Breaking News

Rossiya Afrikada o'z ta'sirini kengaytirishga intilmoqda


Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov (markazda) Chadga tashrif buyurmoqda.
Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov (markazda) Chadga tashrif buyurmoqda.

Rossiya diplomatlari Afrikaning Sahel mintaqasidagi bir qancha mamlakatlariga safar qilib, ularga yordam va harbiy ko’mak va'da bermoqda. Moskva qit'aning notinch, minerallarga boy qismida o'z ta'sirini kuchaytirishga intilmoqda.

Rossiya Fransiya va AQSh kabi Afrikaning doimiy ittifoqchilarini siqib chiqargan holda, mintaqaning ko’plab davlatlarida xavfsizlik bo’yicha hamkorga aylanmoqda. So'nggi yillarda Afrikaga bir necha bor sayohat qilgan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov shu kunlarda Gvineya, Kongo respublikasi, Burkina-Faso va Chadda to'xtab o’tdi.

Moskva "Vagner" xususiy xavfsizlik kompaniyasi va uning Afrikadagi o’xshash varianti bo'lgan “Afrika korpusi”ning yollanma askarlaridan foydalangan holda, Afrika rahbarlarini himoya qilishdan tortib, davlatlardagi ekstremistlarga qarshi kurashda yordam berishgacha bo'lgan rollarni o'z zimmasiga olgan. Shu tarzda Moskva Afrika davlatlari bilan harbiy hamkorlikni faol ravishda kengaytirmoqda.

Polsha xalqaro munosabatlar instituti o'zining shu oydagi tadqiqotida, "Afrika korpusini yaratib, Rossiya Afrikada o'z harbiy ishtirokini kengaytirish bo'yicha dadil qadamni qo’ydi," deb yozadi.

Moskva, shuningdek, Ukraina urushi davrida Afrikaning 54 mamlakatidan siyosiy qo'llab-quvvatlash yoki hech bo'lmaganda betaraflikni kutmoqda. Afrika davlatlari Birlashgan Millatlar Tashkilotida eng yirik ovoz berish blokini tashkil etadi va Bosh assambleyaning Ukrainadagi Rossiya harakatlarini qoralovchi rezolyutsiyalariga ovoz berishda boshqa har qanday guruhga qaraganda ko'proq bo'lingan.

“Rossiyaga aloqador tuzilmalar Afrika davlatlari va Gʻarb oʻrtasidagi aloqalarga putur yetkazish maqsadida dezinformatsiya ham tarqatdi”, - deb yozadi AQSh Mudofaa vazirligiga qarashli Afrika strategik tadqiqotlar markazi mart oyidagi hisobotida. “

“Moskva 22 dan ortiq davlatga qaratilgan 80 ta hujjatlashtirilgan kampaniyaga homiylik qilmoqda", - deyiladi unda.

Nima uchun Afrika davlatlari Rossiyaga murojaat qilmoqda?

Rossiya to'ntarishga uchragan davlatlardagi siyosiy tartibsizliklar va noroziliklardan foydalanib, hukumatni sobiq mustamlakachi Fransiyadan sovutmoqda. Harbiy to'ntarishlar Fransiya va G'arbga yaqin bo'lgan hukumatlarni ag'darib tashladi hamda qashshoqlik, ishsizlik va boshqa qiyinchiliklarni yengillashtirish uchun deyarli hech narsa qilmadi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Gvineya Tashqi ishlar vaziri Morissanda Kuyate Konakrida (Gvineya) Gvineya Prezidenti Mamadi Doumbuya portreti yonida qo‘l siqishmoqda, Konakri, Gvineya, 2024-yil, 3-iyun.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Gvineya Tashqi ishlar vaziri Morissanda Kuyate Konakrida (Gvineya) Gvineya Prezidenti Mamadi Doumbuya portreti yonida qo‘l siqishmoqda, Konakri, Gvineya, 2024-yil, 3-iyun.

Rossiya siyosatga aralashmagan holda xavfsizlik bo’yicha yordam taklif qilmoqda. Bu esa hokimiyatni qo’lga kiritgan harbiy hukumatlar tomonidan boshqarilayotgan Mali, Nigeriya, Burkina-Faso kabi davlatlarning e’tiborini tortmoqda. Evaziga Moskva foydali qazilmalar va shartnomalarni qo’lga kiritishdan umid qilmoqda.

Fransiya, AQSh va boshqa G'arb ittifoqchilarining jihodchi guruhlarga qarshi kurashga qaratilgan sa'y-harakatlariga qaramay, "Al-Qoida" va "Islomiy davlat" guruhiga aloqador ekstremistlar bilan bog'liq zo'ravonlik yillar davomida Sahelda kuchayib bormoqda. 2013-yilda Fransiya Malida jangarilarga qarshi kurashda yordam berish uchun deyarli o'n yillik operatsiyani boshladi. Bu operatsiya Niger, Burkina-Faso va Chadga ham tarqaldi. Operatsiya to'qqiz yil o'tgach yakunlandi, ammo mojarolar tugamadi va bu G'arbga bo'lgan g'azabni kuchaytirdi.

AQSh demokratiya va inson huquqlari kabi masalalardagi qarorlarni majburlab qabul qildirish orqali asosiy ittifoqchilari bilan aloqalarda o'z mavqeini yanada yo'qotdi. Ko'plab Afrika davlatlari bu munosabatlarni Vashingtonning boshqa mamlakatlardagi ba'zi avtoritar rahbarlar bilan yaqin aloqalarini hisobga olib, ikkiyuzlamachilik deb hisoblaydi.

“Gʻarb Afrikadagi davlat toʻntarishi yetakchilariga demokratiya va boshqa masalalar yuzasidan bosim oʻtkazishi mumkin bo’lgan bir paytda, Rossiya ichki ishlarga aralashmayapti”, - dedi Janubdagi yangi siyosat markazining katta ilmiy xodimi Rida Lyammuri “Associated Press” agentligiga.

Rossiyaning Afrika mamlakatlariga qiziqishi sababi nimada?

Afrika minerallar, neft va boshqa resurslarga boy bo'lib, mobil telefonlar kabi elektronika mahsulotlarida ishlatiladigan kobalt yoki batareyalarda ishlatiladigan litiy kabi resurslar ko’plab davlatlarning iqtisodiy va milliy xavfsizligi uchun tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Rossiya boshqaruvi cheklangan mamlakatlarda faoliyatini kuchaytirmoqda va o'zi nazorat qiladigan kompaniyalar orqali konchilik shartnomalarini imzolayapti. Yevropa Ittifoqi parlamenti tadqiqoti shuni ko'rsatdiki, Rossiya o’z hududiga Markaziy Afrika Respublikasidan oltin va olmos, Kongodan kobalt, Sudandan oltin va neft, Madagaskardan xromit, Zimbabvedan platina va olmos, Namibiyadan uran kirishini ta'minlagan.

AQShda joylashgan “Demokratiya 21” notijorat guruhi o‘tgan dekabr oyida e’lon qilgan tahlilga ko’ra, “Vagner” kompaniyasi va Rossiyaning o’zi 2022-yil fevralida Ukrainaga bostirib kirganidan beri birgina Afrikada oltin savdosi orqali taxminan 2,5 milliard dollar ishlab topgan bo‘lishi mumkin.

Rossiya neft va tog'-kon sanoati sohasida Afrika mamlakatlari bilan tobora ko'proq sherik bo'lib borayotgan bo'lsa-da, umumiy savdo sherigi sifatida ancha orqada qolmoqda. Masalan, Xalqaro valyuta ma'lumotlariga ko'ra, Afrika eksportining 1 foizdan kamrog'i Rossiyaga, 33 foizi esa Yevropa Ittifoqiga to'g'ri keladi.

Rossiya pudratchilari Afrikaning qayerida ishlaydi?

Afrikadagi “Vagner” yollanma askarlari haqidagi ilk xabarlar 2017-yil oxirida, guruh oltin qazib olish boʻyicha imtiyozlar evaziga oʻsha paytdagi prezident Umar al-Bashirga yordam koʻrsatish uchun Sudanga safarbar etilganda paydo boʻlgan. Tez orada “Vagner”kompaniyasi boshqa Afrika mamlakatlarida ham ko’rina boshladi.

2018-yilda rossiyalik pudratchilar Liviya sharqida jangarilarga qarshi kurashayotgan kuchli qo‘mondon Xalifa Xifterni qo‘llab-quvvatlash uchun yordamga bordi. Ular, shuningdek, Xifterning bir yil o'tib Tripoli poytaxtini egallashga bo'lgan muvaffaqiyatsiz urinishida ham ishtirok etdi.

Markaziy Afrika Respublikasida rossiyalik yollanma askarlar 2018-yildan buyon xavfsizlikni taʼminlab kelmoqda va buning evaziga ular mamlakatdagi oltin va olmos konlarining bir qismiga kirish huquqiga ega boʻlgan.

2020-yilda Malida, 2021-yilda Burkina-Fasoda va 2023-yilda Nigerdagi to'ntarishlar G'arbga tanqidiy munosabatda bo'lgan harbiy hukumatlarni hokimiyatga olib keldi. Har uchala davlat ham oxir-oqibat fransuz va boshqa G'arb kuchlarini chiqarib yuborib, o’rniga Rossiyadan harbiy yordam so'radi.

AQSh delegatsiyasi bilan uchrashuv muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan soʻng Niger shu yil boshida AQShga oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketishni va Agadezdagi keng qamrovli harbiy va josuslik bazasini yopishni buyurdi. Qaror AQShning Afrika Sahelidagi isyonchilarga qarshi operatsiyalarini izdan chiqardi.

Oradan haftalar o‘tib, rossiyalik instruktorlar yangi mudofaa jihozlari bilan Nigerga yetib keldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG