Bishkekda 22-aprel kuni AQSh va Qirg'iziston rasmiylari hamkorlikni ko'rib chiqqan va kelgusi qadamlar yuzasidan maslahatlashgan.
Yillik tadbirga AQSh davlat kotibining Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Jon Mark Pommershaym va Qirg'iziston tashqi ishlar vaziri muovini Aybek Moldogaziyev yetakchilik qilgan.
Tomonlar C5+1 regional dialogidan mamnun. Unda AQSh va Markaziy Osiyoning besh respublikasi muloqot olib boradi.
Moldogaziyev va Pommershaym xavfsizlik masalalari, iqtisodiy sheriklik, fuqaro jamiyati va qonun ustuvorligi yo'lida birga ishlashga urg'u bergan.
Biroq "Amerika Ovozi" manbalariga ko'ra, Bishkek va Vashington erkinlik va demokratik taraqqiyot borasida turlicha pozitsiyada, ya'ni AQSh Qirg'izistonda huquq cheklanib borayotganidan xavotirda, Qirg'iziston hukumati esa bu masalalarga AQSh va biror boshqa davlat aralashmasligi kerak, deb hisoblaydi.
Mamlakatda xorijdan mablag' oladigan nohukumat tashkilotlarning faoliyatiga doir yangi qonun qabul qilingan. Amerika uni tanqid qilib chiqqan. Prezident Sadir Japarov qayd etishicha, qonun shaffoflikni ta'minlash uchun kerak. Vashington nazarida, bu qonun cheklovlar kitirib, fuqaro jamiyatiga zarba beradi va xalqaro hamjamiyatdan keladigan yordamni kamaytiradi.
Matbuot erkinligi, xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish, sud tizimi mustaqilligi, korrupsiyaga qarshi kurash va madaniy rishtalar - ikki davlat orasida kun tartibida qoladigan mavzular, deydi rasmiylar.
Bugungi uchrashuvda chegara xavfsizligi, salomatlik, mustaqillik va suverenitet bilan bog'liq mavzular ham muhokama qilingan.
Bishkek va Vashington mudofaa sohasida kelishuvlarga ega emas, ammo tomonlar hamon muayyan yo'nalishlarda hamkorlik qilayotganini ta'kidlaydi, jumladan, kontrterrorizm bobida.
Qirg'iziston AQSh bilan texnologiya, ilm-fan, yashil iqtisod, mineral ishlab chiqarishni rivojlantirish, qishloq xo'jaligi, nogironlarga g'amxo'rlik va sog'liqni saqlash sohalarida kengroq hamkorlik istashini bildirgan.
Ikki hukumat orasidagi kelgusi maslahatlashuv Vashingtonda bo'ladi.