Breaking News

Birinchi xonimning Afrika safari boshlandi


AQSh birinchi xonimi Jill Bayden Afrika liderlari sammitida so'zlamoqda. Vashington shahri, 14-dekabr, 2022.
AQSh birinchi xonimi Jill Bayden Afrika liderlari sammitida so'zlamoqda. Vashington shahri, 14-dekabr, 2022.

Prezident Jo Baydenning rafiqasi 21-fevral kuni Vashingtondan Afrikaga uchib ketdi. Jill Bayden AQShning birinchi xonimi sifatida ilk bor Namibiya va Keniyaga tashrif buyuradi. Safar chog’ida ayollar huquqlari va muammolari, bolalar salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalari muhokama qilinadi.

Jill Bayden Barak Obama prezidentligi davrida AQShning ikkinchi xonimi sifatida Afrikaga besh marta safar qilgan. 2011-yil u Keniyada shunday nutq so’zlagan edi:

“Mamlakatda bolalar o’limi ortmoqda. Men Amerika hukumatiga murojaat qilib, bu og’ir vaziyatni tushuntiraman va yordam berishga chaqiraman”.

Jill Bayden safarini Keniyadan boshladi. U, shuningdek, 33 yil avval mustaqillikka erishgan Namibiyaga tashrif buyurgan AQShning ilk birinchi xonimiga aylanadi.

Xalqaro hayot - 22-fevral, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:41 0:00

Ayollar va bolalar muammosidan tashqari, Jill Bayden Sharqiy Afrikada jiddiy tahdidga aylanayotgan oziq-ovqat taqchilligi masalasiga ham e’tibor qaratmoqda.

Dekabrda Prezident Bayden bu mintaqaga 2 milliard dollarlik yordam uzatilishini bildirgan.

“Yordam bolalar va oilalar och qolmasligi uchun”, - degan edi prezident.

Prezidentlarning rafiqalari uyushtirgan safarlar, tabiiyki, davlat rahbarlarining strategik tashriflaridan farq qiladi. Jill Baydenning o’z izohiga ko’ra, birinchi xonimlar saylovchilar taqdim etgan hokimiyat mandatiga ega emas.

“Men saylanmaganman, biroq o’z rolimga egaman. Rahbarlarning rafiqalari ham xalqqa xizmat qiladi. Insonlarning ichki dunyosi va orzu-umidlaridan xabardormiz. Qo’shnilar o’rtasidagi mehr-oqibat va sahovatning kichik mo’jizalariga guvohmiz. Jamiyatlar birlashsa, qanday yirik muammolarni hal eta olishiga shohidmiz”, - degan edi Jill Bayden.

Odatda, AQSh birinchi xonimlari Afrika qit’asida iliq kutib olinadi, ular prezidentlarga ta’sir o’tkazish kuchiga ega bo’lgani uchundir balki, deydi Ogayo universitetining tarixchi professori Ketrin Jellison.

“Odamlar siyosatchidan ko’ra, oddiy insonga iliqroq munosabatda bo’ladi, orada bir rishta paydo bo’ladi”, - deydi u.

Afrika mamlakatlarini Rossiya emas, Ukrainani dastaklashga chaqirib kelayotgan Bayden ma’muriyati AQSh moliya vaziri Janet Yellenni Senegal, Zambiya va Janubiy Afrikaga yo’llagan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri esa bugungi Rossiya yoki sobiq sovet ittifoqiga yaqin bo’lgan Mali, Sudan va Angola kabi mamlakatlarga tashrif buyurdi.

Afrikada o’z manfaatlariga ega Pekin ham Xitoyning yangi tashqi ishlar vazirining ilk safarini aynan shu qit’aga belgilagan.

Jill Baydenning Afrika safari bugundan boshlab besh kun davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG