19-iyun kuni Kongo Demokratik Respublikasi sharqidagi Shimoliy Kivu viloyatida sodir etilgan hujum natijasida kamida besh kishi, jumladan, uch ayol va bir qiz halok bo‘ldi. Hukumat rahbarlari bombardimonda “M23” isyonchi guruhini ayblamoqda.
130 dan ortiq faol qurolli guruhlar, shu jumladan, “M23” ham Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) tabiiy resurslari, asosan oltin va olmoslar ustidan nazorat o’rnatish uchun kurashmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, KDRdagi urush tobora kuchayib bormoqda. 2023-yilning yanvaridan 2024-yilning martigacha bo‘lgan 14 oy ichida kamida 1533 tinch aholi halok bo‘lgan va taxminan 7 million kishi ko‘chishga majbur bo’lgan.
Jangovar harakatlar kuchayayotgan bir paytda ijtimoiy tarmoqlarda millionlab odamlarni nishonga olgan onlayn tashviqot va dezinformatsiyalar ham ko’paymoqda.
“X” platformasining “Rybar Force” nomli foydalanuvchisi doimiy ravishda yolg'on va chalg'ituvchi postlar yordamida Qo'shma Shtatlarni nishonga olib, Kongoda davom etayotgan urushda AQShni foyda ko‘rayotganlikda ayblamoqda. Rybar Force — bu rus harbiy blogeri Mixail Zvinchukning “X”dagi nomi.
Rossiya, Xitoy va Eronning Afrikadagi ta'siri kuchayib borayotgani yuzasidan AQSh xavotirlarini aks ettirgan “Bloomberg” tahlilini sharhlar ekan, Zvinchuk shunday deb yozadi:
“...Shimoliy Kivu konlarini AQSh foydasiga ruandalik qo'g'irchoq kuchlar, ya’ni “M23” guruhi tomonidan egallangani uzoq vaqtdan beri Kongo Demokratik Respublikasi rahbariyati uchun sir emas. Shu yo’l bilan AQSh hukumati resurs narxini maqbul darajada ushlab turib, mamlakatning mintaqaviy yetakchiga aylanishiga yo'l qo'ymayapti”.
Bu yolg’on.
Birinchidan, Mixail Zvinchukning ma'lumot manbai sifatida qanchalik ishonchli ekanligini tekshirish maqsadida bir nechta faktlar keltiramiz:
2019-yilgacha Zvinchuk Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmatida ishlagan. Bungacha esa Rossiya harbiy razvedkasining maxsus operatsiyalar bo'linmasi - Spetsnaz GRUda razvedka guruhining qo'mondoni bo'lib xizmat qilgan.
Yevropa Ittifoqi va Ukraina 2023-yilda dezinformatsiya va Kreml tarafdori sifatida propaganda tarqatgani hamda “Rybar” nomli 1.2 million kishidan ortiq obunachiga ega Telegram kanalida “Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi va tahdid soluvchi harakatlarni qo‘llab-quvvatlagani” uchun Zvinchukga qarshi sanksiyalar kiritgan edi.
2022-yil dekabr oyida Prezident Vladimir Putin Zvinchukni Moskvaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini qo'llab-quvvatlashdagi “safarbarlik harakatlari”ni boshqarish uchun Rossiya Prezidenti qoshidagi kengash a’zoligiga tayinladi.
Mustaqil rus internet nashri “The Bell”ning xabar berishicha, Zvinchuk 2020-yil iyundan – 2021-yil avgustgacha o’z Telegram kanalini moliyalashtirish uchun “Vagner” guruhi asoschisi marhum Yevgeniy Prigojindan mablag’ olgan. AQSh Prigojinning Sankt-Peterburgda joylashgan va AQShga qarshi zararli dezinformatsiya va targ'ibot bilan hujum qilish maqsadida yaratilgan "Trollar fabrikasi"ga egalik qilgani va uni moliyalashtirganini aniqlab, unga qarshi sanksiyalar kiritgan edi.
Ikkinchidan, 2013-yil yanvar oyida Qo'shma Shtatlar “M23”ga qarshi keng ko'lamli inson huquqlarini buzganligi uchun sanksiyalar joriy etgan. AQSh “M23” jangarilarini tinch aholiga qasddan hujum qilishda, bolalarga nisbatan jinsiy zo'ravonlik kabi taqiqlangan faoliyat bilan shug'ullanganlikda ayblagan.
AQSh Davlat departamenti Ruanda hukumatini “M23”ni qo‘llab-quvvatlagani uchun qoraladi va uni “Ruanda mudofaa kuchlarining barcha xodimlarini zudlik bilan KDRdan olib chiqib ketishga chaqirdi.
Mazkur yilning fevral oyida Kongo Demokratik Respublikasidagi vaziyat bo‘yicha o’tkazilgan BMT Xavfsizlik Kengashi brifingida AQShning BMTdagi maxsus siyosiy masalalar bo‘yicha vakili o‘rinbosari, elchi Robert Vud: “AQSh hech qanday holatda “M23”ni qo‘llab-quvvatlamaydi va Ruanda hukumatini ushbu guruhni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga bir necha bor jamoatchilik oldida chaqirgan”, - degan edi.
Uchinchidan, AQSh KDRning qimmatbaho metallari va minerallarini qazib olish va savdosini nazorat qilish uchun urushni uzaytirayotgani haqidagi Zvinchuk da'vosi ham yolg'ondir.
AQSh o'z hududida qurolli guruhlar yoki inson huquqlari buzilgan mojaroli zonalardan qazib olinadigan foydali qazilmalar savdosiga yo'l qo'ymaydi.
2010-yilda AQSh Kongressi Dodd-Frank qonunining 1502-bo'limi deb nomlanuvchi “muammoli minerallar” to'g'risidagi qonunni qabul qilgan.
Qonun AQSh kompaniyalarining qurolli guruhlar hukmron yoki inson huquqlari poymol qilingan hududlarni moliyalashtirmasligini kafolatlaydi.
Dodd-Frank qonuni Amerika birjasida ro‘yxatga olingan kompaniyalardan, agar ular import qiladigan foydali qazilmalar Kongo Demokratik Respublikasidan kelib chiqishi mumkin bo‘lsa, o‘z ta’minot zanjirlarini “tegishli tekshiruvdan” o‘tkazishni va aniqlangan xavflarni bartaraf etish choralarini ko‘rishni talab qiladi.
Kompaniyalar har yili Milliy xavfsizlik birjalariga o'z natijalari haqida hisobot berishlari shart.
Tegishli tekshirish Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti tomonidan oʻrnatilgan, BMTning Biznes va inson huquqlari boʻyicha yetakchi tamoyillariga tarjima qilingan standartlarga mos kelishi kerak.
AQSh G'aznachilik departamentining ma'lumotlariga ko'ra, “KDRdagi oltinning 90 foizdan ortig'i mintaqaviy davlatlarga, jumladan, Uganda va Ruandaga kontrabanda yo'li bilan olib kelinadi va u yerda ko'pincha tozalanadi va xalqaro bozorlarga, xususan BAAga eksport qilinadi”.
2022-yil 17-mart kuni AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi belgiyalik Alan Goetzga qarshi sanksiyalar kiritdi, uning Ugandadagi “African Gold Refinery” kompaniyasi har yili Kongo Demokratik Respublikasidan yuzlab million dollarlik noqonuniy oltin tashish bilan shug'ullangan.
Ruanda Prezidenti Pol Kagame “23-mart harakati” isyonchilari Kongoda yashovchi ruandalik tutsilarni himoya qilish uchun kurashayotganini ta'kidlaydi.
“M23” asosan etnik tutsilardan iborat. Avval Kongo armiyasi tarkibida bo‘lgan bu guruh o‘z nomini 2009-yil 23-martda Kongo Demokratik Respublikasi hukumati bilan tuzilgan tinchlik shartnomasi sharafiga olgan.
2012-yilda “M23” Kongo Demokratik Respublikasining Ruanda bilan chegaradosh Shimoliy Kivu viloyatidagi Goma shahrini nazoratga oldi va tinchlik kelishuvi noto’g’ri amalga oshirilganini da'vo qildi. Kongo armiyasi va BMT tinchlikparvar kuchlari “M23”ni mag’lub qildi. “M23”ning tirik qolgan jangarilari Ruanda va Ugandaga qochib ketdi.
“M23” harakati keyingi o'n yil davomida faoliyat ko'rsatmadi, ammo 2021-yil noyabr oyida yana paydo bo'lib, Kongo Demokratik Respublikasi sharqiy qismining katta qismini o’z nazoratiga oldi.