Sudanda harbiylar va qurolli otryadlar o’rtasida kechgan qonli to’qnashuv qurbonlari 97 kishiga yetgan. Bu haqda 17-aprel tongida Sudan shifokorlari ma’lum qilgan. Qurbonlarning uch nafari BMT xodimlari.
“Reuters” axborotiga ko’ra, 365 kishi jarohat olgan. Ayrim manbalar yaralanganlar qariyb 600 kishini tashkil etishini ma’lum qilmoqda.
To’qnashuvlar 15-aprel kuni Suveren Sudan muvaqqat kengashi rahbari general Abdul Fattoh al-Burxonga sodiq armiya hamda kengash raisi o’rinbosari general Muhammad Hamdan Dagalo yetakchiligidagi “Operativ quvvatlov kuchlari” o’rtasida kelib chiqqan.
Tomonlar 2019-yilda dindor avtokrat Umar Hasan al-Bashirni hokimiyatdan ag’darish uchun o’z kuchlarini birlashtirgan edi. Ular fuqarolik boshqaruviga o’tish jarayonida “Operativ quvvatlov kuchlari”ning armiya tarkibiga kiritilishi borasida kelisha olmay qolgani bildirilmoqda.
Xabarlarga ko’ra, hokimiyatni egallash yo’lida raqobatda bo’lgan tomonlar to’qnashuvida “Operativ quvvatlov kuchlari”ning bazalariga havo zarbalarini bergan Sudan armiyasi ustunlikka erishgan.
BMT ning Sudandagi missiyasi aralashuvi bilan Burxon va Dagalo 16-aprel kuni soat 16:00 dan 19:00 gacha uch soatlik gumanitar pauza sulhiga kelishgan va o’t ochishni to’xtatgan.
Pauza vaqti nihoyasiga yetishi bilan Xartumda bombalar portlagan. “Operativ quvvatlov kuchlari”ning Bahri shahrida joylashgan bazalari bombardimon qilingan.
Guvohlarning aytishicha, 16-aprel kuni Xartum markazi, Sudan harbiy shtabi hamda prezident saroyi tevaragida dahshatli otishmalar yuz bergan.
AQSh, Xitoy, Rossiya, Misr, Saudiya Arabistoni, BMT Xavfsizlik Kengashi, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi tomonlarni zudlik bilan o’t ochishni bas qilishga chaqirgan. Qurolli to’qnashuvlar shundoq ham beqarorlik domidagi mintaqada vaziyatni o’girlashtirishidan ogohlantirgan.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinkennning 16-aprel kuni ma’lum qilishicha, diplomat Saudiya Arabistoni hamda Birlashgan Arab Amirliklarining tashqi ishlar vazirlari bilan Sudandagi vaziyat bo’yicha maslahatlashgan.
“Biz tomonlarning hech qanday shartlarsiz zudlik bilan harbiy harakatlarni to’xtatishi lozimligi borasida yakdilmiz. Oldinga siljishning yagona yo’li – Sudan xalqining demokratik intilishlarini quvvatlaydigan muzokaralarga qaytish”, - deya ta’kidladi Blinken.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham Sudan harbiylari va qurollangan otryadlari o’rtasidagi qurolli nifoqni qoralagan. O’nlab qurbonlar qatorida tashkilotning Butunjahon oziq-ovqat dasturida ishlagan uch xodimning halok bo’lganiga urg’u bergan.
BMT tomonlarni murosaga chaqirar ekan, begunoh tinch aholi vakillarining o’limi uchun javobgarlarga qonuniy chora ko’rishga chaqirgan.
Facebook Forum