Ommaviy axborot vositalari tahlilchilarining so’zlariga ko’ra, yangiliklar niqobi ostida soxta xabarlar tarqatuvchi saytlar soni qonuniy mahalliy yangilik saytlari miqdoridan oshib ketgan. Ularning tarqalishida Rossiya yetakchi rol o'ynamoqda, deydi kuzatuvchilar.
“NewsGuard” dezinformatsiyani nazorat qilish tashkiloti tomonidan o'tkazilgan tadqiqot soxta xabarlar saytlarining ko'payganini ko'rsatdi.
Bunday saytlarning ortida turganlar, odatda, tarafkash tashkilotlar yoki maksimal foyda olish uchun klik-beyt kontentini ishlab chiqaruvchilardir, deydi “NewsGuard”. Nazorat organining aytishicha, texnologiya va generativ sun’iy intelektdan foydalanish soxta saytlar yaratish imkonini ko'paytirgan.
“NewsGuard”ning sun’iy intellekt va xorijiy ta'sir masalalari bo’yicha muharriri Makkenzi Sadegi "Amerika Ovozi"ga bu raqamlar AQShda matbuot erkinligi va prezidentlik saylovlariga tahdid solishi mumkin bo'lgan qayg’uli voqea ekanligini aytdi. Bu onlayn ommaviy axborot vositalariga nisbatan allaqachon pasayib borayotgan ishonchning yana ham kamayishiga turtki beradi, dedi u.
“Bunday saytlar soni, hajmi, ko'lami va murakkabligi bo'yicha oshdi, - dedi Sadegi. - Soxta saytlar soni 1 265 ta bo’lib, ular AQShdagi kundalik mahalliy gazetalar sonidan ko'p ekanligini aniqladik; bu esa xavotirli”.
Shimoli-G'arbiy universitetning Jurnalistika fakulteti tomonidan amalga oshirilayotgan “Medill Local News Initiative” loyihasi ma'lumotlariga ko'ra, AQShdagi qonuniy mahalliy yangiliklar saytlarining soni tarixiy minimumga yetgan: 1213 ta.
“Biz butun mamlakat bo'ylab mahalliy yangiliklar tashkilotlarining yo'qolishi va qisqarayotganini kuzatyapmiz, - dedi “Medill Local News Initiative” direktori Tim Franklin. - AQSh hududlarining yarmidan ko'pi endi yangiliklar sahrosiga duch kelmoqda yoki mahalliy yangiliklarni cheklangan holda olyapti”.
Yangiliklar sahrosi - bu katta geografik hududlar bo'lib, undagi aholi mahalliy yangiliklarni eshitmaydi yoki cheklangan holda saytlarga kirish imkoniyatiga ega. Daromadning qisqarishi va auditoriyaning kamayishi mahalliy ommaviy axborotning tanazzuliga hissa qo'shayotgan ikki omildir.
“Menimcha, bunday operatsiyalarni boshqarayotgan shaxslar bizning butun mamlakat bo'ylab mahalliy yangiliklar biznes modeli qulaganiga guvoh bo'lganimizni tushunishadi”, - deydi Franklin.
“Ular qonuniy mahalliy yangiliklarning yo'qolishi natijasida paydo bo'lgan bo'shliqni to'ldirishga harakat qilishadi, - deydi u. - O'ylashimcha, bizni dezinformatsiya va ishonchsiz ma'lumotlar to'lqini qamrab oladi”.
Sadegining aytishicha, Rossiya tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan 150 dan ortiq saytlar soxta xabarlarning tarqalishiga katta hissa qo'shmoqda.
“Bu saytlar kontent yaratishda – matnlarni, rasmlarni, hatto logotiplarni yaratishgacha asosan sun'iy intellektga tayanadi, - deydi Sadegi. - Ular ijtimoiy tarmoqlarda juda keng tarqalgan va odamlar ularni oddiy, ishonchli mahalliy nashrlar deb o'ylab ishonib qolishgan”.
“NewsGuard” ma'lumotlariga ko'ra, Rossiya tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan saytlardan birining asosiy tashkilotchisi Florida shtatining sobiq sherifi o'rinbosari Jon Mark Dugan bo'lib, u 2016-yilda jinoiy ayblovlardan qochib, AQShdan Moskvaga ketgan. “NewsGuard”ning ta'kidlashicha, Rossiya tarmog'idagi 167 ta saytning barchasi Dugan bilan bog'liq.
Dugan Kreml himoyasida yashab, “DCWeekly” va “Boston Times” kabi nomlar ostida soxta Amerika yangiliklari saytlarini boshqaradi.
Klemson universitetining Media kriminalistika markazi DCWeekly.org soxta veb-saytini IP manzili orqali Moskvadagi Duganga tegishli ekanini aniqladi. Markazning ta'kidlashicha, sayt katta ehtimol bilan Rossiya hukumati tomonidan qo'llab-quvvatlanadi.
“NewsGuard”ning ta’kidlashicha, Dugan bu saytlarga hech qanday aloqasi yo’qligini aytgan.
“Rossiya bilan bog'liq matnlar to’lqini kelgusidagi ta'sir operatsiyalarining boshi bo'lishi mumkin”, - deb yozadi “Media Forensics Hub” maqolalaridan birida.
“Sun'iy intellekt va boshqa yangi raqamli texnologiyalar jinoyatchilarga yolg'on tizimlar va tashkilotlar yoki butun nashrlarni yaratishga imkon beradi, agar bu diqqat bilan tekshirilmasa, o’ta yolg’on ma’lumotlar ham yetkazib berishi mumkin”, - deyiladi yana unda.
Franklinning fikricha, soxta veb-saytlarning ko'payishi AQShdagi saylovlar bilan bog'liq.
“Kuzda biz hech qachon ko’rmagan dezinformatsiyalarning zaharli aralashmasiga duch kelishimiz mumkin va kuzgi saylovlar arafasida meni eng ko'p tashvishlantirayotgan narsa shu”, - deydi u.
Sadegi bu saytlarning yagona maqsadi AQSh saylovlariga ta'sir o'tkazish ekanligiga ishonadi.
“Oxirgi marta dezinformatsiyalar oqimi 2022-yilgi oraliq saylovlarda ko'tarilgan edi. Endi keying saylov paytida yana paydo bo'ladi va saylovchilarga nomzodlarni tanlashda o’z ta’sirini o’tkazadi”, - dedi u.