Breaking News

Qirg'iziston Xitoy va O'zbekiston bilan temir yo'l baribir quriladi degan umidda


Bishkek temir yo'l vokzali, 7-aprel, 2024
Bishkek temir yo'l vokzali, 7-aprel, 2024

Qirg'iziston qariyb 30 yildan beri muhokamada bo'lgan temir yo'l rejasidan voz kechmagan. Loyiha O'zbekiston va Xitoy bilan hamkorlikdagi transport tizimini o'z ichiga oladi.

1997-yilda uch davlat Shinjondan Norin va Osh viloyatlari orqali Andijonga boradigan yo'nalishni bunyod etish yuzasidan memorandum imzolagan.

Yaqinda Xitoyning Shinjon-uyg'ur muxtoriyati rahbari Erkin Tuniyaz Bishkekda dabdabali kutib olindi. Tuniyaz ikki kun Qirg'iziston siyosiy doiralari bilan muloqot qildi. Bosh vazir Akilbek Japarov temir yo'l orzusiga urg'u berib, harakat davom etayotganini aytdi.

"Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston loyihasi barhayot va oldinga ketmoqda", - dedi Japarov.

Fevral oyida uch davlat vakillari masala xususida gaplashib olgan.

Ekspertlar esa loyiha moddiy va texnik muammolar sababi boshi berk ko'chada ekanini ta'kidlaydi.

Ayrimlar loyihaga Rossiya va Qozog'iston qarshi ekanini aytadi, ammo bunday xulosa qilishga biror dalil yo'q. Na Moskva va na Ostona bu borada bayonot bergan.

Xitoy, Qirg'iziston va O'zbekiston 2022-yilda Samarkandda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida proyektni olg'a sildirishga kelishgan edi.

2023-yildagi izlanishlar 454 kilometrli qurilish 4,5 milliard dollarga tushishini aniqlagan.

Prezident Sadir Japarov bu temir yo'l 2023-yilda qurila boshlanadi, degan edi. Biroq o'tgan yilning oxirida AQSh va Germaniyaga borganida bu loyihani moliyalashtirish uchun G'arbdan madad so'ragan. Hozirgi holatda bu tizim mazkur yilda ham boshlanmaydigan ko'rinadi.

Ikki yo'nalish muhokamada: janubiy va shimoliy. Janubda O'sh orqali Xitoyga, shimolda Xitoydan Norin orqali Andijonga.

Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston temir yo'li loyihada. Janubiy (ko'k) va shimoliy (qizil) yo'nalishlar taxmini.
Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston temir yo'li loyihada. Janubiy (ko'k) va shimoliy (qizil) yo'nalishlar taxmini.

Bishkekda "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan bir mutaxassis deydiki, shimoliy yo'nalish murakkabroq va qimmatroq chunki uzunroq, shuningdek, Qirg'izistonning ikki qismini bog'laydi. Orada esa Olatog' tizmalari bor. Qor qattiq yog'ishi sabab qishda yo'llar yopilib qoladi.

"Xitoy va O'zbekistonni ulaydigan yo'nalish esa osonroq, arzonroq", - deydi suhbatdosh.

U hukumatlar bilan masala yuzasidan ishlagani uchun ism-sharifini aytishni xohlamaydi.

Mutaxassis fikricha, Bishkek shimoliy yo'nalishdan ko'proq foyda ko'rishi tayin, ammo mablag' topilmasa, janubiy yo'nalishga ko'nishga majbur bo'lishi mumkin.

Shimoliy yo'nalishda 50 dan oshiq tunnel va 90 ta ko'prik qurish kerak bo'ladi.

Xtoy va Markaziy Osiyo davlatlari temir yo'l kengligi ham farq qiladi. Bir-biridan o'tish sistemasi yaratish zarur.

Bishkekdan o'tadigan temir yo'l, 7-aprel, 2024
Bishkekdan o'tadigan temir yo'l, 7-aprel, 2024

2023-yilda taxmin qilingan xarajat, 4,5 milliard dollar, hozirda 8 milliard dollarga yetgan. Katta qismi Qirg'izistonda sarflanishi kutiladi.

Toshkent va Bishkek mablag' izlamoqda. Xitoy o'zini qoplashini bildirgan, ammo ikki respublikaga ko'maklashishi mumkinligini bildirmagan.

Qirg'iziston loyiha chetga surilmagan, deya oradagi muhokamalarga ishora qilmoqda.

Biroq Bosh vazir Japarov Xitoy unga uncha qiziqmay qo'yganini qayd etgan.

"Geosiyosat o'zgargan. Sheriklarda o'zgarishlar bor",- degan u o'tgan yilning noyabr oyida.

O'zbekiston va Qirg'izistonga bu yo'llar judayam kerak, deydi bosh vazir, ammo Pekin uchun unchalik muhim emasdek.

Japarovning o'rinbosari Bakit Torobayev bu yil boshida Bryusselda Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo forumida so'zlar ekan, Xitoy va O'zbekiston bilan temir yo'l uning mamlakati uchun shu kungacha amalga oshirilgan eng katta loyiha bo'lishini aytgan.

Japarovning bayon qilishicha, davlat bu maqsadda hozirgacha 500 million dollar ajratgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG