Breaking News

Putinning Ukrainaga oid so'nggi da'volari qanchalik asosli?


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin

78 mamlakat yetakchilari Ukrainadagi tinchlik masalasini muhokama qilish uchun Shveysariyada o’tkazilgan sammitga yig'ildi. Ular Moskva-Kiyev o'rtasidagi har qanday tinchlik muzokaralari uchun oldindan shart sifatida Ukrainaning hududiy yaxlitligi tan olinishi lozimligini aytayotgan bir paytda, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremldan turib boshqacha fikr bildirdi.

Putin Ukrainadan Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni topshirishni va NATOga a'zolikdan voz kechishni talab qildi. Bu Rossiya tomonidan qo'yilgan tinchlik shartlari, dedi Putin. Uning nutqi yillar davomida Ukrainaga qarshi Rossiya tajovuzini oqlash uchun foydalanilgan propagandali matnlar va dezinformatsiya bilan to’la edi.

Polygraph.info” Putinning sakkizta da’vosini ko’rib chiqib, ularni yolg‘on va chalg‘ituvchi deb topdi.

Putin: “Rossiya urushni boshlamagan. Aynan Kiyev rejimi Ukrainaning ayrim hududlaridagi aholi xalqaro huquqqa muvofiq mustaqillik e’lon qilganidan so‘ng jangovar harakatlarni boshlagan va buni davom ettirmoqda”.

Bu yolg’on: Rossiya Ukrainaga qarshi urushini 2014-yil fevralida yashirin bosqinchilik va keyinchalik Qrimni anneksiya qilish bilan boshlagan. 2014-yil mart oyida qurollangan rus agentlari Ukrainaning Donbass viloyatiga kirib, harbiy harakatlarni yo’lga qo’ygan. 2014-yil avgust oyida esa, Rossiya maxsus jangovar qo'shinlarini qo'llab-quvvatlash uchun muntazam armiya bo'linmalarini joylashtirdi. 2022-yil 24-fevralda Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshladi.

Putin: “Ukraina qurolli kuchlarining katta guruhi Lugansk va Donetskga yangi hujum uyushtirishga, albatta, etnik tozalash va katta qurbonliklarni amalga oshirishga tayyorlanayotgan edi. Biz bu falokatning oldini olishga, odamlarni himoya qilishga majbur edik va shu qarorni qabul qildik”.

Bu yolg’on: Xalqaro kuzatuvchilar va tergov guruhlarining hech biri Ukraina hukumat kuchlarining etnik ozchiliklarga qarshi ommaviy vahshiyliklar sodir etganiga oid dalillar haqida xabar bermagan. Aksincha, Rossiya harbiy jinoyatlar, insoniyatga qarshi jinoyatlar va genotsidda ayblanmoqda.

Putinning “odamlarni himoya qilish”, “katta qurbonlar va falokatning oldini olish” uchun urush olib borayotgani haqidagi da'vosi ham xuddi shunday yolg'on. Birlashgan Millatlar Tashkilotining aytishicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi “yaqin tarixdagi eng tez rivojlanayotgan gumanitar favqulodda vaziyatlardan biriga sabab bo‘lgan”. 3,5 milliondan ortiq ukrainalik Rossiya bosqini oqibatida Ukraina nazoratidagi shahar va qishloqlaridan qochib ketgan. 6,5 milliondan ortiq ukrainalik xorijiy davlatlardan boshpana so‘ragan.

Rossiyaning havo hujumlari va yerdagi zarbalari Ukraina sharqidagi Popasnaya, Mariupol, Avdeyevka va boshqa ko‘plab shaharlarni yer bilan yakson qildi.

BMT xabariga ko’ra, “Ukrainadagi millionlab odamlar betartib hujumlar, portlamagan snaryadlar tufayli oʻlim va jarohatlarga duch kelmoqda; uy-joylarning vayron boʻlishi, koʻchirilishi, davlat xizmatlarining toʻxtab qolishi yoki haddan tashqari choʻzilishi natijasida yuzaga kelgan noqulayliklardan aziyat chekmoqda”.

“28 oylik urushdan so'ng gumanitar ehtiyojlar ko'lami juda katta. Tinch aholining 32 mingdan ortig’i urush qurboni bo’ldi, jumladan, 11 000 kishi halok boʻlganligi tasdiqlangan, biroq real raqamlar bundan ancha yuqori”, - deydi BMT.

Putin: “Maʼlumki, 2022-yilning fevral-mart oylarida bizning qoʻshinlarimiz Kiyevga yaqinlashdi. Ammo uch million aholisi bo'lgan shaharga hujum qilish uchun hech qanday siyosiy qaror yo'q edi”

Bu yolg’on: Rossiya qo'shinlari Ukraina poytaxti Kiyev tomon to'g'ridan-to'g'ri yurib, harbiy bosqinning birinchi kunida uning chekkalarigacha yetib bordi. Xabarlarga ko‘ra, Moskva Kiyevni uch kun ichida egallash va 9-maygacha, ya’ni Rossiya Ikkinchi jahon urushi g‘alaba kunini nishonlaydigan sanaga qadar Ukraina ustidan nazoratni o‘rnatishni rejalashtirgan. Kiyev uchun jang 2022-yil 25-fevraldan 2-aprelgacha davom etdi. Havo va quruqlik kuchlar o’rtasida katta farq bo’lishiga qaramay, rus armiyasi kuchli qarshilikka va ulkan yo'qotishlarga duch keldi. Mart oyining oxiri va aprel oyining boshlarida Ukraina Kiyev chekkalarini ruslardan tozaladi, ularning chekinishi urushning eng dramatik manzaralariga, jumladan, Bucha shahridagi tinch aholining qirg‘iniga sabab bo’ldi.

Putin: “NATO 1980-yillarning oxiri va 1990-yillarning boshlarida Sovet Ittifoqiga, keyin esa Rossiyaga blok yangi a’zolarni qabul qilmaydi deb bergan va’dasini unutib qo‘ydi”.

Bu yolg’on: Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti tashkil etilgan kundan boshlab "Ochiq eshiklar siyosati"ga amal qilgan, ya'ni har qanday davlat a'zolik talablariga javob bersa, o'z xohishiga ko'ra a'zo bo'lishi mumkin. NATO hech qachon bu siyosatni o'zgartirmagan.

Na AQSh, na Yevropa hech qachon Rossiya bilan NATOga a’zolik bo‘yicha shartlarni o‘z ichiga olgan shartnomalar imzolamagan.

Sobiq SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov 2014-yilda G‘arb Sovet Ittifoqiga NATO Sharqqa qarab kengaymaydi, deb hech qachon va’da qilmaganini tasdiqlagan.

1997-yilda o’sha paytdagi AQSh Prezidenti Bill Klinton Rossiya Prezidenti Boris Yelsin bilan “jentlmenlik kelishuvi” tuzishdan bosh tortgan va “hech bir sobiq sovet respublikasi NATOga qo‘shilmaydi”, deb aytgan edi.

Putin: “Yevropalik yuqori martabali siyosatchilar ishtirokidagi Rossiyaga qarshi propaganda kampaniyasi Rossiya Yevropaga hujum qilish niyatida degan taxminlarni ilgari surmoqda. Barchamiz tushunamizki, bu ayblovlar asossiz va faqatgina qurollanish poygasini oqlashga xizmat qiladi”.

Bu noto’gri: Putin “Rossiyaga qarshi propaganda kampaniyasi" deb atagan narsa, Rossiyaning doimiy qurolli tahdidlari, yadroviy zarbalar bilan qo’rqitishi va G‘arb poytaxtlarini "radioaktiv changga" aylantirish va'dalariga javobdir.

Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganiga qadar, so’nggi ikki yil ichida Putin, uning yuqori martabali amaldorlari, Kreml mafkurachilari, yetakchi qonunchilar va davlat ommaviy axborot vositalari targ‘ibotchilari bevosita yoki bilvosita G‘arb davlatlariga kamida 114 ta yadroviy zarba berish bilan tahdid qilishgan. “Polygraph.info” nashri 2022-yil 24-fevraldan 2024-yil 13-martgacha bo‘lgan davrdagi Rossiya hukumati va jamoat manbalarini o‘rganib, Rossiya yadroviy tahdidlari haqida yuqoridagi bahoni berdi.

Putin: “Gʻarb Ukrainadagi qiyinchiliklar va siyosiy janjallardan aniq foydalanib, 2014-yildagi siyosiy toʻntarishni rejalashtirdi, moliyalashtirdi va uyushtirdi”.

Bu yolg’on: 2014-yilda Ukrainada davlat to‘ntarishi bo‘lmagan. Harbiylar rossiyaparast prezident Viktor Yanukovichning ketishida hech qanday rol o’ynamagan. Yanukovich Ukrainaning Yevropa Ittifoqi bilan assotsiatsiya shartnomasini buzgani uchun ommaviy noroziliklarga duch keldi va o‘z lavozimini tashlab, Rossiyaga qochib ketdi. Maydan inqilobi Qo'shma Shtatlar tomonidan uyushtirilgani haqida qayta-qayta da'vo qilishiga qaramay, Rossiya namoyishchilar AQSh yoki boshqa xorijiy hukumatning agentlari ekanligiga ishonarli dalillar keltirmadi.

Putin: “Ma’lumki, Qrim 1954-yilda barcha qonun va tartib-qoidalarni, hatto Sovet Ittifoqida amalda bo‘lgan qoidalarni buzgan holda RSFSR tarkibidan Ukrainaga o‘tkazilgan.

Bu noto’g’ri: 1954-yilda Ukraina Sovet Sotsialistik Respublikasi yoki Ukraina SSR sifatida Sovet Ittifoqi tarkibida edi. Hozirgi Rossiya o'sha paytda Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi yoki RSFSR deb nomlangan. Putin bayonotidan farqli o‘laroq, har ikki respublika Qrim yarim orolini (o‘sha paytda viloyat) Rossiyadan Ukrainaga o‘tkazishga rozi bo‘lgan. Bu qadam qonuniy va RSFSR Konstitutsiyasiga to‘liq mos edi, deydi Garvard universitetining Devis nomidagi Rus va Yevrosiyo tadqiqotlari maktabi rahbari Mark Kramer. 1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanganida Ukraina fuqarolari, jumladan, Qrim aholisi ham mustaqillik uchun ovoz bergan.

2008-yilda Putin Germaniyaning ARD telekanaliga Qrim Ukrainaning "mutlaqo bahssiz hududi" ekanligini, Rossiya Qrimni bosib olish va anneksiya qilishni rejalashtirayotgani haqidagi har qanday xabar “provokatsiya” ekanligini aytgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG