Breaking News

AQSh Rossiya yaxtasini Ukraina hisobiga musodara qilmoqchi


"Amadea" yaxtasi
"Amadea" yaxtasi

Vashingtondagi Everet portiga ta’mirlash uchun olib kelingan 230 million dollarlik superyaxta 110 ming aholi yashaydigan shaharda katta shov-shuvga sabab bo'ldi.

“Amadea” nomi bilan mashhur bo‘lgan va hozirda AQSh hukumati ixtiyoridagi 106 metrli hashamatli suv koshonasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ittifoqchisi, sanksiyalar ostidagi rossiyalik oligarx va siyosatchi Sulaymon Kerimovga tegishli ekani da‘vo qilinmoqda.

Everetda istiqomat qiluvchi Bob Templeton bu ulkan yaxtani portda saqlash uchun kim to’lov qilishidan hayratdaligini “Amerika Ovozi” bilan bo’lgan suhbatda bo’lishdi.

“Biror ishni amalga oshirishdan ko’ra gapirish osonroq” - deydi Bob Qo'shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzini jilovlash uchun sanksiyalar qo’llashda duch kelayotgan qiyinchiliklarga ishora qilib.

AQSh hukumati fuqarolik musodarasi deb ataladigan qonuniy jarayon orqali Amadeaga egalik qilmoqchi. Maqsad kemani sotish va tushumni Ukrainaga yordam uchun berish.

Biroq sanksiyalardan holi boshqa bir rossiyalik tadbirkor Amadeaning haqiqiy egasi menman deya da’vo qilmoqda.

Sud yaxtaning haqiqiy egasini aniqlagunga qadar, yaxtani portda saqlash va unga xizmat ko’rsatish to’lovlari amerikaliklar to’laydigan soliqlar hisobidan o’tkazib turiladi. Bir oylik to’lov esa yarim million dollardan oshiq.

AQShning sobiq federal prokurori va fuqarolik musodarasi bo‘yicha ekspert Stefan Kassellaning so‘zlariga ko‘ra, bu murakkab huquqiy jarayon uzoq vaqtga cho‘zilishi, AQSh uchun xarajatlarni oshirishi va yaxtani tortib olib, Ukrainaga beriladigan yordamni kechiktirishi mumkin.

"Yana bir muammo shundaki, sanksiyaga uchragan hech bir oligarx o'z nomida hech narsaga ega emas, - dedi u. - Mulkka egalik qilishini da'vo qiladigan uchinchi tomonlardan iborat butun bir tarmoq mavjud."

Bu borada Kerimov ham, Adliya vazirligi ham biror izoh bermadi.

Kleptokaptura g’alabasi

2022-yil may oyida, Rossiya Ukrainaga keng miqyosli bosqinni boshlaganidan bir necha oy o'tgach, Fiji huquq-tartibot idoralari AQSh hukumati iltimosiga binoan Amadeani egallab oldi.

Bu AQSh Adliya vazirligi Rossiya bosqinidan keyin sanksiyalarni qo'llash uchun yaratgan Kleptokaptura tezkor ishchi guruhining katta g'alabasi edi.

Ammo ishni yakunlash ancha murakkab bo'lib chiqdi.

Adliya vazirligining sobiq prokurori, shu amaliyot asoschisi Devid Smitning aytishicha, bu kabi musodara qilish amaliyoti 1980-yildan buyon Adliya vazirligining giyohvand moddalar sotuvchilari, mafiya va noqonuniy pul o’tkazish operatsiyalariga qarshi asosiy quroli bo’lib kelgan.

Bu huquqni muhofaza qilish organlariga jinoyatchini jinoyat sodir etganlikda ayblamasdan, mulklarni hibsga olish imkonini beradi. Prokurorlar isbotlashlari kerak bo'lgan narsa bu - mol-mulkning jinoyatda ishlatilganligi, shu mulk orqali jinoyatdan foyda olinganligi yoki jinoiy faoliyat natijasida mulk olinganligi bo’ladi.

Ammo bu jinoyat sanksiyalarning buzilishi bo'lsa, aktivning sanksiyalangan shaxsga tegishli ekanligini isbotlash juda muhimdir.

Amadea tegishli bo’lgan kompaniya huquqshunoslarining takidlashicha, kema Rossiya davlat neft kompaniyasi “Rosneft”ning sobiq bosh direktori, sanksiyalardan holi Eduard Xudaynatovga tegishli.

U va uning huquqshunoslar jamoasi mazkur musodara noqonuniy ekanligini va bu FQBning “chalg‘ituvchi” guvohligiga asoslanganligini aytmoqda.

“Eduard Xudaynatov doim “Amadea”ning qonuniy egasi bo'lib kelgan. Bayden ma'muriyatining kemani konstitutsiyaga zid ravishda tortib olishi biz sudda isbotlaydigan yolg’on guvohliklarga asoslangan, - dedi uning matbuot kotibi "Amerika Ovozi"ga bergan bayonotida. - Musodora qilish sanksiyalari va pul yuvish haqidagi qonunlardan ajratib olingan va isbotga asoslanmagan bu holatni hukumatning faktik va huquqiy nazariyasi ham qo’llab-quvvatlamaydi. Bu befoyda ish faqat siyosiy tomosha bo‘lib, amerikalik soliq to‘lovchilarga bugungi kunga qadar 20 million dollardan ko‘proq mablag‘ga tushdi”.

AQSh hukumati Xudaynatovni “soxta xo’jayin” deb atab, bu fikrga qo’shilmadi.

Prokuratura ma’lumotlariga ko’ra, Xudaynatov kamida 8 ta yaxta yoki yaxta loyihasiga ega 1 milliard dollarlik flot egasidir. Ular orasida hozirda “Rosneft”ning sanksiyalangan bosh direktori, Putinning ittifoqchisi Igor Sechinga tegishli yaxta ham bor.

Jurnalistlar 2022-yil may oyida Italiyada musodara qilingan superyaxta “Shexrizada”ni ham Putinga bog’lashadi.

Xudaynatovning advokatlari Amadeaning Qo'shma Shtatlarga o'tkazilishiga to'sqinlik qila olmagan bo'lsa-da, ular hozirda Nyu-York sudida musodaraga qarshi kurashmoqda.

Adliya vazirligining taʼkidlashicha, Kerimov yaxtani 2021-yilda, sanksiyalar roʻyxatiga kiritilganidan uch yil oʻtib sotib olgan. Prokurorlarning ta'kidlashicha, oligarx yoki uning ishonchli vakillari Amadeani saqlab qolish uchun AQSh moliya institutlari orqali dollar operatsiyalarini uyushtirgan, bu esa sanksiyalarni buzish hisoblanadi.

Ammo Kerimovning egalik huquqini isbotlash va Xudaynatovning da'vosini rad etish oddiy ish emas.

Superyaxta kabi aktivlarga ko’pincha bir qator vakolat egalari, offshor va ishonch kompaniyalari orqali egalik qilinadi. Ushbu subyektlar maxfiyligi sababli tanlangan yurisdiksiyalarda ro’yxatga olinadi.

Sud ishini o‘rgangan Kassellaning aytishicha, Xudaynatovning yuridik guruhi sud jarayonini cho‘zmoqda. AQSh hukumati esa uni savollarga javob berishga va Amadeaning egasi emasligini isbotlovchi hujjatlarni taqdim etishga chaqirmoqda.

“Bu advokatlarga to’lash uchun cheksiz puli bor insonlarning musodara qilish jarayonlariga qarshi o’ziga xos usulidir”, - deydi Kassella.

Qimmat jarayon

Huquqiy kurash davom etar ekan, AQSh hukumati Amadeani portda saqlashda davom ettirish uchun pul to'laydi.

Sud hujjatlariga ko'ra, yaxtani saqlash oyiga taxminan 600 000 dollar turadi. Sug'urta oyiga yana 144 000 dollar va unga boshqa mavsumiy xarajatlar ham qo’shiladi.

AQSh marshal xizmati amaldorining fevral oyidagi arizasiga ko’ra, Amadea mavsumiy quritish jarayonidan o’tishi kerak edi, ammo bu ayrim sabablarga ko’ra kechiktirilgan.

Hukumat yaxtaning mavsumiy xarajatlarini to’lamaslik haqida muzokaralar olib borgan bo’lsa-da, kemani suvdan ko’tarib, ta’mirlash ishlarini olib borish kerak bo’lgan bu jarayon 5.6 million dollarga baholangan, deydi rasmiylar.

So’nggi vaqtda AQSh hukumati xarajatlarni kamaytirish chorasini ko’rmoqda.

Yaqinda hukumat ortiqcha xarajatlarning ko’pligi sabab, sudga Amadeani sotish uchun murojaat qilgan. Bu bilan yaxtani naqd pulga aylantirish mumkin, biroq unga egalik huquqini hal qilish mumkin emas.

Sotishga qarshi arizada Xudaynatovning yuridik guruhi Amadeani saqlash xarajatlarini qoplashni doimiy ravishda taklif qilganini aytdi.

May oyida AQSh hukumati sudga Xudaynatovning egalik qilish huquqiga ega emasligini aytib, uning musodara daʼvosini rad etish taklifini ham kiritdi.

Agar sudya da’voni to’g’ri deb topsa, musodara jarayoni davom etadi.

Bahsli va qiyin strategiya

AQShda rossiyalik oligarxlar va yuqori amaldorlarning mol-mulkini musodara qilish aksariyat amerikaliklarning qattiq qarshiliklariga duch kelmasa ham, fuqarolar mulkining musodarasi bahsli masala.

Liberal va konservativ advokatlik tashkilotlari bu amaliyotga, ya’ni aybi isbotlanmagan fuqaroning mulkini musodara qilishga tanqid bilan qarashadi.

Aynan shu sabab tufayli 2022-yil aprel oyida AQSh Vakillar palatasining sakkiz a'zosi Ukrainani moliyalashtirish uchun sanksiyalangan rossiyaliklarning aktivlarini musodara qilishni talab qiluvchi qonun loyihasiga qarshi ovoz bergan edi.

Smitning fikricha, oligarxlarga nisbatan fuqarolik musodarasini qo'llash "o'zboshimchalik" va u AQSh Ukrainadagi vaziyatni o'zgartirish uchun rus oligarxlaridan yetarlicha aktivlarni tortib olishga qodir ekanligiga ishonmaydi.

“Men yaxtalarni musodara qilish jarayoniga ketgan pulni boshqa narsaga sarflagan bo’lardim, oxir-oqibat yaxtalar musodarasi nima bilan tugashi aniq emas”, - deydi u.

Bu xavotir asossiz emas. Kleptokaptura ishchi guruhi taxminan 700 million dollar musodarasi ustida ishlamoqda, ammo hozirgacha Qo'shma Shtatlar musodara qilingan aktivlarni faqat bir nechta hollarda Ukrainaga o'tkazishga muvaffaq bo'lgan, xolos.

2023-yil may oyida AQSh Bosh prokurori Merrik Garland AQSh sanksiyasiga uchragan rossiyalik oligarx Konstantin Malofeyevdan tortib olingan 5,4 million dollarni Ukrainaga jo‘natishga ruxsat berdi. Bu musodara qilingan mablag'larning Ukrainaga birinchi marta o'tkazilishi edi.

Bu orada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSh kompaniyalari va fuqarolarining aktivlarini musodara qilishga imkon beruvchi farmonni imzoladi. Bu Rossiyaning AQShda musodara qilingan aktiv va mulklarining o’rnini qoplashga qaratilgani aytiladi.

Ukraina va uning tarafdorlari Rossiyaning 2022-yil 24-fevraldagi bosqinidan keyin mamlakat tashqarisida muzlatib qo‘yilgan 260 milliard dollarlik Rossiya aktivlarini musodara qilishga undamoqda. Ammo Yevropa rasmiylari huquqiy va moliyaviy barqarorlik bilan bog‘liq muammolar sabab unga qarshilik ko‘rsatmoqda.

Biroq aprel oyida AQSh Prezidenti Jo Bayden "Ukrainaliklar uchun iqtisodiy farovonlik va imkoniyatlarni tiklash to'g'risida"gi qonunni imzoladi. Bu ma'muriyatga AQShda joylashgan Rossiya davlatining taxminan 5 milliard dollarlik aktivlarini musodara qilish imkonini beradi. Qonun AQShning Ukraina va boshqa davlatlar mudofaasi uchun taxminan 61 milliard dollarni o'z ichiga olgan yordam paketiga kiritilgan.

Ammo Qo'shma Shtatlar "Katta Yettilik" guruhining a'zolari va Yevropa Ittifoqining roziligisiz aktivlarni musodara qilishi dargumon.

Putin imzolagan farmonda aytilishicha, Rossiya kompaniyalari, markaziy banki va jismoniy shaxslar AQShdagi mulkning hibsga olinishini asossiz deb topish uchun Rossiya sudlariga murojaat qilishlari mumkin. Agar sud rozi bo'lsa, hukumat komissiyasi Rossiyadagi AQSh fuqarolari yoki kompaniyalariga tegishli mulk, qimmatli qog'ozlar va Rossiya kompaniyalaridagi ulushlaridan tovon puli sifatida aktivlarni qaytarishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG