Breaking News

Markaziy Osiyo suv-energetika yuzasidan kelishib, tizimlarni yangilashi zarur


Toshkent viloyati, 22-yanvar, 2023
Toshkent viloyati, 22-yanvar, 2023

Suv va energetika bilan bog'liq masalalarni biror davlatning o'zigina hal qilolmaydi. Muntazam regional hamkorlikni yo'lga qo'yish vaqti keldi va o'tmoqda, deydi ekspertlar.

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlarning Markaziy Osiyodagi oqibati, umumiy manzaraga qaralsa, hozircha mana bunday: muzliklarning uchdan biri tamoman erib bitgan, o'rtacha harorat ikki baravar ko'tarilgan, suv ta'minoti 1960-yillardan beri kamida to'rt baravar kamaygan, havo zaharlangan, ekinzorlarning samaradorligi pasaygan. Bunday keskin muhitda energetika tizimi ham xarob ahvolda.

O'zbekiston, Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston va Turkmaniston aholisi qo'shilganda, endilikda 80 milliondan oshgan. Suv va yonilg'iga talab kun sayin oshib bormoqda. Ayniqsa kunlar sovugan paytdagi ahvol tahlil qilinsa, mintaqa bo'ylab ta'minot chatoq. Yillik qishki inqiroz normal holatga aylanib bormoqda, besh respublikaning hammasida.

Suv resurslari biror mamlakatda oshmagan, balki ozaygan, deyiladi Kaspiy siyosiy tahlil markazi (Caspian Policy Center) shu kunlarda chiqargan tahlilnomada.

O'zbekistonda qishda nafaqat qishloq joylarda, balki shaharlarda ham tok uzilishi va gas bosimi kamayishi kundalik holatga aylangan. Mutasaddilarga ko'ra, mavjud tizimlar tobora oshib borayotgan talabni qondirishga qiynalmoqda.
O'zbekistonda qishda nafaqat qishloq joylarda, balki shaharlarda ham tok uzilishi va gas bosimi kamayishi kundalik holatga aylangan. Mutasaddilarga ko'ra, mavjud tizimlar tobora oshib borayotgan talabni qondirishga qiynalmoqda.

Vashingtonda asoslangan tashkilot O'zbekiston va Tojikiston rahbarlarining so'nggi paytlarda xalqaro minbarlarda bildirayotgan xavotirlarga diqqat qaratib, Markaziy Osiyo aholisining uchdan bir qismi toza suvga zor, deya ogohlantiradi.

Suvsizlik sabab hozirda mintaqada yerning 20 foizi dashtlikka aylangan. Cho'llashish tezlashib, regionda yashovchilarning kamida 30 foizi bevosita zarar ko'rmoqda.

Markaziy Osiyoda har oltinchi odam suv tanqis joyda istiqomat qiladi. Mintaqa ahlining 60 foizi qishloq xo'jaligida tirikchilik qiladi.

Qozog'iston poytaxti Ostonada 1,4 millionga yaqin aholining yarmiga yaqini ichimlik suvini har kuni boshqa joydan olib kelishga majbur.

"Markaziy Osiyo liderlari bu masalani muhokama qila boshlagan. Regional yig'inlarda ekologiya va obi-hayotga ko'proq ahamiyat berilayotgani - ijobiy o'zgarish", - deydi Erik Rudenshiold, Oq uy sobiq rasmiysi, Markaziy Osiyo bilan uzoq yillar davomida ishlagan arbob, hozirda Kaspiy siyosiy tahlil markazida ekspert.

Biroq suv bo'yicha dialog hali jadallashmagan, ziddiyatlar talay.

"Suv muammosi yaqin va izchil hamkorlik talab qiladi. Suv, havo, energiya, oziq-ovqat, aholi va har qanday mojaro o'zaro bog'liq. Suv bilan bog'liq masalalar yechilmasa, har bir jabhaga ziyon yetadi", - deydi Rudenshiold.

O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasi, 2022-yilning yozi
O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasi, 2022-yilning yozi

Mintaqaning ikki yirik suv yo'nalishi - Sirdaryo va Amudaryo - Sovet siyosati sabab izdan chiqib, Orol dengizi quridi. Dengizning 75 foizi endi yo'q. Suvning 10 foizi qolgan.

Hukumatlar daryo va ko'llarning taqdiri xususida turlicha pozitsiyalarda. Paxta va guruch singari ko'p suv so'raydigan ekinlar uchun qayerda qancha maydon ajratayotgani borasida davlatlar o'zaro maslahatlashmaydi.

Eskirgan irrigatsiya va kanalizatsiya ham yerda tuzning ko'payishiga hissa qo'shadi. SSSR davrida barpo etilgan inshootlar yangilanmagan, investitsiya zarur.

Orolbo'yi deb kelingan Qoraqalpog'iston endilikda asosan cho'l. Markaziy Osiyoning ekologik jihatdan eng og'ir muhiti deganda, olimlar O'zbekistonning shu g'arbiy mintaqasini nazarda tutadi.

Ammo bunday hududlar ko'payib bormoqda, xususan Qozog'istonning Mangistau viloyati. O'tgan yillarda Mangistau qurg'oqchilikdan azob chekib, minglab qoramol va chorva nobud bo'lgan, qishloq xo'jaligi kichraygan.

Qozog'istonning yarmidan oshig'ida suv ta'minoti yaqin kelajakda yangilanmasa, deydi mutaxassislar, bugun mamlakat ichimlik va oziq-ovqat inqirozi bilan yuzlashadi.

O'sh, Qirg'iziston, iyul, 2014
O'sh, Qirg'iziston, iyul, 2014

Rudenshiold tahlilicha, mintaqa hali ham Sovet davriga xos barter tizimida kun ko'radi, ya'ni suv resurslariga boy Qirg'iziston va Tojikiston ulardan boradigan ob-hayotni katta miqdorda iste'mol qiladigan O'zbekiston va Qozog'iston bilan mahsulot almashadi, ya'ni suv evaziga quvvat.

Gidroelektrostansiyalarni ko'paytirishga bel bog'lagan Tojikiston va Qirg'iziston qo'shni davlatlarning qarshiligiga uchrab, Toshkent bu ikki davlatga energiya ta'minotini uzgan, bunga javoban esa Bishkek O'zbekistonga suvni kesgan damlar bo'lgan.

1990-2000 yillarda hatto Turkmaniston va O'zbekiston suv talashib, o'q almashgan. Tojikiston va Qirg'iziston chegara hududlarida yaqin o'tmishda obi-hayot yuzasidan kelishmovchiliklar qonli voqealarga yetaklagan.

Afg'onistonda Tolibon ma'muriyati O'zbekiston bilan chegarada Amudaryodan yangi kanal ochib, ko'proq suvni o'ziga tortishga ahd qilgan. Toshkent bundan norozi, masalani tinch yo'l bilan hal etish niyatida, ammo qurilish avj olgani sari O'zbekiston xavotiri ortib bormoqda.

"Markaziy Osiyoning eng ko'p aholiga ega respublikasida suv va energiyaga talab misli ko'rilmagan darajada yuqori", - deya ta'kidlaydi Rudenshiold.

Kerakli suvning atigi 20 foizi O'zbekistonning o'zidan chiqadi, qolgani esa chetdan. Mamlakat qishloq xo'jaligida suvning taxminan 36 foizi yaroqsiz irrigatsiya tizimlari sabab isrof bo'ladi. Ekinzorlarning kamida 70 foizi eskirgan usullarda sug'oriladi.

Chorvoq suv ombori, Toshkent viloyati, avgust, 2023
Chorvoq suv ombori, Toshkent viloyati, avgust, 2023

Markaziy Osiyo bo'ylab suv omborlari ta'mirga muhtoj. Bu orada esa Kaspiy dengizi ham quriy boshlagan. Dengizning Qozog'istonga tegishli qismlari sayoz, buning ustiga suv sathi pasayib bormoqda. Rossiya Volga daryosida GESlarni ko'paytirgani uchun, qolaversa, Qozog'istonning samarasiz siyosati sabab, deydi ekspertlar, dengizga suv kelishi kamaygan.

"Mintaqa hukumatlari energetik tizimlarni birgalikda yangilashi, yashil texnologiyaga o'tib, yirik sanoatlar uchun uzoq va yaqin muddatda qancha suv va quvvat talab qilinishi borasida aniq ma'lumotlar va tushunchaga ega bo'lishi lozim", - deyiladi Kaspiy siyosiy markazi tahlilnomasida.

"Bu ishlarni qilish uchun katta mablag' va xalq quvvatlovi zarur", - deydi Rudenshiold.

"Biror davlat buni o'zigina hal qilolmaydi. Muntazam regional hamkorlikni yo'lga qo'yish vaqti keldi va o'tmoqda".

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG