AQSh Davlat departamenti Qirg'iziston rahbari Sadir Japarov 2-aprelda imzo chekib, qonunga aylantirgan hujjatni qoralab, uni demokratik tamoyillarga zid chora deya baholamoqda.
Xorijdan moliya oladigan nohukumat tashkilotlar ustidan nazoratni kuchaytirib, ularni "xorijiy vakil" deb tamg'alovchi qonun, Vashington nazarida, ularning faoliyatiga tahdid soladi.
"So'nggi qaror Qirg'iziston hukumatining demokratik boshqaruv va fuqaro jamiyatiga qarshi yana bir harakatidir", - deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Metyu Miller.
Japarov bayonotiga ko'ra esa bu qonun mamlakatda shaffoflikni ta'minlash uchun zarur.
"Davlatimizning sizdan va donorlardan yashiradigan siri yo'q. Nimaiki axborot bo'lsa, jamoatchilikka taqdim etiladi. Eplolsangiz, millionlab emas, milliardlab oling. Mamlakatimiz uchun foyda", - deydi prezident ijtimoiy tarmoqlardagi postida.
"Xorijiy donorlar bilan 30 yildan beri ishlab kelayapsiz, hech kim sizni pul olganingiz uchun jinoiy javobgarlikka tortmagan. Buni endi qilarmidik? Davlat rahbari sifatida kafolat beraman, bunday qilmaymiz", - deydi Japarov.
Biroq fuqaro jamiyatida bunga ishonch past. Nohukumat tashkilotlarning xodimlari va huquq himoyachilari deydiki, hukumat - ko'zbo'yamachi; oshkoralikni ta'minlovchi qonunlar allaqachon borligiga qaramasdan turli bahonalar bilan bosim vositalarini ko'paytirmoqda.
AQSh har yili Qirg'iziston nohukumat sektoriga millionlab dollar mablag' ajratadi. Bu dasturlar va loyihalar ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyot, jumladan sog'liqni saqlashni va ta'lim sohalariga ko'maklashadi, kichik va o'rta bizneslarni quvvatlaydi, huquq himoyasi va qonun ustuvorligi yo'lida xizmat qiladi, deydi Amerika rasmiylari.
Yangi qonun, Bayden ma'muriyati nigohida, taraqqiyot yo'liga to'siq, qo'rqinch va umidsizlik hissini oshiradi, jamiyat barqarorligiga soya soladi.
"Biz Qirg'iziston hukumati bilan ishlashda davom etamiz, toki fuqaro jamiyati himoya qilinsin, fundamental erkinliklar e'zozlansin", - deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
Ameralik qator ekspertlar tahlilicha, sobiq Sovet davlatlari orasida yaqingacha ham demokratik rivojlanishi bilan ajralib turgan Qirg'iziston, shuningdek, Gruziyada hukumat bugunga kelib fuqaro jamiyatiga dushmandek yoki sotqindek qarayotgani bu tuzumlarning o'ziga nisbatan ishonchi naqadar pastligidan dalolat beradi.
Vashingtondagi Xadson universitetidan Lyuk Koffi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, Rossiyadan namuna sifatida olingan bu qonunlarni amalga oshirish uchun hukumatning o'zi qanchalik shaffof ekanini isbotlay olishi kerak.
Masala, albatta, xalq va tizimga havola, deydi Koffi, tashqaridan kech kim mamlakatdagi haqiqatni o'zgartirib qo'ya olmaydi, ammo nohukumat tashkilotlarni tub muammolarga qarshi kurashdagi rolini ham past baholay olmaysiz yoki ularning shashtini pasaytira olmaysiz. Hozirgi yo'ldan ketilsa, deydi ekspert, hukumat o'z ishini o'girlashtiraveradi.