Xolokost yodgorligidagi qonli qo'llar tasviri yoki Eyfel minorasi yonidagi tobutlar; Ukraina urushiga askarlarni yollash uchun tashkil qilingan soxta kampaniyalar hamda Tinch okeanidagi 15 000 aholiga ega noma’lum hududda ro’yxatdan o’tgan fransuz yangiliklar sayti…
Fransiya rasmiylari, Yevropa va AQShdagi kiberxavfsizlik bo'yicha mutaxassislarning aytishicha, bularning barchasi Rossiya uyushtirgan hamda Fransiyaga qaratilgan dezinformatsiya kampaniyalarining bir qismidir. Fransiyadagi parlament saylovlari va Parijdagi Olimpiada o’yinlari arafasida bu kabi axborot hujumlari yanada kuchaygan.
So’nggi yilda e’lon qilingan o’nlab soxta yoki aldamchi xabarlar Rossiya Fransiyani, xususan, yaqinlashib kelayotgan o‘yinlarni va Ukrainaning Yevropadagi eng kuchli tarafdorlaridan biri bo‘lgan Prezident Emmanuel Makron obro’sini zaiflashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirayotganidan dalolat beradi.
Internetda Rossiyaning Fransiyaga qarshi dezinformatsiya kampaniyalari 2023-yil yozida boshlangan. Biroq birinchi marta oktabr oyida, 1000 dan ortiq Rossiyaga aloqador botlar Parij va uning atrofida Dovud yulduzi aks etgan graffit suratlarini tarqatganida jamoatchilik e’tiboriga tushdi.
Fransiya razvedkasi hisobotida aytilishicha, yahudiylarni Xolokostdan qutqarishda yordam berganlar xotirasiga belgi qo'yish va keyinchalik uni tahqirlash buyrug'i Rossiya razvedka boshqarmasi (FSB) tomonidan berilgan.
Kiberxavfsizlik bo'yicha mutaxassislarning aytishicha, har bir tadbirning fotosuratlari Rossiyaning RRN dezinformatsiya sayti bilan bog'liq soxta akkauntlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan. Rossiya bunday kampaniyalarga aloqadorligini rad etadi. Fransuz razvedkasi hisobotida aytilishicha, RRN Kremlning yuqori martabali rasmiysi Sergey Kiriyenko tomonidan tashkil etilgan yirik operatsiyaning bir qismidir.
“Bu holatga ekotizim deb qarash kerak, - deydi Rossiyaning sa'y-harakatlari haqidagi ma'lumotni fosh qilgan, lekin ismini aytishni istamagan fransuz harbiy amaldori. - Bu gibrid strategiya”.
Belgilar va vandalizm Rossiyaning Ukrainadagi urushi bilan bevosita bog'liq emas, lekin bu fransuz siyosiy qatlamida salbiy munosabatni uyg'otib, qonunchilik organi va jamoatchilikning keskin muhokamasiga sabab bo'ldi. Fransiyada antisemitik hujumlar ko'paymoqda va G'azo urushi nizolarga sabab bo'lmoqda.
Dovud yulduzi timsoli Isroilni qo'llab-quvvatlash yoki aksincha, unga muxolifat sifatida talqin qilinishi mumkin. U nizo va tartibsizliklarni keltirib chiqarish maqsadida amalga oshirilgan. Natijada Fransiya aholisining kichik bir qismini tashkil qiluvchi 500 000 kishilik yahudiylar o’zlarini siyosiy kurash markaziga tushib qolgandek his qildi.
Mart oyida Makron Fransiya harbiylarini Ukrainaga safarbar qilish imkoniyatini muhokama qilganidan so‘ng, Ukrainaga jo’natish uchun fransuz armiyasiga askar yollashga oid soxta e’lonlar paydo bo’ldi. Bu e’lonlar Rossiya va Belarus ommaviy axborot vositalari tomonidan ham tarqatildi. 1-iyun kuni esa Eyfel minorasi yonida "Ukrainadagi fransuz askarlari" yozuvi tushirilgan tobutlar paydo bo'ldi.
Fransuz harbiy rasmiysining aytishicha, bu harakatlar ortida uzoq muddatli va barqaror ijtimoiy kelishmovchilikni keltirib chiqarish, ommaviy axborot vositalari va demokratik hukumatlarga ishonchni susaytirish, NATOni zaiflashtirish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni pasaytirish kabi maqsadlar turibdi.
9-iyun kuni Fransiyaning o‘ng qanot partiyasi “Milliy birlashish” Yevropa parlamenti saylovlarida Makronning partiyasini mag‘lub etdi. Bu partiya tarixan Rossiyaga yaqin bo'lgan: uning yetakchi shaxslaridan biri Marin Le Pen ko'p yillar davomida Putin bilan aloqalarni saqlab kelgan va 2014-yilda Rossiyaning Ukrainadan Qrimni noqonuniy anneksiya qilishini qo'llab-quvvatlagan. Uning bosh vazirlikka asosiy nomzodi Jordan Bardella esa Kiyevga uzoq masofali qurol yuborilishiga qarshi ekanligini aytgan.
Rossiya botlarining xatti-harakatlarini tahlil qiluvchi “antibot4navalny” guruhi tomonidan noyabr oyining oʻrtalaridan beri toʻplangan 4400 dan ortiq postlar orasida Fransiya va Germaniyadagi auditoriyaga moʻljallangan postlar ko’pchilikni tashkil qilgan. Ma'lumotlarga ko'ra, haftalik xabarlar soni 100 dan 200 tagacha bo'lgan, faqat 5-may haftasida Rossiyada bayram bo’lgani sababli postlar soni deyarli 0 ga tushgan.
Aksariyat postlar RRN yoki asosiy fransuz OAVlariga o'xshash, lekin mavzu va kontenti o'zgartirilgan saytlarga yo'naltiriladi. So'nggi paytlarda ro'yxatga olingan kamida ikki o’xshash sayt Parijdan 10 soat uzoqlikda joylashgan fransuz Tinch okeani hududi — Uollis va Futuna orollarida ro'yxatga olingan. Soxta sahifaning yuqori qismidagi havola asl yangilik saytlariga qayta yo'naltiradi, bu esa haqiqiylik taassurotini uyg’otadi. Qolgan postlar esa “Doppelganger” deb nomlangan kampaniya tomonidan boshqariladigan soxta saytlarga qo’yiladi.
Qayta joylangan postlar e'tiborni Yevropa saylovlariga qaratdi va Makron saylov tugashiga 3 hafta qolganda muddatidan oldin parlament saylovlarini e'lon qilganidan keyin ham davom etdi. “Antibot4navalny” tomonidan “Associated Press”ga taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, 30-iyun kuni bo'lib o'tgan parlament saylovlarining birinchi turidan oldingi haftada fransuz auditoriyasiga qaratilgan postlarning uchdan ikki qismi Makronni tanqid qilishga yoki “Milliy birlashish”ni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan edi.
“Le Point” jurnali va Fransiyaning “AFP” axborot agentligi tomonidan tarqatilgani da’vo qilingan soxta veb-saytdagi postlardan birida ham Makron tanqid qilingan.
“Bizning rahbarlarimiz oddiy fransuzlar qanday yashashini bilmaydi, lekin Ukrainaga yordam berish uchun Fransiyani yo'q qilishga ham tayyor”, - deyiladi maqola sarlavhasida.
Yana bir sayt Makronning partiyasiga mansubligini yolg‘on da’vo qilib, Makronga berilgan har bir ovoz uchun 100 yevro to‘lashni taklif qilgan va partiyaning haqiqiy veb-saytiga havola qilgan.
“Ular avtomatik ravishda ma'lumotlarni chiqarib olishadi, matnni sun'iy intellektga yuborishadi va sun'iy intellektdan maqolaga o’ziga kerakli ma’lumotni qo'shishni va uni qayta yozishni so'rashadi”, - deydi “Recorded Future” kiberxavfsizlik kompaniyasi tahlilchisi Klemant Briyens.
Fransiya hukumatining kiberxavfsizlikni nazorat qiluvchi tashkiloti “Viginum” 2023-yilning iyun oyidan beri Rossiyaning Fransiya va boshqa mamlakatlarda nizo keltirib chiqarishga qaratilgan sa'y-harakatlari haqida bir nechta hisobotlarni chop etdi.
“Microsoft Threat Analysis Center” ma’lumotlariga ko‘ra, bu Kremlga aloqador Telegram kanallari sun'iy intellekt tomonidan yaratilgan Tom Kruzning ovoziga o‘xshash ovoz bilan Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasini tanqid qiluvchi “Olimpiada barbod bo’ldi” nomli to‘liq metrajli soxta Netflix filmini targ‘ib qila boshlagan vaqtda boshlangan.
“Microsoft” kompaniyasining aytishicha, “Storm-1679” deb nomlangan kampaniya olimpiada o'yinlari oldidan qo'rquv uyg'otib, o'tgan yilning kuzida 1972-yilgi olimpiadada isroillik sportchilarga qilingan hujumlarga ishora qiluvchi raqamli fotosuratlarni tarqatgan.
“Raqamli axborotni manipulyatsiya qilish kampaniyalari demokratiyani beqarorlashtirish uchun haqiqiy vositaga aylandi, - deyiladi “Viginum”. - Ushbu global hodisa xorijdagi g’arazgo’y kuchlarga misli ko'rilmagan imkoniyatlarni beradi”.
Hisobotda "Rossiya" so'zi tilga olinmagan.
“Bu Rossiyaning global siyosati: ular haqiqatan ham odamlarni ekstremal holatlarga olib kelishni xohlaydi, - deydi kiberxavfsizlik bo’yicha fransiyalik ekspert Baptist Robert. - Hozir bu siyosat juda yaxshi ishlayapti”.