Breaking News

O'zbekiston "Paxta kampaniyasi"dan boykotni bekor qilishni so'ramoqda


Nozim Husanov, O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri
Nozim Husanov, O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov majburiy mehnatga qarshi kurashuvchi xalqaro koalitsiya "Paxta kampaniyasi" (Cotton Campaign) ga murojaat qilib, undan mamlakat paxtasiga nisbatan bir necha yil oldin qo'yilgan boykotni olib tashlashni so'ramoqda.

"Sizni ishontirib aytamanki, O‘zbekiston hukumati Sizning koalitsiyangiz ko‘magida ishlab chiqilgan “Islohotlarning yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish doirasida, shuningdek, mamlakatimizning barcha fuqarolari uchun ijtimoiy ta’minot va inson huquqlarini himoya qilish borasida majburiyatlarimizga muvofiq majburiy mehnatning barcha shakllarini bartaraf etish bo‘yicha qat’iy chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etmoqda", - deya yozadi Husanov 16-aprel kuni e'lon qilingan ochiq xatda.

Vazir bu majburiyatlar yuzasidan qabul qilingan qaror va qonunlarni qayd etadi, jumladan majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi haqidagi qonun va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo'yicha 2020–2030 yillar strategiyasini.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning o'tgan oygi qaroriga ko'ra, paxtachilik sohasida bozor tamoyillari joriy etilib, joriy yildan e'tiboran paxta ishlab chiqarish, narxni belgilash va sotishni davlat tartibga solmaydi.

O‘zbekiston hukumati "xo‘jalik yurituvchi subyektlar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda O‘zbekiston paxtachilik tarmog‘ida islohotlarning yangi bosqichini boshlashga tayyor", deya yozadi Husanov.

"Yangi islohotlar davriga o‘tishda aholiga zarur o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun koalitsiya tomonidan imzolangan Uzbek Cotton Pledge majburiyati doirasida o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykotni olib tashlashni so‘rayman".

O'zbekiston dalalarida
O'zbekiston dalalarida

Vazir majburiy mehnatni bartaraf etishda, erishilgan yutuqlarni mustahkamlashda "Paxta kampaiyasi" tajribasiga tayanmoqchi ekanini aytadi. Monitoring va islohotlar jarayonida, deydi u, O'zbekiston bu xalqaro koaliatsiya bilan hamkorlik qilishga bel bog'lagan.

Respublika bilan yaqindan ishlab kelayotgan Xalqaro Mehnat Tashkiloti tahlilicha, 2019-yildagi paxta terimi davrida tizimli majburiy mehnat holatlari qayd etilmagan va mamlakatda bolalar mehnatiga barham berilgan.

"Albatta, biz O‘zbekistonda mehnatkashlarning huquqlarini himoya qilish borasida hali katta ishlar amalga oshirish kerakligini to‘liq anglaymiz va koalitsiya tomonidan yaqinda aytib o‘tilgan muhim tavsiyalarni biz uchun ustuvor ahamiyatga ega deb hisoblaymiz", - deya yozadi vazir bugungi ochiq maktubda.

Uning ta'kidlashicha, boykotni olib tashlash zarurligining boshqa sabablari ham bor.

"Bugungi kunda O‘zbekiston mehnat bozori misli ko‘rilmagan bosimga duch kelmoqda: respublikamizning bir yarim milliondan ortiq fuqarosi ishsiz. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keskin (choralar) izolyatsiya tufayli 150 ming fuqaro majburan ishsiz qoldi, chet eldan qaytgan 140 mingdan ortiq fuqarolarimiz doimiy daromadlaridan mahrum bo‘lishdi, 200 mingdan ortiq oila qashshoqlik yoqasida", - deydi vazir Husanov.

O'zbekiston yangi ish o‘rinlari yaratish borasida xorijiy quvvatlov va yordamga muhtoj.

"Shu bois paxta boykotini olib tashlash haqidagi qaroringiz hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin. O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati aholi bandligini ta’minlashda yetakchi tarmoqlardan biridir. Faqat ishlab chiqarishda qariyb 7000 korxonada 200 mingdan ortiq aholi ish bilan band bo‘lganligi bois bir million aholi barqaror daromadga ega. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘zbek paxtasidan boykot olib tashlansa, to‘qimachilik mahsulotlarining umumiy eksport hajmi ikki barobarga ortishi mumkin. Bu esa xalqimiz uchun zarur ish o‘rinlarini yaratadi", - deydi vazir.

Toshkent AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qayta tiklanadi degan umidda.

"Ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar boykotga duch kelmaganida, o‘zbek to‘qimachiligida tayyorlangan niqoblar, jarrohlik liboslari va boshqa turdagi shaxsiy himoya vositalari yuzaga kelayotgan global vaziyatni bartaraf etishda madad bo‘lishi mumkin edi", - deydi Nozim Husanov.


"Paxta kampaniyasi" vakillari O'zbekistonga bir necha bor safar qilib, real ahvol bilan tanishgan. Uzoq yillar aloqa tarang va salbiy ruhda edi. O'tgan uch yil mobaynida hukumat va xalqaro koalitsiya orasida muloqot yo'lga qo'yilgan. Buni har ikki tomon yuqori baholaydi.

Lekin boykot tarafdorlari nazarida hali uni olib tashlashga erta. Shu bois, deydi ular, javob hozircha "yo"q". 250 dan ziyod sanoatchilar, bizneslar, huquq tashkilotlari va kasaba uyushmalaridan iborat koalitsiya hozirgi islohotlarni boykot samarasi deya baholaydi va uni davom ettirish bilan hukumatni yanada dadilroq qadamlar tashlashga unday olishiga ishonadi.

O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi progress kuzatilmoqda va bu tahsinga sazovor deya bildiradi koalitsiya, lekin Xalqaro Mehnat Tashkiloti hisobicha, 2019-yilda 100 mingdan ziyod odam paxta dalalarida zo'rlab ishlatilgan. Bu esa boykotga qo'shilgan bizneslar va sanoatlar uchun muammo hali barham topmaganini anglatadi, chunki ular biror mahsuloti biror jihatdan majburiy mehnat mahsuli bo'lishini istamaydi, deya javob berdi "Paxta kampaniyasi" bugungi tvitida.

"Paxta kampaniyasi" asoschilaridan biri, Amerikaning sobiq diplomati Bennett Friman deydiki, gap boykot qachon va qay tarzda bekor qilinishida emas. Masala O'zbekistonda islohotlar davom etishi, chuqurlashishi, mehnat sharoiti yaxshilanishi va biznes muhit erkinlashish va rivojlanishi uchun nima qilmoq zarurligida. Koalitsiya qarori shu omillarga bog'liq, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG