degan siyosat olg'a surildi.
Hayotining 21 yildan oshig'ini qamoqda o'tkazgan Habibullo mana shu to'rga ilinganlardan va filmdagi bosh qahramonlardan biri. U - inson huquqlari faoli Ahmadjon Madumarovning "ekstremist" deya zindonband qilingan uch o'g'lidan biri. Jigarlari ham uzoq yillar panjara ortida o'tirgan.
Hikoyalar ularning ona shahri Marg'ilon, rang berilayotgan ipak, hunarmandchilik bilan band hudud fonida aks ettiriladi.
Filmda ta'kidlanishicha, Karimov davrida minglab fuqarolar terrorizm va davlatga xiyonatda ayblanib, qiynoqlar ostida iqrornomalarga imzo chekishga majbur bo'lgan.
Ahmadjon Madumarov repressiya uqubatlari, sudlanganlarning ota-onalari va oilalari chekkan azob haqida so'zlaydi.
2016-yilning oxirida O'zbekiston boshqa rahbar qo'liga o'tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev marhum ustozini qoralamadi. Mirziyoyev Karimov siymosini hurmat qilishini bot-bot ko'rsatib, xususan Samarqandda uning qabrini ziyorat qilib, uni xotirlab turadi.
Ammo Mirziyoyev mustaqil O'zbekistonning birinchi prezidentining siyosatini, ismini tilga olmasa-da, ko'p marta tanqid qilgan, jumladan o'sha yillardagi zulm va adolatsizliklar, korrupsiya va mas'uliyatsiz boshqaruvga ishora qilgan. Tub muammolarda oldingi hukumatni ayblagan.
2017-2018 yillarda Mirziyoyev Karimov davrida siyosiy motivlar bilan qamalgan qator insonlarni ozodlikka chiqardi, jumladan xalqaro inson huquqlari tashkilotlari e'tiboridagi shaxslarni.
Mirziyoyev qora ro'yxatlarni tan olib, ularga tushganlarning achchiq taqdirini e'tirof etgan. Filmda aytilishicha, 18 mingcha odam bu ro'yxatlardan chiqarilgan, ularga nisbatan jazolar yumshatilgan yoki qo'yib yuborilgan.
Prezident har yili yuzlab mahkumlarni, jumladan ekstremizm va terrorizm aybi bilan qamalganlarni ham afv etadi.
Huquq himoyachilari va xalqaro hamjamiyat amnistiyani olqishlaydi, ammo Karimov repressiyasi jabrdiydalarining ishi sistematik ko'rib chiqilishi, ular oqlanishi, reabilitatsiya qilinishi, adolatsizlik qurboni bo'lgani ochiq tan olinishi kerak, degan undov hamon kuchli.
Toshkentdan signal shuki, hukumat bu mavzu muhokamasiga ochiq emas. G'arb delegatsiyalari siyosiy va diniy mahkumlar masalasini ko'targanida odatda Mirziyoyev ma'muriyatidan bevosita toki bilvosita qisqa javob oladi: respublikada, mutasaddilarga ko'ra, siyosiy va diniy mahkumlar yo'q. Qamoqda o'tirganlar - jinoyatchilar. Chiqqanlar esa qonunga bosh egishi shart; jamiyatda yana o'rnini topish ularning asosiy vazifasi va maqsadi bo'lishi kerak.
O'zbekiston rahbariyati shu tariqa oldingi prezident yuritgan siyosat va u davridagi repressiya uchun mas'uliyatni o'z bo'yniga olmasligini, bu qozonni ochishni xohlamasligini bildirib keladi.
Biroq BMTdagi tegishli idoralar, inson huquqlari tashkilotlari, erkinlik va qonun ustuvorligini targ'ib qiluvchi guruhlar uchun bu mavzu hamon bag'oyat dolzarb.
Ahmadjon Madumarov va boshqa huquq faollari deydiki, sobiq mahkumlarning aksariyati turmushini tiklay olmaydi, ularga ish va imkoniyatlar yo'q, ularning dardi bilan tizim jiddiy shug'ullanmaydi.
Ya'ni, huquq himoyachilari va "Oxus" hujjatli filmida so'zlagan o'zbekistonliklar fikricha, O'zbekistonda minglab insonlar haliyam dindorligi uchungina qamoqda. Chiqqanlar ekstremist degan tamg'a bilan yashaydi. Ular davlatga yoki yurtdoshlariga qarshi jinoyat qilmaganini aytadi. Bu odamlar ishi qayta ko'rib chiqilishini so'rab kelmoqda.
Prezident afv etishi uchun mahkum qilmishidan pushaymon ekanini isbotlashi kerak. Huquq himoyachilari deydiki, bu - adolatsiz shart, chunki aybsiz odam qilmagan ishini qildim deyishga majbur bo'ladi.
Mutasaddilarga ko'ra esa hukumat hech kimni bunday deyishga zo'rlamaydi, kechirilayotgan mahkumning panjara ortidagi axloqi elakdan o'tkaziladi.
Shu kunlarda Amerikadan O'zbekistonga bir guruh mutaxassislar safar qilib, mamlakatda diniy erkinlik bilan bog'liq ahvol qanday ekani bilan tanishdi.
Masjidlar, cherkovlar va boshqa ibodatxonalarga borgan mehmonlar rasmiy va norasmiy doiralar bilan gaplashdi. Ta'lim maskanlarida va ma'rifiy markazlarda bo'ldi.
AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissyasi yillik hisobotlarida O'zbekistonda minglab diniy mahkumlar bor, deb qayd etilganida Toshkent bu son qayerdan olindi, asos qani, deb so'rab turadi. Raqamlar asosli va javob aslida hukumatda, deydi amerikalik ekspertlar, ma'lumot yolg'on bo'lsa, rostini berishsin, qancha odam ekstremizm va terrorizmda ayblanib, jazolanayotganini ochiq bildirsin.
"Oqlanmagan" hujjatli filmi o'tmishga baho bersa-da, bugungi O'zbekistondagi murakkablikni ochib beradi. Adolat va'da qilingan, qani? Rahbariyat inson huquqlari, erkinliklar, xalqaro normalar e'zozlanadi, deya so'z bergan, xalqqa va xalqaro hamjamiyatga. Buni qanchalik uddalayapti?
Filmdagi ovozlarga tayanilsa, o'nlab ming odam najot kutib o'tiribdi. Umidni boy berishni xohlamaydi, chunki bundan-da og'ir kunlarga bardosh bergan, ammo nomi oqlanishini, sha'niga tushirilgan dog' artilishini istaydi.