Breaking News

G’arb rasmiylari: Rossiya xorijda josuslik faoliyatini kuchaytirmoqda


G’arb kuzatuvchilari Rossiya xorijda josuslik amaliyotlarini kuchaytirayotganiga ishora qiladi. O’tgan yil avgustida ikki safdoshini otib o’ldirib, harbiy vertolyotni Ukrainaga olib qochgan sobiq rus uchuvchisi Maksim Kuzminov soxta nom bilan Ispaniyada yangi hayot boshlaganiga qaramay, fevral oyida mamlakat janubida uning jasadi topildi.

Xalqaro hayot - 14-mart, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:31 0:00

Rossiya beshta o’qdan o’lgan sobiq harbiysiga hujum uning ishi ekanini tan olmadi. Biroq Rossiya Tashqi razvedka xizmatining rahbari Sergey Narishkin Kuzminovni xoin va ma’naviy murda deb atagan.

Rossiya Ukrainada urush boshlashidan oldin Yevropa mamlakatlari ko’plab rus diplomatlarini josuslikda ayblab haydagan edi. Tahlilchilar Rossiya xorijda razvedka amaliyotlarini jonlantirganiga ishora qiladi.

“Yevropaliklar rus josuslari ortiq yo’q, salohiyati keskin kamaygan deya ko’ngli joyiga tushgandek bo’ldi. Aslida bunday emas. Ular har qachongidan qudratli”, - deydi Londondagi Qirol kollejidan Marina Miron.

O’tgan oy Rossiya davlat matbuoti Germaniya Harbiy-havo kuchlari yuqori lavozimli ofitserlarining maxfiy telefon suhbatini oshkor qildi. German harbiylari Qrimga zarba berish uchun Ukrainaga uzoq masofali “Taurus” raketalarini uzatish xususida gaplashayotgan edi. Kiyev Germaniyada rus josuslik tarmog’i ancha faol ekani haqida ogohlantirmoqda.

Fransiya Rossiyani Yevropaga qarshi axborot hujumida ayblar ekan, fransuz razvedka idoralariga ko’ra, Rossiya iyun oyida bo’ladigan Yevroparlament sayloviga aralashishga qaratilgan kampaniyaga qo’l urgan.

“Rossiya Yevropada josuslik amaliyotlarini amalga oshirish uchun, saylovlarga aralashishga imkon beruvchi salohiyatini kuchaytirish uchun, turli ijtimoiy, etnik, diniy guruhlarni hukumatlariga qarshi qayrash uchun milliardlab dollar sarflamoqda, Yevropa mamlakatlarida hokimiyatga kelishi mumkin bo’lgan siyosiy proksilariga sarmoya qilmoqda”, - deydi Qirollik birlashgan xizmatlari institutining ukrainalik eksperti Oleksandr Danilyuk.

Tahlilchilarga ko’ra, tashqi amaliyotlarga kelganda rus razvedkasi Rossiya fuqarosi bo’lmagan agentlaridan tobora ko’p foydalanmoqda. Jumladan uyushgan jinoiy guruhlardan, xorijiy siyosiy va biznes doiralar vakillaridan.

Ayni paytda Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Polsha va yana bir necha mamlakatda Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilinayotgan odamlar ustidan sud jarayonlari bo’lib o’tmoqda.

Shu bilan birga, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining direktori Uilyam Byorns G’arb razvedkasi uchun Ukrainadagi urushdan norozi rus josuslarini yollash uchun noyob imkoniyat mavjudligiga ishora qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG