Breaking News

Suv siyosati: Quyi va yuqori davlatlar va kanal qurayotgan "yangi ishtirokchi"


Markaziy Osiyoda yildan yilga suv tanqisligi ortib, mintaqa daryolari oqimining yuqori davlatlari – Qirg‘iziston, Tojikiston, hamda quyi davlatlar – O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston manfaatlari to‘qnashayotgan bir paytda, uchinchi tomon - Afg‘oniston ham paydo bo‘ldi.

Transchegaraviy daryolar suvi taqsimoti va Markaziy Osiyoda suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini belgilaydigan tashkilotga "Qo‘shtepa" kanalini qurayotgan Tolibon ham taklif etilishi mumkin.

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlat rahbarlari kengashining 15-sentabr kuni Dushanbeda o‘tkazilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shunday taklif bilan chiqdi.

Mirziyoyev kengashni isloh qilish haqida qator takliflar bildirar ekan, "Qo‘shtepa" kanali qurilishiga ham alohida to‘xtaldi.

"Mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi. Afg‘on tomoni kanalni qurish bo‘yicha faol ish olib borayotganini yaxshi bilasiz. Uning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. "Qo‘shtepa" kanalining qurilishi va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga ta’siri bilan bog‘liq barcha jihatlarni mamlakatlarimizdagi tadqiqot institutlarini jalb etgan holda o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhini shakllantirish zarur, deb hisoblaymiz. Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etamiz", - dedi O’zbekiston rahbari.

Bu masala yuzasidan tashkilotning boshqa a’zolari – Tojikiston, Qozog‘iston va Turkmaniston fikr bildirmadi.

Ammo Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga Qirg‘iziston qayta qo‘shilishiga umid bildirdi. Buning uchun tashkilot o‘z ichki tartibini qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirishi lozimligini ham ta’kidladi.

Rasmiy Bishkek jamg‘arma suvga elektr energiya manbai sifatida qaramasligi tufayli Qirg‘izistonning bu tashkilotga a’zoligini 2016-yilda "muzlatib" qo‘yishga qaror qilgan.

Dushanbe yig‘ilishida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ham mintaqada suv va elektr energiyasi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekanligini ta’kidlab, tashkilot ichki hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishi lozimligini ta’kidladi. Mirziyoyev ham O‘zbekiston jamg‘armaning huquqiy asoslarini takomillashtirish va institutsional mexanizmlarini modernizatsiya qilish tarafdori ekanligini bildirdi.

"Jamg‘armani rivojlantirish va isloh etish jarayonlarini tarmoqlararo tamoyil asosida, ya’ni zamonaviy ekologik tahdidlarni hisobga olgan holda, "suv – energetika – oziq-ovqat" tartibidagi kompleks yondashuvlar negizida amalga oshirish muhimdir", - dedi Mirziyoyev.

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi 1993-yilda tuzilgan. Markaziy Osiyoda transchegaraviy daryolar suvi taqsimoti va umuman mintaqada suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini belgilaydigan tashkilot. Jamg‘arma Markaziy Osiyoning besh davlat rahbarlari – Nursulton Nazarboyev, Islom Karimov, Saparmurod Niyozov, Askar Akayev va Emomali Rahmon tashabbusi bilan tashkil etilgan edi.

Quyi davlatlar neft mahsulotlarini yuqori qo‘shnilarga hatto arzonroq narxlarda ham bermadi. Biz ham quyi qo‘shnilarga, "bizga neft beringlar, aks holda biz suvni berkitamiz", deya olmaymiz.

Ammo 2016-yildan buyon Qirg’iziston uning faoliyatida ishtirok etmaydi. Mamlakat sobiq prezidenti Almazbek Atambayev jamg‘arma o’z faoliyatida suvdan foydalanishning gidroenergetika jihatlarini va mintaqadagi alohida davlatlarning ehtiyojlarini hisobga olmaydi, deb hisoblardi.

Qirg‘iziston tomonidan bir necha bor taklif etilgan islohotlar amalga oshirilmay kelinayotgan edi. Mustaqil tahlilchilar fikricha, endilikda rejalanayotgan islohotlarga Afg‘onistonda "Qo‘shtepa" kanalining qurilishi turtki berayotgan bo‘lishi mumkin.

Qirg‘izistonlik iqtisodchi Iskandar Sharsheyev “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, mintaqada suvga ham boshqa tabiiy boyliklar kabi mahsulot sifatida qarash adolatdan bo‘lar edi.

"Mintaqa daryolari Tojikiston va Qirg‘izistonda shakllanadi. Quyi davlatlar esa suvni tekinga oladi, ammo o‘z hududlaridagi uglevodorod boyliklarini baham ko‘rmaydi. Bir paytlar Nazarboyev "suv xudo tomonidan in’om etilgan", degan edi. Ammo hech kim unga javoban "neft ham xudo tomonidan berilgan", demadi. Quyi davlatlar neft mahsulotlarini yuqori qo‘shnilarga hatto arzonroq narxlarda ham bermadi. Biz ham, quyi qo‘shnilarga, "bizga neft beringlar, aks holda biz suvni berkitamiz", deya olmaymiz. Kelgusida muammo yana ham dolzarblashadi va murakkablashadi. Bu yeda ikki ssenariyni ko‘rish mumkin. Birinchisi, suvni adolat yuzasidan taqsimlab, foydalanishga erishiladi. Ikkinchisi, suv ortidan mintaqada katta mojarolar, urushlar qo‘zg‘aladi", - deydi u.

Suv xo‘jaligi mutaxassisi Abdulatif Sultonzoda fikricha, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasida islohotlar o‘tkazilishi bilan bu tashkilotga Qirg‘iziston qayta qo‘shilishini taxmin qilish mumkin, ammo "Qo‘shtepa" kanali quruvchilarining bu tashkilotga qo‘shilishi masalasida aniq bir fikr aytish imkonsiz.

"Qirg‘izistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasidagi faoliyatini davom ettirishi haqiqatdan yiroq emas. Katta ehtimol bilan bu tashkilot raisligi Qozog‘istonga o‘tgan kelgusi yillarda yuz beradi. Tashkilot ichki tizimida ham islohotlar, o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Bu Qirg‘iziston kutgan o‘zgarishlar ham bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Qirg‘iziston tomonining talabini ham to‘g‘ri talqin qilish kerak. Masalan, Sirdaryo suvining taqriban 75 foizi Qirg‘izistonda shakllanadi. Xuddi shunday Amudaryo suvining 72-73 foizi Tojikistonda shakllanadi, ammo har ikki daryo suvidan asosan quyi davlatlar foydalanadi. Oqimning yuqori qismida joylashgan davlatlar manfaatlarini ham hisobga olish adolatdan bo‘ladi", - deydi Sultonzoda.

Suhbatdosh fikricha, "Qo‘shtepa" kanali qurib bitirilsa, u O‘zbekiston va Turkmanistonga katta ta’sir qiladi. Shuning uchun bu ikki davlat Afg‘onistonning ham muzokara stoliga o‘tirib, huquq va mas’uliyatlarni o‘z zimmasiga olishini istaydi.

"Afg‘oniston tomoni ham Amudaryodan suv olar ekan, ular ham mintaqada suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini belgilaydigan tashkilotga a’zo bo‘lishi to‘g‘ri. Mintaqada yuzaga kelgan holatda masalaning yechimi haqiqatdan ham shu yerda. Adolat yuzasidan qarasangiz, Afg‘oniston tomoni ham Amudaryodan suv olishga haqli, ammo shu bilan birga mas’uliyat va majburiyatlarni ham o‘z zimmasiga olishi kerak. Belgilangan miqdorda suv olishi va undan to‘g‘ri foydalanishi shular jumlasidan. Afg‘oniston tomoni shu mas’uliyatni zimmasiga oladimi? Kelishuvga erisha olishadimi? Hamma gap ana shunda. Bir kun kelib shunday bo‘lar, albatta. Ammo bu yaqin yillar ichida bo‘ladimi, bu savolga javob berish qiyin. Chunki Tolibon hokimiyatni egallab olganidan beri ko‘plab xalqaro normalarni zimmasiga olishdan bosh tortib yoki bergan va’dalariga rioya qilmay kelmoqda", - deydi Sultonzoda.

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining Qozog‘istondagi ijroiya direksiyasi rahbari Bolat Bekniyazning aytishicha, "Qo‘shtepa" kanalining ta’siri Qozog‘istonda ham seziladi.

"Qozog‘iston Amudaryodan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suv olmaydi. Ammo agar "Qo‘shtepa" kanali qurib bitkazilsa va u Amudaryoning ma’lum bir qism suvini ola boshlasa, uning ta’siri O‘zbekiston orqali Qozog‘istonda ham sezilishi mumkin. Chunki O‘zbekistonga Amudaryodan olinadigan suv hajmi kamayishi natijasida Sirdaryodan oladigan suv hajmi ortishi mumkin. Shu sababli mintaqadagi har qanday o‘zgarish, ayniqsa suv tanqisligi Qozog‘istonga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shuning uchun "Qo‘shtepa" kanali ishga tushsa, Qozog‘istonga ham ta’sir qilmay qolmaydi", - deydi Bekniyaz.

Markaziy Osiyodagi ikki yirik transchegaraviy daryodan biri – Sirdaryo Qirg‘izistondan boshlanib, Tojikiston orqali o‘tib O‘zbekistonga va undan o‘tib Qozog‘istonga boradi.

Qozog‘iston Sirdaryo oqimining eng quyi qismida joylashganligi uchun ham mintaqada suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini belgilash va unga rioya qilinishidan manfaatdor.

2019-yildan beri Tojikiston zimmasida bo‘lgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi raisligi 2024-yil boshidan uch yilga Qozog‘istonga o‘tadi. Prezident To‘qayev raislikni qabul qilar ekan, uning faoliyati yana ham samarali bo‘lishi uchun raislikni rotatsiyadan ko’ra bir shaharda doimiy amal qiladigan shaklga o‘tkazish taklifini bildirdi.

Shuningdek, buning uchun Ostona shahrini taklif etib, boshqa ishtirokchilar rozilik bersa, Qozog‘iston tomoni doimiy faoliyat qiladigan jamg‘arma idorasini tashkil etishi mumkinligini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG