Kreml propagandachilari, davlat axborot agentliklari va yuqori amaldorlar AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller aks etgan soxta videoga tayanib, AQSh va Ukrainaga qarshi ommaviy dezinformatsion hujum uyushtirdi.
“Bizga maʼlum boʻlishicha, Vashington, Nyu-York, Berlin, Parij va Varshavada, Kiyevni aytmasak ham bo’ladi, tinch aholi qolmagan. U yerda faqat harbiy nishonlar bor”, - dedi Rossiya tomonidan bosib olingan Ukrainaning Zaporijya viloyatidan Rossiya Senatiga tayinlangan Dmitriy Rogozin “News.ru” axborot saytiga.
Rogozin shu tarzda go’yoki AQSh rasmiysi Metyu Miller so’zlariga javob berdi. Manbasi noma’lum videoda AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Millerning jurnalistlarga aytishicha, Ukraina harbiylari Rossiya bilan chegaradosh Belgorod shahriga hujum qilishi mumkin, chunki barcha tinch aholi u yerni tark etgan va shaharda faqat harbiy nishonlar qolgan.
Rossiya kosmik agentligi “Roskosmos”ning sobiq bosh direktori va sobiq bosh vazir o'rinbosari Rogozin, ikkala lavozimda ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo’lishiga qaramay, Kremlning Ukrainaga qarshi gibrid urushining oldingi saflarida qolmoqda.
Rossiya tasarrufi ostida yashayotgan ukrainaliklar vakili sifatida senator etib tayinlangan Rogozin AQSh Davlat departamenti matbuot kotibiga nisbat bergan video aslida soxta bo’lib chiqdi.
Estoniya fakt-tekshirish sayti “Provereno.Media”ning aniqlashicha, video yaratuvchilar AQSh Davlat departamentining 9-may va 28-may kunidagi matbuot brifinglaridan olingan turli kadrlarni bitta videoga birlashtirgan.
Sud-tibbiyot tahlilidan tashqari, videoda raqamli manipulyatsiya mavjudligini ko'rsatuvchi belgilar bor. Masalan, savol qabul qilingandan keyin bir necha soniya ichida Millerning ko'ylagi oq rangdan ko'k rangga, galstugi esa ko'kdan binafsha rangga o'zgargan. Uning lablari so'zlariga mos kelmasdan harakat qilgan, bu esa artikulyatsiya va nutq o'rtasida sinxronizatsiyaning yo'qligidan dalolat beradi.
Mashhur Boltiqboʻyi mediaportali DELFI ruslarning Telegramidagi kanallar va postlarni kuzatish, kataloglashda yordam beradigan TGStat vositasidan foydalanib, 30-maydan 3-iyungacha platformada Miller tasvirlangan taxminan 300 ta soxta video postlar paydo boʻlganini hisoblab chiqdi. Ushbu postlar dastlabki toʻrt kun ichida 2 milliondan ortiq koʻrilgan.
Rossiya harbiy razvedkasining “Krasnaya Vesna” yangiliklar sayti birinchilardan bo‘lib o‘zining Telegram kanalida soxta videoni e’lon qildi.
Bir vaqtning o'zida ko'plab rus tilidagi akkauntlar bu soxta videoni Rossiya davlat ijtimoiy tarmoqlari va VKontakte, Rutube, shuningdek, YouTube va “X” platformalari orqali tarqatdi.
Bunday ommaviy tarqalish Rossiyada "informatsionniy vbros" deb ataladigan axborot urushi taktikasining bir qismi hisoblanadi.
May oyida “X” platformasida yarim milliondan ortiq obunachiga ega bo’lgan “Sprinter Family” akkaunti orqali ingliz tilida joylashtirilgan soxta yasama video virus kabi tarqalib ketdi. Bu akkaunt tez-tez dezinformatsiya va yolg’on kontent tarqatishda ayblanadi.
“X”da Amerikaga qarshi vahimali izohlar bilan videoni baham ko'rganlar orasida Rossiyaning Janubiy Afrikadagi elchixonasi ham bor edi, ammo ertasi kuni u o’z obunachilaridan uzr so'ramasdan va hech bir izohsiz postni o'chirib tashladi.
Avvaliga rossiyalik axborot agentliklari va gazetalari videoga umuman e'tibor qilishmadi, ammo Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning maslahatchisi va Rossiya Inson huquqlari kengashi raisi Valeriy Fadeyev o'zining Telegram-kanalida videoni bo'lishib, Millerni "AQSh departamentidagi beadab” deb ataganidan keyin bu “so’nggi yangiliklar”ni boshqalar ham tarqata boshladi.
Keyinroq Fadeyev video postni soxta deb kanaldan o’chirdi va “afsuski, videoning soxtaligi vaziyatni o’zgartirmaydi, chunki hatto soxta video ham AQShning asl pozitsiyasini aks ettirgan”, - deb izoh qoldirdi.
“Bu video soxta, AQSh Davlat departamenti rasmiy vakilining bayonotlarini yoki AQSh siyosatini aks ettirmaydi”, — deb xabar berdi AQSh Davlat departamenti vakili “Polygraph.info”ga elektron pochta orqali.
Rogozin ham, Fadeyev ham, hatto Rossiya ommaviy axborot vositalari ham ochiq-oydin yasama videoni tarqatgani yoki undan Qo‘shma Shtatlarga dezinformatsion hujum qilishda foydalangani uchun uzr so‘ramadi.
Rossiyaning rasmiy hukumat gazetasi “Rossiyskaya gazeta”, TASS davlat axborot agentligi, Kremlning asosiy tashqi targʻibot resursi RT (sobiq Russia Today), mega-mashhur “Komsomolskaya pravda” tabloidi va shu kabi nufuzli ommaviy axborot vositalari Miller haqidagi yasama soxta videoni AQSh Davlat departamentining haqiqiy videosi deya xabar qildi.
Ulardan hech biri o’z xabarini to'g'rilamadi va soxta kontekstni qayta tahrir qilmadi, yoki izoh qoldirmadi. U fosh qilinganidan beri bir necha hafta o'tganiga qaramay, bu xabarlar hanuzgacha mavjud va Rossiyaning “Yandex Dzen” kabi kontentni targ'ib qilish xizmatlari tomonidan bemalol tarqatilmoqda.
Latviyadagi “Insider”, Estoniyadagi “Provereno.Media” faktlarni tekshirish sayti kabi bir nechta xorijning rus tilidagi OAVlari videoni tekshirib, uning soxta ekanligini aniqladi. Xuddi shu ishni Amerika va Yevropa OAVlari, jumladan, Koloradodagi faktlarni tekshirish sayti “Stories” va “Agence France-Presse”ning AFP Fact Check bo'limi ham qildi.
Metyu Miller soxta videoni izohlab, Rossiya hukumati ilgari ham shunga o'xshash videolar yaratib, o'z fuqarolarini va boshqa mamlakatlardagi odamlarni chalg'itish uchun dezinformatsiyadan foydalanganini ta'kidladi. Shuningdek, Microsoft tahdidlarni tahlil qilish markazi ham Rossiyadagi davlat subyektlari generativ sun'iy intellektni ishlatib, AQSh prezidenti saylovlari va 2024-yilda Parijda bo'lib o'tadigan Olimpiya o'yinlari kabi muayyan voqealarga qaratilgan ingliz, fransuz va nemis tillarida soxta videolar va soxta media kontentni ommaviy ishlab chiqarayotgani haqida xabar berdi.
Hisobotda aytilishicha, Rossiyaning Storm-1679 va Storm-1099 taʼsir koʻrsatuvchi operatsiyalar boʻlinmalari Xalqaro Olimpiya qoʻmitasini qoralash va Parij oʻyinlarida zoʻravonlik qoʻrquvini oshirish uchun Telegram, “X” va boshqa shu kabi ijtimoiy media platformalarida botnetlar yordamida soxta kontentlar ishlab chiqaradi va tarqatadi.
Amerika sayti “NewsGuard” dezinformatsiya va sun'iy intellekt tomonidan yaratilgan “deepfake” videolarni kuzatib boradi va tahlil qiladi. Uning xabar berishicha, Rossiya Floridaning qochqin sobiq sherif o'rinbosari Jon Mark Dugandan Kreml dezinformatsiyalarni ishlab chiqarish va tarqatishda asosiy shaxs sifatida foydalanmoqda.
Dugan 2016-yildan beri Moskvadan turib AQSh bo'ylab mahalliy yangilik manbalari sifatida ko'rinadigan 167 ta veb-saytlar tarmoqlarini boshqaradi. Ushbu veb-saytlar Rossiyaning Ukrainadagi urushi, AQShning ichki va tashqi siyosati kabi mavzularda Kremlning propagandaga asoslangan hikoyalarni ilgari suradi, millionlab amerikaliklarning ishonchiga kirib, ularning asl axborot manbalariga bo'lgan ishonchni susaytiradi.