Breaking News

Rossiya Yevroparlament saylovi arafasida dezinformatsiyani kuchaytirmoqda


Yevroparlament saylovlari va Rossiyaning gibrid urushi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:49 0:00

Rossiya Yevropa parlamenti saylovlari arafasida Yevropada Ukrainaga qarshi kayfiyatlarni qo’zg’ash uchun dezinformatsiya va tashviqotga zo’r bermoqda. Asosiy nishonda - Fransiya va Germaniya.

Moskva Yevropaning Ukrainaga yordamiga chek qo’yish uchun maxfiy hujumlar va dezinformatsiyani o’z ichiga olgan gibrid urush taktikasini qo`llashga o`tgan.

Yaqinda Germaniya, Polsha va Litvada Rossiya razvedkasiga aloqador, Yevropa hududida turli miqyosdagi xurujlar rejalagan bir necha kishi hibsga olindi.

Rejalashtirilgan hujumlar ro’yxatida Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyga suiqasd, AQShning Germaniyadagi harbiy bazalariga xuruj uyushtirish, shuningdek, Rossiya qamoqxonasida o`lgan rus muxolifatchisi Aleksey Navalniy tarafdorlariga hujumlar tashkillashtirish bo’lgan.

Rossiya bu ayblovlarni inkor qildi.

Bu hibslar Rossiya Yevropada Ukraina qo`lloviga qarshi propagandani jiddiy kuchaytirganidan, 6-9 iyunga belgilagan Yevropa parlamenti uchun saylov jarayoniga jiddiy ta’sir o`tkazishi mumkinligidan darak beradi.

Chexiya va Belgiya razvedkasi Moskva Rossiyaga qarashli “Yevropa ovozi” nashri orqali yevropalik bir necha rasmiylarni o’z ta’sir doirasiga olganini aniqladi.

Vladimir Putinning yaqin ittifoqchisi, ukrainalik oligarx Viktor Medvedchuk tomonidan moliyalashtiriladigan “Yevropa ovozi” nashri Rossiya dezinformatsiyasini tarqatish, rus matbuoti sarlavhalarini ko’chirib bosish bilan shug’ullanadi.

Belgiya razvedkasi aniqlashicha, “Yevropa ovozi” Yevropadan bo`lgan rasmiylarning o’z sahifasidagi ishtiroki, Rossiya propagandasi tarqatilishi uchun haq to`lagan.

“Politico” nashri yozishicha, Yevropa parlamentining 16 ta a`zosi “Yevropa ovozi” da Ukrainani qo`llashga qarshi chiqishlar qilgan, Kreml tamoyillarini takrorlagan. Ular hammasi Yevropadagi o`ngchi partiyalar vakillari.

Rossiya dezinformatsiyasi asosan Fransiya va Germaniyani nishonga olmoqda, o`z axborot taktikasini sinovdan o`tkazmoqda.

Rossiyaga qarashli “Doppelganger” guruhi ijtimoiy tarmoqlarda fransuz va nemis tilida soxta reklama kampaniyasini yuritmoqda.

Tadqiqotlar bilan shug'ullanuvchi “Al Forensics” tashkilotiga ko`ra, Rossiya kampaniyasi “Facebook”da “2023-yilning martidan 2024-yilning martiga qadar Germaniya va Fransiyada 38 million atrofidagi foydalanuvchilarni qamrashga erishgan, “Meta” bu reklamaning 20 foizini siyosiy deb topgan”.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi “X” tarmog’idagi reklama kampaniyasi davomida “50 mingga yaqin soxta akkauntlar nemis tilida millionga yaqin xabarlar tarqatganini” ma`lum qildi. Bu xabarlar kansler Olaf Sholsning Ukrainani qo`llash, qochqinlarga yordam berish siyosati nemislar manfaatiga zidligi haqida edi.

“Rossiya dezinformatsiyasi xavfsizlik va iqtisodiy vaziyatga doir Yevropadagi xavotirlardan unumli foydalanyapti, buni Ukraina bilan bog’layapti”, - deydi “Sufan” (Soufan Center) analitik markazi tahlilchisi Klara Brokart “Polygraph.info” bilan intervyusida.

“Ukraina qishloq xo`jaligi mahsulotlarining Yevropa bozoriga ta’siri, fermerlarning norozilik namoyishlari kabi ayni paytdagi muammolarga tayangan kampaniya Ukraina Yevropaga qo‘shilgan taqdirda bu yerdagi, jumladan, fransuz qishloq xo`jaligi ham inqiroz uchraydi, degan da`vodan iborat”, - deydi Brokart.

Avvalroq Fransiya Rossiya fransuz nashrlarining soxta veb sahifalarini yaratayotganidan xavotir bildirgan edi.

“Le Monde”, “Radio France Internationale” (RFI), “France 24” kabi nashrlarning soxta veb sahifalarida aksilurkain qarashdagi yangiliklar tarqatilgan.

Rossiya axborot xuruji davomida Prezident Emmanuel Makronning soxta tasviri yaratilgan syujet ham ishlab chiqdi. “France24” nashrining soxta sahifasidan tarqatilgan lavhada Makron fransuzlar “o’z Napaleonini” qo’llamayotganidan noliydi.

Rossiya axborot hujumidan Slovakiya ham chetda qolmadi, asosan demokrat nomzodlar.

2023-yildagi parlament saylovlaridan ikki kun oldin “Progressiv Slovakiya” partiyasi lideri Mixail Shimechning sun’iy intellekt yordamida ishlov berilgan audiosi tarqatildi. Bu audioda saylovni soxtalashtirish muhokama qilingan.

Rus dezinformatsiyasi Slovakiya matbuotiga jiddiy ta’sir o`tkazdi. Demokratlardan prezidentlikka nomzod Ivan Korchok slovaklarni Ukraina urushiga jo’natish qaroridagi yetakchi sifatida taqdim qilindi.

Bu soxta da´voni Slovakiyadagi ayrim nashrlar ham dastaklashdi, Bosh vazir Robert Fitso Korchokni urush tarafdori deb atadi.

Qizg`in kurash ostida o`tgan saylov Ukrainaga harbiy yordamni to’xtatish va’dasini bergan Robert Fitso yetakchiligidagi populistik partiya g’alabasi bilan tugadi.

Yevropada ashaddiy o`ngchilardan iborat bo`lgan kuchlar, xususan “Germaniya uchun alternativa” (AFD) partiyasi ham o’z siyosiy maqsadlariga erishishda rus propagandasidan foydalanib keladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG