Breaking News

Dilshod Xolmatov - Ukraina sharafi uchun kurashayotgan sportchi


Parij olimpiadasiga yo'l olgan ukrainalik Dilshod Xolmatov kim?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:17 0:00

Ukrainalik o`zbek Dilshod Xolmatov Parijda kutilayotgan Olimpiada o´yinlarida Ukraina sharafini himoya qiladi. U dzyudo bilan shug’ullanadi, o`z vazni toifasida Ukrainada birinchi, dunyo bo`yicha sakkizinchi o`rinda. Dilshod Kiyevda tug’ilgan, otasi toshkentlik o`zbek, onasi ukrainalik.

“Kiyevda tug’ilganman, otam o`zbek, onam ukrain. Dzyudo bilan 5 yoshimdan shug’ullanman. Otam olib borgan, avval akam shug’ullanardi, keyin men unga qo’shildim. Ukraina milliy terma jamoasi a’zosiman, vaznim bo’yicha Ukrainada birinchi, dunyo bo`yicha sakkizinchi o`rinda turibman. Hozir Olimpiada o’yinlariga tayyorgarlik ko’ryapman”, - deydi Dilshod.

Dilshod 6 karra Ukraina chempioni; Yevropa chempionati, xalqaro musobaqalar sovrindori.

Ukraina urushi, Rossiya bosqini mamlakat sportiga jiddiy ta’sir o`tkazdi; professional sportchilarning xalqaro musobaqalardagi ishtiroki, ayniqsa, bu musobaqalarda Rossiya sportchilari ham qatnashayotgan bo`lsa, muammoga aylandi.

Ukraina hukumati Olimpiada ishtirokchilari uchun rossiyalik sportchilarga nisbatan o`zini qanday tutish lozimligiga doir tavsiyalar ishlab chiqqan.

Ammo bu muammoning bir tomoni; boshqa tomoni esa Ukraina muntazam raketalardan hujumga tutib turilgan bir sharoitda professional faoliyatni davom ettirish uchun iroda topish.

“Urush professional sportchilar faoliyatiga ham keskin ta’sir qildi, Kiyev raketa hujumlari ostida, tunlarni uyqusiz o’tkazar ekansan, mashg’ulotlarni davom ettirish qiyin. Bundan tashqari xalqaro musobaqalarga avtobus yoki poyezdlarda yetib borish kerak, ikki-uch kunlab yo’l yurish albatta natijaga o’z ta’sirini ko’rsatadi”, - deydi Dilshod.

Dilshod Gruziyada o`tgan so`nggi xalqaro turnirda tizzasidan jarohatlandi, ayni paytda muolajada, jarohati tiklanib, mashg’ulotlarga qaytish arafasida turibdi.

U o’zbek dzyudosini dunyoning kuchlilari qatorida e’tirof etadi, yoshligida taniqli o’zbek kurashchisi, Olimpiada sovrindori Rishod Sobirovdan ilhomlangan.

“Menga o`zbek dzyudosi juda yoqadi, sevimli sportchim Rishod Sobirov. Yoshligimda uning kurashishini ko`p kuzatganman, texnikasi o’ta yuqori, iste’dodli sportchi. Undan keyin Sharofiddin Lutfullayev chiqdi, uni bevosita taniyman, do’stim. Umuman O’zbekiston terma jamoasidagi ko’plab sportchilarni yaxshi taniyman, do’stlarim”, - deydi u.

Dilshodning akasi Shuhrat Xolmatov ham sportchi, dzyudo bilan shug’ullangan. Ayni paytda u sport murabbiyi.

Aka-uka Xolmatovlar Kiyevda dzyudo maktabiga asos solgan. Klub yosh bolalarga ixtisoslashgan, poytaxt Kiyevning bir necha tumanlarida o’z bo`limlariga ega. Ularda 200 oshiq bola dzyudo sirlarini o`rganadi.

Dilshod musobaqalar, mashg’ulotlardan bo’shaganda bu maktabda murabbiylar bilan tajriba almashadi, yosh sportchilarga o’z texnikasini namoyish qiladi.

Murabbiy Sofiya Tarasovaga ko`ra, yosh sportchilar muntazam ravishda mahalliy, xalqaro turnirlarda qatnashadi, qator yutuqlarga ega, Dilshod o’z tajribasi bilan bolalarga kuchli ishtiyoq beradi.

“Dilshodning klubdagi o`rni muhim, u doimiy tarzda yig’inlarda, musobaqalarda bo'lishidan qat’i nazar, vaqt topganda albatta klubga keladi, biz murabbiylar, bolalar uchun ham master-klass darslarini o`tadi”, - deydi Tarasava.

Aka-uka Xolmatovlar tomonidan tashkil qilingan dzyudo maktablari Ukraina, xususan, Kiyevda ancha tanilgan klublardan hisoblanadi.

Dilshod O´zbekistonda asosan bolaligida ko’p bo`lgan, bolalikning yorqin xotiralari O’zbekiston bilan bog’liq:

“Amakim Bektemirdagi gilam bozorida ishlardi, bizni, akam bilan bozorga olib borardi, gilam to’shab o’sha yerdagi tengqur bolalar bilan kurashga tushardik. Rahmatli buvim ruscha bilmasdi, ammo menga o’zbekchani o`rgatardi, bozorlik qilib, buvimga olib kelardik. Bolalikning eng iliq xotiralari O´zbekiston bilan bog`liq”, - deydi u.

Dilshod Ukrainada ulg’aygan, ta`lim olgan, milliy, madaniy qadriyatlari shakllanishida otasi muhim o’rin tutgan.

“Yoshligimdan o`zbekligimni anglab kelganman. Ukrainada ulg’ayganim uchundir, bunga ko`p diqqat qaratishgan, har doim o`zbek ekanligimni g’urur bilan ta`kidlab kelganman. Milliy, madaniy qadriyatlar shakllanishida otam muhim o`rin tutgan, albatta, onam doim uni qo`llab-quvvatlab kelganini ta`kidlash kerak”, - deydi sportchi.

Dilshod O’zbekistonni sevadi, mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatga ham befarq emas, yoqqan, yoqmagan jihatlarini ochiq aytish tarafdori.

“O’zbekiston menga juda yoqadi, ayniqsa, odamlardagi iliqlik, milliy taomlarimiz, urf odatlar, lekin shu bilan bir qatorda muammolar ham ancha ko’p, ayniqsa iqtisodiy, ijtimoiy vaziyatda. Nazarimda, oddiy xalqda imkoniyatlar kam, tabaqalarga ajratilgan, kimlardir o`ta hashamatli, kimlardir juda qashshoq, o’rta sinf shakllanmagan. Ijtimoiy adolatsizlik ham bor, ko‘pchilik uchun avtomobil olish orzu, ammo ishlab chiqariladigan mahalliy avtomobillar o`zbeklarning o`zi uchun juda qimmat qilib qo`yilgani, tashqarida esa aksinsa ularni ancha arzonga sotib olish mumkinligi adolatdan emas”, - deydi u.

Dilshod islomni, musulmonchilikni ham xorijda o`rgangan o’zbeklardan. E´tiqod uning hayotida muhim ahamiyat kasb etadi, o’zligini sakllantirishda, xususan sportchilik faoliyatida islomdan kuch topadi, imkon qadar juma namozlarida qatnashishga harakat qiladi.

Ukrainada uylarni ta’mirlayotgan amerikalik arxitektor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:28 0:00

“Imkon topganimda, ayniqsa, biror narsadan qiynalsam, masjidga kelishdan, namoz o`qishdan, ma’ruzalar tinglashdan taskin topaman. Bu yerda dunyo tashvishlari unutiladi, yelkangdagi yuk yo’qoladi. Masalan, musobaqada yutqazdim, bu yerga kelib muhimi sportdagi yutuqlar emas, jannatga loyiq bo’lish ekanligini anglaysan. Oxirgi paytda musobaqalar, yig’inlar ko`paygan, har doim ham Kiyevda emasman. Ammo borgan davlatlarimda masjid topishga, borishga harakat qilaman”, - deydi u.

Dilshod Ukrainadagi, dunyoning boshqa davlatlaridagi diniy erkinlikka doir manzaradan kelib chiqqan holda O’zbekistondagi vaziyatga nisbatan o’z qarashlariga ega:

“O´zbekistonda cheklovlar bor. Har holda tanishlarim shunday deyishadi. Men Ukrainada mashinamda joynamoz olib yuraman, namoz vaqti kelsa, buni istalgan joyda ado etishim, namoz o`qib olishim mumkin. Ammo O’zbekistonda bunday emas. Odamlar diniy ziyoratga chiqishi uchun ham hukumatdan ruxsat olish kerak”, - deydi u.

Dilshod Xolmatov ayni paytda Parijda kutilayotgan Olimpiada o`yinlariga tayyorlanmoqda.

Uni Ukraina Olimpiada qo´mitasi, murabbiylari, Kiyevdagi do’stlari, akasi, ota-onasi, O’zbekistondagi qarindoshlari ham qo´llab turibdi, kutishyapti.

Dilshodning g’alabasi Ukraina uchun, uning O’zbekistondagi yaqinlari uchun ham muhim voqea bo`ladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG