Breaking News

Ukraina g'oyib bo'lgan fuqarolari haqida ma'lumot izlamoqda


Bedarak yo’qolgan ukrainlar 37 mingdan oshgan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:42 0:00

Ukrainada bedarak yo’qolgan fuqarolar soni 37 mingdan oshgan. Bu haqda ombudsmen Dimitriy Lyubinets ma’lum qildi.

O’tgan yili Ukraina Ichki ishlar vazirligi bedarak ketganlar sonini 23 ming atrofida qayd etgan edi. Lyubinetsga ko’ra, 37 ming kishi hali yakuniy raqam emas, ular soni yanada oshishi mumkin. Ular orasida harbiylar, tinch aholi, jumladan bolalar ham bor.

Ukraina tomoni bedarak yo’qolganlar halok bo’lganmi, qamoqdami yoki hibsda ushlanyaptimi, aniq bilmaydi. Rossiya tomoni bu borada ma’lumot taqdim etmagan.

Ammo Rossiyadan sizayotgan xabarlar ayrim ukrainlar keskin tahdid, qiynoqlar ostida saqlanayotganidan dalolat beradi.

Ukraina bedarak yo’qolgan, asirga tushgan, qiynoqlar ostida ushlab turilgan fuqarolari taqdirini aniqlashtirishda ham, ularni Rossiyadan olib chiqishda ham AQSh yordamiga umidvor.

Rossiyada yoki rus armiyasi tomonidan ishg’ol qilingan hududlardagi Ukraina fuqarolari taqdiri, ularning haq-huquqlari jiddiy xavotir uyg’otmoqda.

AQSh Davlat departamenti yaqinda dunyodagi inson huquqlariga oid yillik hisobotini e’lon qildi. Unda Rossiya tomonidan bosqin qilingan hududlardagi vaziyat alohida bo’lim sifatida tahlil qilingan.

Hisobotda, jumladan, Rossiya bosqini ostidagi Ukraina hududlarida Rossiya armiyasi tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlar, jismoniy, jinsiy zo’rliklar, tinch aholi va harbiy asirlarning qatl etilishi, shafqatsiz qiynoqlar mavjudligiga doir ma’lumotlar aks etgan.

Ukraina Rossiya qamog’ida saqlanayotgan fuqarolarini ozod qilish, asirga olingan harbiylarini almashtirishga urinib keladi. Ikki tomon bir necha bor harbiy asirlarni almashgan.

Ammo bedarak yo’qolgan fuqarolari 37 mingdan oshgan Ukraina uchun bu juda qiyin vazifa. Huquq faollari hech bo’lmaganda hibsdagi ukrainlarga nisbatan qiynoqlarni bartaraf etishga urinmoqda.

BMT tomonidan Rossiya qamoqxonalaridagi qiynoqlar, rus armiyasining harbiy jinoyatlari, asirlarning qatl etilishi yuzasidan bildirilgan xavotirlar Moskvaga ta’sir o’tkazgani yo’q.

Ukraina hukumati AQSh bu borada ko’maklashadi, qiynoqqa yo’l ochayotgan idoralarga nisbatan sanksiyalar joriy etadi, degan umidda.

Rossiya tutqunidan ozodlikka chiqqan harbiy asirlarning qarindoshlari “Amerika Ovozi” bilan suhbatda asirlarga nisbatan dahshatli qiynoqlar qo’llanganini hikoya qilishar ekan, ayrimlari jinsiy zo’rlanganini ham ehtimol qilishadi.

Ukraina Harbiy razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiya urush qurbonlari va harbiy asirlarga nisbatan insoniy munosabatlar belgilangan Jeneva konvensiyasi shartlarini qo’pol buzmoqda.

Izyum shahri yaqinida topilgan ommaviy qabrlar, 15-sentabr, 2022
Izyum shahri yaqinida topilgan ommaviy qabrlar, 15-sentabr, 2022

AQSh Rossiyani bu bitimga rioya etishga bevosita majbur eta olmas, ammo Rossiya qamoqxonalaridagi ukrainlar manzilini aniqlashtirishda, ularni harbiy asirlarni almashtirish dasturiga qo’shishda yordam berishi mumkin.

Xalqaro Qizil xoch qo’mitasi Rossiya qamoqxonasida besh mingdan oshiq ukrainlar saqlanayotganini aniqlagan. Ammo yana minglab ukrainlarning, jumladan harbiylar, tinch aholi vakillarining taqdiri noma’lum qolmoqda.

Ukraina urushi davomida bedarak yo’qolgan minglab ukrainlar qatorida bir necha o’zbekistonlik ham bor. Ukrainaga ishlagani borgan surxondaryolik to’qqiz nafar yigit urush boshida ayovsiz janglar kechgan Kiyev viloyatida bedarak yo‘qolgan edi. Uchinchi yil o’tibdiki, ular taqdiri hamon noma’lum.

“Amerika Ovozi” bu borada o’tkazgan surishtiruv davomida ashaddiy janglar kechayotgan hududga tushib qolgan o’zbekistonliklar o’qqa uchgani ehtimol qilingan edi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi tinch aholiga nisbatan zo’ravonlik va harbiy jinoyatlar bilan kuzatildi. Ukraina tomoni Rossiya armiyasi ishg’olidan ozod qilingan hududlarda bir nechta ommaviy qabrlar topdi. Bu qabrlardan topilgan jasadlar shaxsini aniqlashtirish ishlari hamon yakuniga yetmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG