Breaking News

AQSh-Afg'oniston, Markaziy Osiyo-Tolibon: Bayden siyosati muhokamasi


Amerika Tashqi siyosat kengashi, Vashington, 16-aprel, 2024
Amerika Tashqi siyosat kengashi, Vashington, 16-aprel, 2024

Afg'onistonni deyarli uch yil oldin butunlay tark etganidan beri AQShning bu mamlakatga e'tibori pasaygan. Bayden ma'muriyati xalqaro hamjamiyat bilan afg'on xotin-qizlar ahvoli va bu davlatga insonparvarlik yordamini muhokama qilib turadi. AQSh Mudofaa vazirligi Kongressga bergan hisobotlarida Afg'onistondagi jangarilar solayotgan tahdidga to'xtaladi. Biroq, deydi siyosatni yaqindan kuzatib kelayotgan mutaxassislar va sobiq rasmiylar, 2001-2021 yillarda terrorizmga qarshi qonli kurash maydoni bo'lgan zamin endilkda Vashingtonning kun tartibida emas.

"Biz bu urushda g'olib chiqmadik, unda boy berdik", - deydi Deyvid Sedni, Davlat departamenti va Pentagonda uzoq yillar aynan Afg'oniston va Markaziy Osiyo masalalari bilan shug'ullangan siyosatdon.

"Mag'lubiyat oqibatlari va ta'siridan chiqish oson kechmaydi. Afg'onistondagi reallikni hech kim inkor etmaydi, ammo uning Amerika uchun ahamiyati tushgani aniq. Siyosiy iroda shu qadar", - deya izohlaydi Sedni, "Amerika Ovozi" bu haqida so'raganida.

2021-yilning avgustida qo'shinlar va noharbiy amerikaliklarni hamda AQSh bilan hamkorlik qilgan afg'onlarni olib chiqar ekan, Prezident Jo Bayden Afg'oniston kelajagi uning o'z xalqi qo'lida, tashqaridan hech kim, xususan AQSh uning ravnaqi uchun jon fido qilmaydi, degan ta'kidlagan edi. Amerika Tashqi siyosat kengashida kechgan muhokamada tahlilchilar deydiki, Oq uyning bu pozitsiyasi o'zgarmagan.

Hokimiyatni qayta egallagan Tolibonni Vashington mutaassiblikda ayblaydi va uni tan olmaydi. Dunyoning biror davlati toliblarga rasman Afg'onistonning bugungi boshqaruvchilari deb qaramaydi. Biroq qo'shni davlatlar, qolaversa Rossiya va Xitoy u bilan diplomatik aloqada.

Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O'zbekiston rahbariyati Tolibon bilan yaqin munosabatda. Toshkent Amerikani va butun xalqaro hamjamiyatni Afg'onistonni yakkalamaslikka, unga madad ko'rsatishga va muzlatilgan mablag'larini qaytarib berishga undab keladi.

Sedni deydiki, qo'shni davlatlar Tolibon bilan muntazam muloqotda ekani AQSh siyosatini o'zgartirmaydi yoki Vashingtonni Kobuldagi rahbarlar bilan yaqinlashishga undamaydi.

"Amerika o'zi xohlamaguncha, o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda qaror qilmaguncha, yangilik bo'lmaydi,", - deydi sobiq rasmiy.

"Vashington istasa, Tolibon bilan to'g'ridan-to'g'ri gaplashishi mumkin. Buning uchun qo'shni davlatlarning yordami yoki undovi shartmas".

"Amerika Ovozi" gaplashgan siyosatdonlar nazarida mintaqaning Tolibonga nisbatan diplomatiyasi, hatto Tojikistonning Afg'onistonda tojik muxolifatini quvvatlashi, Kobul bilan achchiq so'zlar almashib turishi ham Oq uy yoki Kongressni boshqacha yondashishga majbur qila olmaydi.

Markaziy Osiyo bo'yicha yetakchi ekspert Frederik Starr fikricha esa Amerika Afg'oniston mintaqaning bir qismi ekanini, taqdiri mushtarakligini unutmasligi lozim.

