Breaking News

Kreml qanday dezinformatsiya usullaridan foydalanmoqda?


Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan bir necha hafta o’tib, Moskva “urush tog’risida faqat haqiqatni gapiradigan” vebsaytni targ’ib qila boshladi.

“War on fakes” (“Soxta xabarlarga qarshi kurash”) deb nomlangan sayt faktlarni tekshirish resursi sifatida taqdim etilib, unda ekspertlar va jurnalistlar Rossiya haqidagi eng "dahshatli" bayonotlarni va urush haqidagi "misli ko'rilmagan soxta yangiliklar oqimini" fosh etadi.

Aslida, bu sayt "Soxta xabarlarga qarshi kurash" nomi ostida soxta faktlarni tekshirish orqali urush haqidagi yolg'on afsonalarni rag'batlantiradigan va targ'ib qiladigan guruhlardan biriga tegishli.

“Maqsad – Rossiya siyosati va xatti-harakatini tanqid qiluvchilarni chalg’itish va xalqqa noto’g’ri ma’lumot berish”, - deydi tahlilchilar.

Atlantika kengashining Raqamli Sud-tibbiy tadqiqotlar laboratoriyasi (DFRLab) xodimi Roman Osadchukning so'zlariga ko'ra, soxta fakt tekshiruvi davlat tashviqoti va dezinformatsiyasini tarqatishning samarali usuli hisoblanadi.

"Soxta ma'lumotlarga qarshi urush, - dedi u "Amerika Ovozi"ga, - nafaqat dezinformatsiyaning asosiy manbai, balki bu faktlarni tekshirish tashabbuskorlariga qarshi turishga qaratilgan sayt hamdir”.

So'nggi yillarda yuzlab mustaqil faktlarni tekshirish saytlari ishga tushdi. Kreml tashviqotiga qarshi kurashda eng ishonchlilari qatoriga Amerikaning “PolitiFact” sayti, Britaniyaning “FullFact” sayti va Ukrainada joylashgan “StopFake” saytlarini kiritish mumkin. "Amerika Ovozi" ham “Poligraph” loyihasini yo’lga qo’ygan.

Bu saytlar tarqalib borgani sari, avtoritar rejimlar “faktlarni tekshirish” usulidan tanqidchilarni obro’sizlantirish va qilinayotgan bosimni oqlash uchun foydalanmoqda.

“Ular asl ma’lumotlarni bergandek bo’lib, ammo uning asosiy ma’nosidan yiroqlashtirib taqdim etmoqda, - deydi Osadchuk. Bu esa ko'plab ommaviy axborot vositalari xodimlari va tadqiqotchilarga zarar etkazib, ularning ishini qiyinlashtiradi."

Osadchuk Ukrainaning Bucha shahrida sodir bo’lgan Rossiya harbiy jinoyatlari haqidagi fotografik dalillarni obro'sizlantirishga qaratilgan soxta tahlilni saytlarning voqeani qanday o'zgartirishga intilayotganiga "klassik misol" sifatida keltirdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2022-yilgi hisobotida ham, 2022-yilda xabar bergan bir nechta mustaqil axborot guruhlari xabarlarida rus qo'shinlari tomonidan Buchada tinch aholining o'ldirilishi haqida batafsil ma'lumot berilgan. Shuningdek, BMTning 2024-yil fevral oyidagi hisobotida aytilishicha, Rossiyaning keng ko'lamli bosqini dastlabki ikki yilida 10 mingdan ortiq ukrainalik tinch aholi halok bo'lgan.

"Soxta ma’lumotlarga qarshi kurash" sayti bu dalillarni asossizlashtirishga intiladi.

“Saytda boshqa soxta tahlil berildi, go’yoki Rossiya qo'shinlari o'ldirilgan odamlarning jasadlari ko'chalarda paydo bo'lishidan oldin shaharni tark etgan", - deydi Osadchuk.

AQShda joylashgan “NewsGuard” dezinformatsion tadqiqot sayti xodimi Eva Maytlend ham soxta dalillar oqimining o'sishini kuzatdi.

U mart oyida Moskvadagi “Crokus City Hall” konsert uyida uyushtirilgan hujum haqidagi yolg‘on xabarlarni keltirib o‘tadi. Xurujda qurollanganlar 140 dan ortiq odamni o‘ldirgan va binoga o‘t qo‘ygan. Keyinroq esa javobgarlikni IShID nomi bilan tanilgan “Islomiy davlat” jangari guruhi o‘z zimmasiga oldi.

“Rossiya va Rossiya matbuoti IShIDning hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan bayonoti yolg‘on ekanligi va bu IShIDning uyushtirilgan bayonoti ekani haqida xabar berdi”, - dedi Maytlend “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Kardiff universitetining Jinoyat va xavfsizlik tadqiqot instituti direktori Martin Innesning aytishicha, avtoritar davlatlar o’z tashviqot harakatlarining bir qismi sifatida uzoq yillar davomida “ma’lumotlarni soxtalashtirish” yo’lidan foydalanib kelishadi.

2018-yilda sobiq rus josusi Sergey Skripal va uning qizi Britaniyada zaharlanganida, Rossiya dezinformatsiya mashinasi Moskvaning bunga aloqasi yo’qligini ilgari surib, hukumatni qo’llab-quvvatlashga urindi.

“Ammo 2022-yilga kelib, “soxta dalillarni tekshirish” yo’li ommalashdi, masalan, “Soxta xabarlarga qarshi kurash” sayti brendga aylandi”, - deydi Innes.

Maytlend fikricha, maqsad axborot makonini qarama-qarshi ma'lumotlar bilan to'ldirib, odamlarni ikkilantirib qo’yish; toki ular nimaga ishonishni bilmasin.

Asosiy auditoriya Rossiyada bo’lsa ham, bu soxta fakt tekshiruvlarining bir nechta tillarda paydo bo‘lishi ularning xalqaro auditoriyadagi qamrovi kengligidan dalolat beradi.

"Soxta xabarlarga qarshi kurash" sayti Rossiyaning Telegram kanalidan boshlandi, - deydi Osadchuk. - Va bu sayt ingliz, ispan, nemis, fransuz, xitoy va arab tillarida ham xabarlar tarqatadi”.

"Demak, ular nafaqat rus auditoriyasini, balki kengroq auditoriyani ham ko’zda tutgan", - davom etadi Osadchuk.

Kreml Rossiyaga qarshi ayblovlarni rad etish uchun ulkan ma’lumotlar sanoatni rivojlantirgan, deydi mutaxassislar. Keyinchalik bu yolg'on xabarlar amaldorlar, vazirliklar, elchixonalar, davlat ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatiladi.

Kreml dezinformatsiya tarqatayotgani haqidagi da'volarni rad etib, G'arbni "axborot terrorizmi" bilan shug'ullanishda aybladi.

"Rossiya o'z dunyoqarashi va xabarlariga xayrixoh bo’lgan va ularning haqiqatiga qisman bo’lsa-da ishonadigan odamlar uchun kurashadi”, - deydi Innes.

Biroq, uning G'arb xabarlari va ishonchli faktlarni tekshiruvchi saytlarga qarshi kurashi ma’lum muammolarga olib kelishi mumkin.

2022-yil avgust oyidagi “PolitiFact” tadqiqotining ko’rsatishicha, "Soxta xabarlarga qarshi kurash" sayti shu qadar ko'p yolg'on da'volar nashr etganki, ular ba'zan bir-biriga ham zid keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG