Breaking News

Amerikada saylov yilida dezinformatsiya og'ir muammo


AQSh Senatida Razvedka qo’mitasi raisi demokrat Mark Vorner xavfni bartaraf etishning yangi yo’llari zarur, deya undamoqda
AQSh Senatida Razvedka qo’mitasi raisi demokrat Mark Vorner xavfni bartaraf etishning yangi yo’llari zarur, deya undamoqda

Saylovchi qarashlariga qattiq ta’sir qiluvchi omillar nima? Amerikaliklar bu masalalardan qanchalik ogoh? Saylovchi haqiqatni yolg'ondan ajrata oladimi?

AQShda razvedka idoralari 5-noyabrdagi saylov biror tashqi aralashuvsiz o’tishini ta’minlash uchun harakatda. Tahdid ko'p, deydi ekspertlar. Aholi orasida yolg’on va uydirma tarqatish, axborot deya to’qima berishning oldini olish bag’oyat qiyin.

“AQSh demokratik institutlariga ishonchni pasaytirishga urinayotgan tomonlar bor”, - deydi Shon Maynor, “Recorded Future” degan xususiy razvedka firmasi vakili.

“Ijtimoiy tarmoqlarda demokratiya safsata, deya bong urishning o’zi shunday harakatlardan biri bo’lishi mumkin. Nomzod biror davlatga yoqmasa, unga qarshi targ’ibotga zo’r beriladi”.

Texnologik imkoniyatlar ham har doimgidan keng. AQSh Senatida Razvedka qo’mitasi raisi demokrat Mark Vorner xavfni bartaraf etishning yangi yo’llari zarur, deya undamoqda.

“Sun’iy intellekt ham mana kirib kelib, o’z ta’sirini o’tkazmoqda. U orqali tashqi aralashuv, dezinformatsiya va axborotni noto’g’ri talqin qilish hollari yanada quloch yozmoqda. Amerika ommasini ogoh qilishimiz kerak, bir yoqadan bosh chiqarib”,- deydi senator.

Saylovchilar “Amerika Ovozi” bilan suhbatlarda bu muammo haqida bilishini aytadi. Biroq tan ham olishadiki, yolg’on va haqiqatni ajratish qiyin, ayniqsa ijtimoiy tarmoqda.

“Sun’iy intellekt orqali odamning nima deyayotganini o’zgartirishlari mumkin, uni osongina adashtirishlari mumkin”, - deydi Seylon ismli amerikalik.

“Juda qiyin, chunki tinglovchi har doim ham tanqidiy va tahliliy fikrlovchi odam emas. Nimani eshitsa, shunday qabul qiladi”, - deydi Shila ismli amerikalik.

Saylov-2024: Saylovchi haqiqat va yolg'onni ajrata oladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:40 0:00

Muammoni qanday hal etish mumkin?

“Mustaqil organlar kerak, informatsiyani elakdan o’tkazib beradigan, haqiqatni tasdiqlay oladigan. Aks holda sizga nima berilsa, shu bilan o’tirasiz. Haqqoniylik darajasi ham shunga yarasha bo’ladi”, - deydi Jo ismli amerikalik.

“Internetni senzura qilishga majbursiz, boshqa yo’l yo’q. Avvalo, har bir inson o’z ustida ishlashi kerak, toki axborotni anglaydigan saylovchiga aylansin, har narsaga ishonavermasin”, - deydi Koul ismli amerikalik.

Misinformatsiya va dezinformatsiyaga qarshi kurashayotgan idora va tashkilotlar ko’paymoqda.

AQSh Kiber-xavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi “Uydirma yoki Haqiqat?” degan sayt ochgan. Saylov haqida barcha ishonch info o’sha yerda, deya bildiradi agentlik.

“News Literacy Project” degan mustaqil loyiha ham saylovchilar uchun foydali manba.

“Propagandistlar va yovuz niyatli taraflarning eng ko’p ishlatadigan taktikasi - sizning hissiyotlaringizga ta’sir qilish. Sizni shokka soladigan, qo’rqitadigan narsalarga urg’u berish bilan shunday qilishadi. Vahimaga berilmasdan, ozgina izlaning, o’ylaning, balki bu gaplar asossizdir”,- deydi Piter Adams, loyiha boshqaruvchisi.

Federal qidiruv byurosi rahbari Kristofer Rey bu masala yuzasidan yaqinda Kongressda hisobot berdi. Omma qanchalik ma’lumotli bo’lsa, uni aldash shunchalik qiyin bo’ladi, deydi Rey. Hukumat xususiy sektor va fuqaro jamiyati bilan yaqindan ishlashi lozim. Asosli va haqqoniy axborot har taraf va har kimga suv va havodek zarur, deydi byuro direktori, va ayniqsa saylov oldidan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG