Yevroparlament uchun bo’lib o’tgan saylovlar kuchlar taqsimida inqilobiy o’zgarishlar qilmadi, ammo qit’aning ayrim davlatlarida siyosiy bo’hronlar boshlanishiga ishora berdi.
Fransiya, Belgiya, Germaniyadagi saylovlar hukumatdagi siyosiy partiyalar inqirozini, bu davlatlarda o’ngchi millatchi kuchlar hokimiyatga kelishi ehtimoli jiddiy oshganini ko’rsatdi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron saylovdagi mag’lubiyati ortidan mamlakat parlamentini tarqatib yubordi, yangi saylovlar e’lon qildi.
Yevroparlament saylovlari g'olibi, Marin Le Pen yetakchiligidagi “Milliy alyans” navbatdan tashqari chaqirilgan milliy saylovlar ortidan hokimiyatga da’vogar asosiy kuchga aylandi.
Belgiya bosh vaziri ham saylovlar natijasi ortidan iste’foga chiqdi, mamlakatda o’ngchi partiya tarafdorlari keskin oshgan.
Germaniyadagi vaziyat ham shunday. “Germaniya uchun alternativa” o’ngchilar partiyasi saylovda yirik g’alabaga erishdi, koalitsion hukumatdan keyingi ikkinchi o’rinni egalladi.
Italiya, Niderlandiyada parlament saylovlariga qadar ham millatchi partiyalar g’alabasi kuzatilgan edi.
Yevroparlamentda mo’tadil demokratik kuchlar ko´pchilikni saqlab qolgan bo’lsa-da, saylov natijasi Ittifoqning, Yevropaning siyosiy, iqtisodiy qudrati hisoblangan Germaniya, Fransiya kabi davlatlardagi siyosiy jarayonlar istiqbolini ham bahsli qiladi.
Yevroparlament saylovida Ukraina va unga harbiy yordam masalasi markaziy o’rinda bo’lmasa-da, o’ngchi kuchlar bundan siyosiy maqsadda foydalanishdi.
Saylov ortidan Yevropa parlamentiga kelgan yangi siyosiy kuchlarning aksariyati yordamga qarshi, Rossiya bilan hamkorlikni tiklash tarafdori ekanligi inobatga olinsa, saylov natijalari Ukraina uchun xavotirlardan xoli emas.
Marin Li Pen yetakchiligidagi “Milliy alyans” va “Germaniya uchun alternativa” ham Ukrainaga harbiy yordamni to’xtatish, Moskva bilan hamkorlikni tiklash rejasini qo’llaydi.
Ukrainada Yevroparlament saylovlari diqqat bilan kuzatildi. Hukumat, siyosatchilar va jamoatchilikdagi asosiy xavotir o’ngchi millatchilarning to’liq g’alaba qozonishi ehtimoli bilan bog´liq edi.
Saylov natijalari Ukrainadan bu xavotirni aritdi deyish qiyin. Yevroparlamentda Ukraina tarafdorlari bo’lgan siyosiy kuchlar ko’pchilikni saqlab qolishgan bo’lsa-da, Kiyevga jiddiy harbiy va moliyaviy yordam ko’rsatib kelayotgan asosiy davlatlar Fransiya, Germaniyada bu ko’makni to’xtatish tarafdori bo’lgan kuchlar hokimiyatni olishga yaqinligini ko’rsatdi.