Breaking News

Qozog'istonda islohotlar qanday ketyapti?


Olma-ota, Qozog'iston: 2022-yildagi g'alayonlarda vayron qilingan shahar hokimiyati binosi hozirda tiklangan
Olma-ota, Qozog'iston: 2022-yildagi g'alayonlarda vayron qilingan shahar hokimiyati binosi hozirda tiklangan

Qozog‘istonda Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev tomonidan tayinlangan yangi hukumat kelgusi besh yil ichida iqtisodiyot hajmini oshirish va ko‘p yillik korrupsiya oqibatlarini tozalash kabi katta vazifalarni o’z zimmasiga olgan.

To’qayev 5-fevral kuni bosh vazir Alixon Smoilov va uning hukumati iste’fosini qabul qilib, ertasiga prezident idorasining 43 yoshli boshqaruvchisi Oljas Bektenovni bosh vazir etib tayinladi.

Bektenov hukumatda rahbar lavozimlarda ishlash tajribasiga ega boʻlmasa-da, To’qayevga sodiqligi uchun tanlangan deb koʻriladi.

Bundan tashqari, To’qayev Bektenovning “iqtisodiy va boshqa sohalardagi ulkan bilimi” va “katta tashkilotchilik qobiliyati”ni ta’kidlagan bo‘lsa-da, boshqalar bunga shubha bildirdi.

“U prezidentga sodiq va uning ishonchini qozongan”, - dedi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Olmaotadagi “Siyosiy yechimlar markazi” tahlil markazi direktori Shalkar Nurseitov.

To’qayev o‘z lavozimini tark etishi kerak bo‘lgan 2029-yilgacha iqtisodiyot hajmini 450 milliard dollargacha oshiradigan iqtisodiy inqilobni amalga oshirishni ko’zlamoqda.

Buning uchun, hukumat hisob-kitobiga ko‘ra, valyuta kursi o‘zgarishi va kelgusi yillarda iqtisodiyot har yili kamida 6 foizga o‘sishi kerak. O‘tgan yili mamlakat yalpi ichki mahsuloti 5,1 foizga o‘sdi.

Smoilov hukumati iste'foga chiqqanidan so'ng, prezident sobiq Vazirlar Mahkamasini tanqid qilib, byudjetning past samaradorligi, soliq siyosati va davlat mablag'lari sarflanishidagi muammolardan shikoyat qildi.

“Budjet va soliq siyosati samaradorligini tubdan oshirish kerak. Bu hukumat oldida hali ham byudjetni samarali boshqarish va byudjet parametrlari bo‘yicha sifatli prognozlar tuzish vazifasi turibdi”, — dedi To’qayev.

"Yana bir tizimli muammo - bu byudjet mablag'larini sarflash usuli, chunki u iqtisodiy faollikni rag'batlantirmaydi, biroq pul darhol muammolarni hal qilishga sarflanadi, strategik maqsadlar esa orqa o'rinda turadi", - dedi u 7-fevral kuni yangi hukumat yig'ilishiga raislik qilar ekan.

Soliq islohoti taklifidan chekinish

Bektenov hukumati 2023-yilda 6,2 milliard dollarga baholangan byudjet taqchilligini kamaytirish uchun Qozog‘istonning qo‘shilgan qiymat solig‘ini oshirish bo‘yicha sobiq Vazirlar Mahkamasi taklifidan allaqachon orqaga chekindi. Bu taklif stavkani 12 foizdan 16 foizga ko‘tarishni mo’ljallagan edi.

“Ekonomist.kz” iqtisodiy tahlil sayti asoschisi Qosimxon Kapparovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, QQS tuzilmasi asosan neft gigantlari “Chevron” va “Shell” kabi yirik korporatsiyalarga foyda keltiradi, chunki ular xorijiy sarmoyador yoki eksportchi sifatida uni qaytarib olishlari mumkin.

To’qayev biznesning qarshiliklari tufayli soliqni oshirish rejasini tanqid qildi va uni “islohot” qilishga chaqirdi. Keyinroq Bektenov bu rejadan voz kechishini aytdi, lekin uning o'rni qanday qoplanishi va hukumat o'zining ulkan o'sish maqsadlariga qanday erishishi haqida ma’lumot bermadi.

Nazarboyev davrida noqonuniy o‘zlashtirilgan mulklarni qaytarib olishda Bektenovning korrupsiyaga qarshi kurash rolida olib borgan faoliyati uning xo‘jayinini xursand qilgan ko’rinadi. U noqonuniy aktivlarni qaytarib olish harakatlari davom etishini aytdi. Hukumat ma'lumotlariga ko'ra, o'tgan yilning oxirigacha davlat qariyb 2,2 milliard dollar, shu jumladan, xorijdan 600 million dollarni qaytarib olgan.

“Siyosiy yechimlar markazi” vakili Nurseitov aktivlarni qaytarish dasturida shaffoflik yoʻqligiga ishora qilib, na jamoatchilik, na parlament aktivlar nima ekanligi, ularni kim oʻzlashtirgani va huquqbuzarlik qilganlar qanday oqibatlarga duchor boʻlganligi haqida aniq maʼlumot bermagan.

“Asosiy masala bu aktivlar qayerga qaytarilayotganida. Bu davlat g‘aznasiga aktivlarni qaytarishdan ko‘ra, mulkni qayta taqsimlashga o‘xshaydi, chunki shaffoflik yoki hech qanday ma’lumot yo‘q”, — dedi u.

Hukumat almashinuvi bilan To’qayev eski tuzum va o’zi ta’kidlayotgan “Yangi Qozog‘iston” o‘rtasidagi farqni ko’rsatmoqchi, deydi kuzatuvchilar.

Prezident 2022-yilda jamoatchilikni ko'chaga olib chiqqan ijtimoiy-iqtisodiy noroziliklarga sabab bo'lgan ba'zi iqtisodiy muammolarni hal qilishga urinmoqda.

Garchi u so'nggi ikki yil ichida ba'zi siyosiy islohotlar o'tkazgan bo'lsa-da, tahlilchilar nazarida u Nazarboyevning asosiy merosi bo'lgan avtoritarizmni yo'q qilmayapti.

“Biz eng muhim meros – avtoritarizmga qarshi asosiy kurashni ko‘rmayapmiz. Aksincha, hozirgi hokimiyat bu tizimdan foyda olishni maqsad qilgan”, - deydi Nurseitov.

XS
SM
MD
LG