"Region o'zaro manfaatlar yo'lida Tolibon bilan ishlayapti, nimaiki masala bo'lsa, muhokama qilish payida. Biz yo qo'l qovushtirib o'tiramiz yoki Markaziy Osiyo ravnaqi uchun hissa qo'shamiz, u yerdagi tinchlik va farovonlikdan manfaatdor ekanimizni anglagan holda zarur qadamlar tashlaymiz", - deydi Starr.

Afg'on jurnalist Sami Mahdi deydiki, Amerika va uning sheriklari o'z qadriyatlarini himoya qilishni xohlasa, uning yurtidagi shafqatsiz siyosat va zulmga ko'z yuma olmaydi.

"Bugun Afg'onistonda biror qiz ilm olish imkoniyatiga ega emas. Har qadamda adolatsizlik, bosim. Nega hamma bu qadar loqayd?" deya tanqid qiladi Mahdi.

AQSh Tinchlik institutidan Skott Vorden deydiki, Bayden ma'muriyati Afg'onistonning bugungi holatiga befarq deyish noto'g'ri. E'tibor sustdek ko'rinsa-da, bu mamlakat bilan bog'liq omillar chetga surilmagan.

"Hozirgi siyosat panada olib borilmoqda, tashqaridan uncha sezilmaydi. Hukumat bu haqda bong urishni xohlamaydi. Afg'onistonga yordam xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda beriladi. U yerdagi masalalar unutilmagan, lekin hammasi yuzasidan birdek harakat ketmoqda, deya olmaymiz", - deydi Vorden.

Uning fikricha ham AQShni Tolibon bilan bevosita va jadal shug'ullanishga undovchi sabablar yo'q. Lekin manfaatlar hamon bir necha yo'nalishda, deya tushuntiradi Vorden.

Birinchidan, kontrterrorizm, ya'ni Afg'onistondagi terrorchilardan ko'z uzilmagan, ulardan keladigan xavfni bartaraf etish uchun choralar ko'riladi.

Ikkinchidan, evakuatsiya qilinganlarga yordam to'xtamagan. Amerika unga ishlagan afg'onlarni, favquloqqa ko'makka muhtoj insonlarni quvvatlashga bel bog'lagan, deydi Vorden.

Uchinchidan, Vashington uchun inson huquqlari, xususan xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish hamon muhim maqsad.

Shuningdek, deydi tadqiqotchi, xorijdagi afg'onlar dardini tinglash va ularga ko'maklashish orqali bu xalq quvvatlanadi.

Sedni va Vorden yaqin kelajakda hozirgidan farqli siyosat kutmaydi. Amerikada rahbariyat yangilangan taqdirda ham Afg'oniston birlamchi masala darajasiga chiqmaydi, deydi ular.

Sami Mahdi tahlilicha esa Tolibon yanayam keskinlashgan va hozir Amerikaning g'animlari bilan har doimgidan ham apoq-chapoq.

"Bir tomondan Tolibonning eng yaqin do'sti hozir Erondir, boshqa tomonda Rossiya. Xitoy bilan ham til topishgan", - deya kuzatadi u.

Amerikada prezident saylovidan keyin kim rahbar bo'lishidan qat'i nazar, deydi Mahdi, Afg'onistonga nisbatan siyosat qayta ko'rib chiqilishi kerak, toki Vashington bu mamlakat xalqiga bergan va'dasini, "sizni tashlab qo'ymaymiz, uzoq muddat madadkormiz" degan va'dalarini bajarish uchun jiddiy qadamlar tashlasin.

Uning tahlilicha, Markaziy Osiyo bilan iliq aloqa qilishga intilayotgandek tuyulayotgan toliblar aslida mintaqa istiqbolini xavf ostiga qo'yadi. Ular bilan diplomatiya baribir samara bermaydi, deydi u.

"Tolibon o'tmishdan saboq olmagan, aslo o'zgarmagan. 1990-yillarda toliblar qanchalik qonxo'r va radikal bo'lgan bo'lsa, hozir ham shunday. Ular endi boshqacha deb o'ylash ahmoqlik bo'ladi", - deydi Mahdi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG