Inson huquqlari bo'yicha O'zbek forumi, Berlinda asoslangan nohukumat tashkilot, 2023-yilda O'zbekiston paxta dalalaridagi ahvolni va terimga aholi qanday jalb etilganini tahlil qilar ekan, ishchilar yetishmagani, mehnat haqini to'lash borasida muammolar keng kuzatilgani va hosilni o'z vaqtida yig'ib olish uchun mutasaddilar turli egri usullarni ishga solganini qayd etadi.
O'zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga rasman chek qo'yilganidan beri vaziyatni mahalliy hamkorlari orqali muntazam monitoring qilib kelayotgan tashkilot qator ijobiy holatlarni, shu kungacha erishilgan yutuqlarni e'tirof etadi.
Bir tomondan, deya sarhisob qiladi forum, paxtani yetishtirish, terish va sotishda davlat roli pasaygan. Masalan, 2023-yilda terimchilar maoshini va paxtakorga hosil uchun qancha to'lashni hukumat belgilamagan.
Yana bir o'zgarish: endilikda paxta savdosi yetishtiruvchi, ya'ni fermer va xaridor, ya'ni klaster orasidagi masala va muzokara. Hukumat jarayonga aralashmaydi.
O'tgan yilgi terim mavsumida, deyiladi hisobotda, ko'plab klasterlar va paxtakorlar o'z vaqtida kelishib olmadi. Dekabr oyiga borib, paxta manziliga yetib borganidan keyin narx aniqlashdi.
2023-yilgi terim uzoq davom etgan, sentabrdan noyabrgacha. Oxirgi yillarda ish tezroq bitgan edi.
Markaziy hukumat yillik rejani tuzib, viloyat va tumanlarga uzatishda davom etmoqda. Bu - Sovet va Islom Karimov boshqaruvi paytidagi kvotaga o'xshash tizim.
Hukumat paxta ustidan nazoratni boy bermagan. Ichki ishlar, prokuratura, favqulodda xizmatlar va soliq boshqarmasi har bir tuman va viloyatda to'rt sektorda ishlab, paxta yetishtirish jarayonini boshqaradi. Reja bajarilishini ta'minlash hokimliklar zimmasida.
O'tgan kuzda ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning qishloq xo'jaligi bo'yicha maslahatchisi Shuhrat G'aniyev terim yuzasidan kundalik ravishda hokimlardan hisobot olib, majlis qilgan.
Forum olib borgan monitoring shuni ko'rsatganki, hukumat bu mavsumda hech kimni sistematik va keng ko'lamda majburiy mehnatga jalb etmagan. Biroq kichik doiralarda bunday muammolar qayd etilgan.
Ayrim banklar va davlat muassasalari o'z xodimlaridan paxtaga chiqishni talab qilgan. Terimchi yetishmayotgan paytda ba'zi hokimliklar bosim orqali tashkilotlarni shunday qilishga zo'rlagani aniqlangan.
Forum nazarida islohotlar qat'i davom etishi, majburiy mehnatga qarshi choralar mustahkamlanishi zarur, aks holda planni nima qilib bo'lsa-da bajarishga bel bog'lagan mutasaddilar turli nayrang va tazyiqlar bilan odamlarni paxta dalalariga haydash odatini qo'ymaydi.
Markaziy hukumat odamlarni paxta yoppasiga chiqarish borasida biror buyruq bermagan, deya xulosa qiladi forum, ammo prezident maslahatchisi G'aniyev viloyatlarga shu qadar bosim o'tkazganki, ular kimlarnidir terimga zo'rlagan, ya'ni hukumat bilvosita huquqlar buzilishiga sababchi bo'lgan.
Paxta sanoatini klasterlar tizimini joriy etgan holda xususiylashtirish va kvotalarni bekor qilish haqida berilgan va'dalar hali to'liq bajarilmagan. Tizim ko'p jihatdan haliyam eskicha ishlamoqda.
Fermer davlat rejasini bajarishga majbur. Shunday ekan, klaster uchun mahsulot kafolatlangan.
2023-yilda terimchilarga mavsumning boshida har bir kilo uchun 1,500 so'm to'langan. Terim o'rtalariga borib esa kilosiga 1,800-2,000 so'm taklif qilingan. Mehnatkashlarga ko'ra, ular paxta dalalarida 2022-yilda ko'proq pul topgan, ya'ni o'tgan kuzda terimchi yetishmagani uning ishining qadrini oshirmagan.
Hashar degan tadbirda ko'ngillilar qatnashishi kerak, ammo paxta maydonlaridagi hashar majburiy mehnatning bir ko'rinishi bo'lib qolmoqda.
Mahallalardan tortib xususiy sektorgacha, odamlarni hasharga chorlab, chiqmaganlarni jazolashi haqida ogohlantirgani kuzatilgan. Terimga borishni xohlamaganlar o'rniga boshqa odamni jo'natishi va vazifani pul bilan qoplashi kerak bo'lgan. Bu ham azaliy odat.
Bu muammo Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida eng ko'p qayd etilgan.
Forum hisobotida, o'tgan yillardagi kabi yana bir masalaga e'tibor qaratiladi: yer mos bo'lmasa-da, fermer u yerda paxta ekishga majbur, chunki davlat shuni istaydi. Yer fermerniki emas, davlatniki. Fermer uni uzoq muddatga ijaraga olgan va buning shartlari bor. Muayyan maydonda hukumat muayyan ekin talab qiladi.
O'zbekistonda 1 million gektarga yaqin maydon paxta uchun ko'zlangan. Bu esa qishloq xo'jaligidagi yaroqli maydonning 70 foizi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbek forumi va u kiradigan "Paxta kampaniyasi" xalqaro koatlisyasi hukumatni mana shu tizimdan voz kechishga undamoqda. Dehqonga avtonomiya zarur, deyiladi hisobotda, toki u paxtani o'zi xohlab, o'zi ma'qul ko'rgan joyda yetishtirsin. Bu hosil sifatini oshiradi va jarayonni osonlashtiradi.
Sanoatda adolat va erkinlik ta'minlanishi shart. Klaster paxtakor bilan mas'uliyatli hamkorlikni yo'lga qo'yishi kerak. Odamlar bir-biri bilan majburan emas, o'z irodasi bilan ishlasin.
Paxta klasterlarida javobgarlik hissi oshishi lozim. Paxtakor bilan vaqtida kelishib olishi, mehnatini munosib qadrlashi kerak. Haq vaqtida berilsin. Jarayonga hukumatni aralashtirmang. Hukumat orqali paxtakorga bosim o'tkazishni bas qiling.
Xalqaro hamjamiyat esa O'zbekiston hukumatiga uning global maydondagi majburiyatlarini, paxta va to'qimachilik sanoati inson huquqlarini hurmat qilishi shartligini eslatib turishi zarur.
Paxta sanoati xodimlari, oddiy odamlardan tortib yirik fermerlargacha uyusha olishi, o'z manfaatlari uchun kurashish imkoniyatiga ega bo'lishi kerak.
Xorijiy hamkorlar O'zbekiston hukumatini nohukumat tashkilotlarni ro'yxatga olish tartibini osonlashtirishga chaqirsin, deydi forum, toki fuqaro jamiyati kengaysin, qishloq xo'jaligi erkinlashsin va shaffoflashsin.
O'zbekiston paxtasiga tayanadigan kompaniyalar va bizneslar, qay davlatda bo'lmasin, mehnat huquqlari e'zozlanayotganini ta'minlashga harakat qilsin.
Mahsulot brendlarning qo'liga kelgunicha qay jarayonlardan o'tishi va ularda odamlar ezilmayotgani, zo'rlanmayotgani, haqqi o'marilmayotgani, qonunga bosh egilayotgani tekshirilsin, deya tavsiya qiladi forum.
Tashkilot litsenziya, audit va boshqa masalalarga ham urg'u berib, tizimda islohotlar davom etishi suv va havodek zarurligini ta'kidlaydi.
Shu kungacha erishilgan yutuqlarni boy bermaslik kerak, deyiladi tahlilnomada, ammo oldinda hali juda ko'p muammolar hal etilishi, buning uchun hukumat va bizneslarda kuchli iroda bo'lishi kerak.