Bir qator Afrika shaharlarida Kremlning RT telekanalini targ‘ib qilish kampaniyasi doirasida XX asr mustaqillik harakati yetakchilari va mustamlakachilikka qarshi iqtiboslar aks etgan reklama taxtalari va videoroliklar paydo bo‘ldi.
Targ‘ib qilinayotgan Rossiya telekanali Putinning propaganda tarmog‘iga tegishli bo‘lib, Ukrainadagi urush haqida dezinformatsiya tarqatgani uchun G‘arbda bloklangan.
Reklama kampaniyasi Afrikaning mustamlakachilik o‘tmishi haqida hikoya qiladi; bu esa Rossiya muntazam ravishda nizo qo‘zg‘atishga urinish uchun foydalanadigan bir taktika, deydi dezinformatsiya bo‘yicha mutaxassislar.
“Sizning qadriyatlaringiz – umumiydir”, - deya ta’kidlaydi reklama bannerlari. Ularda Tanzaniyaning birinchi prezidenti Yulius Nyerere, Ugandaning mustaqillik harakati yetakchisi Milton Obote va Gananing sobiq yetakchisi Kvame Nkruma tasvirlangan. Boshqasida Zimbabveni mustaqillikka olib kelgani uchun hurmat qilinadigan, lekin keyinchalik o‘z fuqarolari tomonidan zolim deb hisoblangan Robert Mugabe tasvirlangan.
Bundan tashqari, Afrikaning eng yirik transport markazlaridan biri bo‘lgan Addis-Abeba shahridagi Bole xalqaro aeroportida yo‘lovchilar katta ekranlarda RT telekanalining raqamli videoroliklarini ko‘rishlari mumkin.
Telekanal matbuot relizida reklama kampaniyasi RTning asosoiy majburiyati “ommaviy axborot vositalarida neokolonialistik g'oyalarni yo'q qilish” ekanligini ta'kidlaydi
“RT deyarli yigirma yil davomida G'arb asosiy ommaviy axborot vositalarining keng tarqalgan hukmronligi bilan kurashishga majbur bo'ldi”, - dedi RT bosh muharriri o'rinbosari Anna Belkina o’zining so'nggi maqolasida.
“Ularning barchasi bir joydagi davlatlardan. Shunday bo’lsa-da, ularda nafaqat o’z xalqiga, balki butun dunyoga qanday o‘ylash, boshqa mamlakatlarga qay tarzda munosabatda bo‘lish kerakligini o’rgatadi”, - deb yozdi u maqolada.
U RTni “media makonidagi o’zgacha fikrlovchi ovoz” deb atadi.
Lekin bu hali hammasi emas. Ommaviy axborot vositalarini kuzatuvchilar va dezinformatsiya tahlilchilari uzoq vaqtdan beri Rossiya va Xitoy Afrikada o‘z ta’sirini mustahkamlashga intilib, mahalliy OAVlarga bepul kontent va rag‘bat sifatida moliyalashtirishni taklif qilayotganini ta’kidlab keladi.
Rossiya qit'adagi asosiy dezinformatsiya manbai hisoblanadi, deb ta'kidladi Afrika Strategik tadqiqotlar markazi o’z bayonotida. Uning 2024-yil mart oyidagi hisobotida Afrika mamlakatlariga qaratilgan dezinformatsiya kampaniyalari deyarli to‘rt baravar oshgani va bularning maqsadi “beqarorlik va antidemokratik oqibatlarga olib kelish” ekani qayd etilgan.
“Rossiya 2022-yil fevral oyida Ukrainaga bosqinining boshida katta zarbaga duch keldi, chunki bir necha hafta ichida Yevropa Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qildi; shuningdek, RTning Janubiy Afrika va Afrika bozorlariga DStv [raqamli sun’iy yo‘ldoshli televideniye] orqali yetkazib berilishi to‘xtatildi, - dedi Pretoriyadagi Janubiy Afrika xalqaro munosabatlar institutining Rossiya bo‘yicha eksperti Stiven Gruzd. - Hozirgi media kampaniya esa, ma’lum darajada Rossiyaning o’sha davrda o‘zi boshdan kechirgan tushkunlikka javobidir”.
Bir vaqtlar Yevropa, Kanada, Avstraliya va AQShni qamrab olgan tarmoq Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko'lamli bosqinidan keyin o'z ta'sirini sezilarli darajada yo'qotdi.
Shuningdek, Belkina, reklama kampaniyasiga qo‘shimcha ravishda, RT Keniyadan yangi teleshouni efirga uzatishini va uni taniqli keniyalik advokat P.L.O. Lumumba olib borishini ma'lum qildi.
Afrika tomon burilish
RT 2005-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Rossiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan. Dastlab “Russia Today” deb nomlangan va ingliz, arab, ispan va fransuz tillarida kanallari bo‘lgan.
RTni yillar davomida “propaganda vositasi” deb atab kelishgan; Britaniyaning “Ofcom” kabi media nazoratchilari uni “noxolis va yolg‘on” materiallarni efirga uzatishda ayblagan. 2017-yilda esa RT AQShda xorijiy agent sifatida ro‘yxatdan o‘tishga majbur bo‘ldi.
RT yuzlab million dollar mablag‘ oladi. Dastlabki yillarda u “Wikileaks” asoschisi Julian Assanj va marhum amerikalik teleboshlovchi Larri King kabi mashhur shaxslarni o‘z ko‘rsatuvlarini olib borishga jalb qilishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Biroq telekanal Rossiyaning 2022-yil fevral oyida Ukrainaga bostirib kirganidan keyingi sanksiyalar tufayli jiddiy zarar ko‘rdi va Yevropa hamda Shimoliy Amerika kabi dunyoning ko‘plab hududlarida efirdan uzib qo‘yildi.
Kremniy vodiysining yirik kompaniyalari ham unga qarshi chora ko‘rishdi. “Meta” Yevropa Ittifoqida RTning “Facebook” va “Instagram”dagi sahifalarini blokladi. “Microsoft” RTni o‘z platformalaridan o‘chirib tashladi; Apple esa uni Rossiyadan tashqari barcha mamlakatlarda “App Store”dan olib tashladi. “YouTube” RT’ni 2022-yil mart oyida blokladi, ammo uning kontentini proksi-serverlar orqali topish mumkinligi haqida xabarlar bor.
Garchi ko‘plab Afrika mamlakatlari Ukraina urushi bo‘yicha ma’lum bir pozitsiya egallashni xohlamagan va ularning aksariyati BMTda bu masala bo‘yicha ovoz berishdan tiyilgan bo‘lsa-da, RT Afrikada ham muammolardan xoli emas. Janubiy Afrika sun'iy yo‘ldoshli teleradiokompaniyasi “MultiChoice” RTni o‘zining butun Afrika bo‘ylab xizmat ko‘rsatadigan DSTV xizmatidan uzib qo‘ydi. Ularning aytishicha, bunga Yevropa Ittifoqi sanksiyalari majbur qilgan.
Janubiy afrikaliklar RTni 2023-yilda efir to‘xtatilguniga qadar Xitoyning “StarSat” kanalida tomosha qilishlari mumkin edi.
RTning 2022-yilda Yoxannesburgda ingliz tilidagi markaz ochish rejalari qanday amalga oshgani bizga noma'lum. “Amerika Ovozi”ning elektron pochta orqali yuborgan savoliga javoban Belkina markaz faoliyat ko‘rsatayotganini aytdi. Markazni boshqarish uchun tanlangan jurnalist Paula Slier o‘sha vaqtda RTni tark etgan. “Amerika Ovozi” u bilan messenjer ilovasi orqali bog‘langanida, u shahar markazida hozirda jismoniy ofis yo‘qligini ma'lum qildi. Biroq u bu borada boshqa izoh bermadi.
RT o‘tgan yili Jazoirda o‘z byurosini ochib, qit’aning boshqa mintaqalariga ham kirib bordi. Shuningdek, o‘tgan yili Kamerundagi “Afrique Media” Rossiya tarmog‘i bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.
“2022-yil mart oyidan boshlab RTning Moskva shtab-kvartirasi Afrikaga e’tiborini qaratdi va u yerda uzoq muddatli ishtirokini rejalashtirmoqda”, - dedi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti o‘zining o‘tgan yilgi bayonotida.
Tashkilotning ta'kidlashicha, hozirda RT Shimoli-g’arbiy Afrika, Kot-d’Ivuar, Senegal, Burkina-Faso va Kamerunda mavjud.
RT veb-saytidagi ma’lumotga ko'ra, kanalni Keniyada, Tanzaniyada va boshqa Afrika davlatlarida Xitoyning “StarTimes” xizmati orqali tomosha qilish mumkin. Shuningdek, uni Zimbabve, Efiopiya va boshqa mamlakatlarda sun'iy yo‘ldosh orqali yoki internetda tomosha qilish imkoniyati mavjud.
RT Afrikaning nechta mamlakatida efirga uzatilishi haqidagi savolga Belkina “Ko'plab mamlakatlarda” deb javob berdi.
Mustamlakachilikka qarshi qarash
Mutaxassislarning aytishicha, RT “Rossiya hech qachon mustamlaka davlati bo'lmagan” degan g'oyani Afrikada o'z ta'sirini oshirishga urinish uchun ishlatmoqda. Afrikadagi ko’plab hukmron partiyalar Moskva bilan mustahkam tarixiy aloqalarga ega, chunki sobiq Sovet Ittifoqi ularning mustamlakachilik yoki oq tanli ozchilikka qarshi ozodlik kurashini qo'llab-quvvatlagan.
“Menimcha, Afrika aholisi orasida chuqur ildiz otgan mustamlakachilikka qarshi jamoaviy antipatiyadan Rossiya unumli foydalanmoqda”, - deydi Gruzd.
“Menimcha, RT bu g‘oya orqali hamdardlik va qo‘llab-quvvatlashga erishadi, - deya qo’shimcha qiladi u. - Boshqa tomondan, bu vaziyatni chuqur anglab, ilgari surilayotgan g’oya ortida aslida nima borligini ko‘ra oladigan ko‘plab odamlar ham bor”.
Uning aytishicha, Rossiya allaqachon Markaziy Afrika Respublikasi, Mali va boshqa mamlakatlar hukumatlari bilan hamkorlik qilayotgan “Vagner” yollanma guruhi orqali Afrikaga kirib kelgan.
Shuningdek, u Rossiyaning ommaviy axborot vositalari sohasida ham faollik ko'rsatayotganini ta'kidladi.
“Fransuz tilida so‘zlashuvchi Afrikada ular o’ta anti-g‘arbiy, o’ta anti-fransuz yo‘nalishini oldinga surdi. Shuningdek, ular ijtimoiy tarmoqlardagi kampaniyalar va dezinformatsiya tarqatishda juda, juda faol ishtirok etib, mahalliy noroziliklarni kuchaytirmoqda”, - dedi Gruzd.
Yoxannesburgdagi Vitvatersrand universitetining jurnalistika bo‘yicha sobiq professori Anton Xarberning aytishicha, RT reklama kampaniyasi yosh afrikaliklarga sezilarli ta’sir ko‘rsatish uchun “juda eskirgan”, chunki unda o‘tgan avlodlarning afrikalik yetakchilari ishtirok etmoqda; ularga esa hozirda ba’zi yoshlar shubha bilan qarashadi.
“Rossiya neokolonial tarzda qit’ada o’z ta’sirini kuchaytirayotgan bir vaqtda, RTning o’zini “mustamlakachilikka qarshi ovoz” deya e’lon qilishi biroz kulgili. RT haqida bir narsani aniq bilamiz: bu afrikaliklarning ovozi emas, balki Putin va uning mamlakatiga xizmat qiluvchilarning ovozi, - dedi Xarber. - Shunday qilib, u o‘z ta'sirini oshirishga bo‘lgan intilishlarini paternalistik antikolonial ritorika bilan niqoblamoqda”.