Breaking News

FQB Rossiya davlat televideniyesi sharhlovchisining uyida tintuv o’tkazdi


FQB agentlari Virjiniya shtatidagi Xantli shahrida AQSh fuqarosi, kelib chiqishi rossiyalik bo’lgan Dmitriy Sayms xonadonida tintuv o‘tkazdi.
FQB agentlari Virjiniya shtatidagi Xantli shahrida AQSh fuqarosi, kelib chiqishi rossiyalik bo’lgan Dmitriy Sayms xonadonida tintuv o‘tkazdi.

Shu oy Vashingtondan taxminan bir soatlik masofada joylashgan uyga Federal Qidiruv Byurosi (FQB) tomonidan reyd uyushtirildi. Bu AQShning 2024-yilgi saylovlarga chet elliklarning aralashuviga qarshi kurash bo‘yicha sa’y-harakatlari doirasida amalga oshirildi.

FQB agentlari Virjiniya shtatidagi Xantli shahrida AQSh fuqarosi, kelib chiqishi rossiyalik bo’lgan Dmitriy Sayms xonadonida tintuv o‘tkazdi. Bir necha kun davomida agentlar 131 akr maydonga ega mulkdan narsalarni olib chiqib, treylerlarga yukladi.

Yaqinda “Amerika Ovozi” ushbu joyga borganida, agentlar hali ham o‘sha yerda edi. “Amerika Ovozi” muxbirlari taxminan oltita avtomobilni, jumladan, ayrimlari yopiq davlat raqamlariga ega bo‘lgan mashinalarni ko‘rgan.

Sayms Rossiyaning davlat telekanali “Birinchi kanal”da siyosiy tok-shou olib boradi va 2022-yilga qadar Vashingtondagi tashqi siyosat bo‘yicha tahliliy markaz – Milliy manfaatlar markazini boshqargan. Ma'lumotlarga ko'ra, u 2016-yilda Trampning saylovoldi kampaniyasiga tashqi siyosat bo'yicha norasmiy maslahatlar bergan.

U Rossiya davlat ommaviy axborot vositalariga tintuv vaqtida mamlakatdan tashqarida bo‘lganini va bu haqida rasmiy ravishda xabar qilinmaganini aytgan.

FQB vakili “Amerika Ovozi”ga byuroning “sud tomonidan sanksiyalangan huquqiy faoliyatni” amalga oshirganini tasdiqladi, lekin davom etayotgan tergov sababli qo'shimcha izoh berishdan bosh tortdi.

Keng qamrovli tergov

Keyinchalik Amerika OAVlari xabar berishicha, Adliya vazirligi Rossiya davlat televideniyesi bilan hamkorlik qilgan amerikaliklarga, jumladan, Sayms va BMTning qurollar bo’yicha sobiq inspektori Skott Ritterga qarshi keng ko‘lamli jinoyat tergovini boshlagan.

Federal qidiruv byurosi vakili “Amerika Ovozi”ga agentlikda tergov jarayoni haqida hech qanday yangilik yo’qligini ma’lum qildi. “Amerika Ovozi”, shuningdek, Adliya vazirligiga izoh va ma'lumot so'rab murojaat qildi, ammo maqola chop etilgunga qadar hali javob olmadi.

Milliy razvedka boshqarmasining ma'lumotlariga ko'ra, noyabr oyidagi saylovlarga "asosiy tahdid" Rossiya hisoblanadi.

Iyul oyidagi hisobotida boshqarma “noyabr oyidagi AQSh saylovlariga qaratilgan ta'sir operatsiyalarini o'tkazayotgan yoki rejalashtirayotgan bir qator xorijiy subyektlarni kuzatayotganini” aytgan edi.

Boshqarma Rossiya, Eron va Xitoyni tahdid sifatida tilga olib, ulardan “demokratik institutlarni zaiflashtirish, nizolarni kuchaytirish yoki jamoatchilik fikrini o'zgartirishga qaratilgan ta'sir g'oyalarini targ'ib qilishga urinishlar” bo’lishini kutayotganini aytdi.

Hisobotda Eron o'z sa'y-harakatlarini kuchaytirgani qayd etilgan. Shuningdek, unda “Tehron keng qamrovli onlayn shaxslar tarmog‘i va targ'ibot fabrikalaridan foydalanib, dezinformatsiya tarqatmoqda; xususan, Isroil va G‘azo o‘rtasidagi mojaro atrofida keskinlikni kuchaytirishga faol ravishda hissa qo'shmoqda”, deyilgan.

Yaqinda AQSh razvedkasi vakillari 2024-yilda Trampning prezidentlik kampaniyasiga uyushtirilgan xakerlik hujumining ortida Tehron turganiga amin ekanliklarini bildirdi. Bu oy boshida “Microsoft” Eron bilan bog'liq ta'sir kampaniyalarining o‘sishini kuzatganini, “Google” esa Eron xakerlarining sobiq prezident Donald Trampga ham, Prezident Jo Baydenga ham qaratilgan hujumlarini qayd etganini ma'lum qildi.

Iyul oyida Bayden saylovda qatnashishdan voz kechishidan oldin, AQSh razvedkasi vakillari o‘z hisobotida Rossiya Trampning kampaniyasini kuchaytirishga urinishda davom etayotganini va Baydenni yomonotliq qilishga harakat qilayotganini ma’lum qildi.

Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari ham Sayms o’z uyida o‘tkazilgan tintuvning sabablari haqida hech narsa bilmasligini aytgan. Saymsning aytishicha, u 2022-yilda, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan bir necha oy o‘tib, AQShni tark etgan.

“Men 2022-yil oktabr oyidan beri AQShda boʻlmaganman. Shuning uchun u yerda mening hozirgi professional hayotim yoki boshqa faoliyatim bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan mutlaqo hech narsa yo‘q”, — dedi u Kremlning “Sputnik” telekanaliga.

Robert Myullerning 2019-yildagi “2016-yilgi AQSh prezidentlik saylovlarida Rossiyaning aralashuvi” haqidagi hisobotida Sayms va Milliy manfaatlar markazi bir necha bor tilga olingan. Ammo ikkalasi ham qo’yilgan ayblovlardan oqlangan.

“2016-yilda Sayms Trampning saylovoldi shtabiga tashqi siyosat bo‘yicha, jumladan, Trampning Moskva bilan yanada yaqin hamkorlik qilishi arurligi haqidagi nutqi bo‘yicha norasmiy maslahatlar bergan”, - deb xabar beradi “The Guardian” nashri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG