Breaking News

Ozodlikka chiqqan rus muxolifati yetakchilari birlashadimi?


Germaniyada o’z tarafdorlari bilan miting o’tkazgan muxolifatchi Ilya Yashinning ta’kidlashicha, muxolifat aniq loyihalar doirasida hamkorlik boshlashi kerak.
Germaniyada o’z tarafdorlari bilan miting o’tkazgan muxolifatchi Ilya Yashinning ta’kidlashicha, muxolifat aniq loyihalar doirasida hamkorlik boshlashi kerak.

G’arb va Rossiya o’rtasida siyosiy mahbuslar almashinishi tarixiy amaliyot sifatida baholandi.

Tarixiyligi nafaqat har ikki tomondan 20 dan oshiq siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqqani bilan bog’liq. Bungacha bunday yirik amaliyot kuzatilmagan.

Bu amaliyot doirasida G’arbga topshirilganlarning aksariyati muxolifatchi, huquq himoyachilari va jurnalistlardan iborat. Rossiyaga berilganlar esa asosan maxsus xizmat vakillari, ular orasida Yevropada qotillik sodir etganlari ham bor.

AQSh va Yevropa nafaqat o’z fuqarolari, balki qamoqdagi rus muxolifati, huquq himoyachilari, jurnalistlarini ham Rossiyadan olib chiqdi.

Ozodlikka chiqqan mahbuslarni Rossiya, Yevropa va AQShda davlat rahbarlari, rasmiylar kutib olishdi.

Siyosiy mahbuslar almashinishi ayniqsa o’z yetakchisi Aleksey Navalninyning o’limidan so’ng jiddiy tushkunlikka cho’kkan rus muxolifatiga yangi kuch baxsh etishiga umid qilinmoqda.

Ozodlikka chiqqanlar orasida marhum Navalniyning yaqin safdoshlari Ilya Yashin, Kseniya Fadayeva, Liliya Chanisheva, Vadim Ostanin ham bor.

Rossiyada ancha taniqli siyosatchi, 25 yillik qamoqqa hukm qilingan muxolifatchi Vladimir Kara-Murza, “Otkritaya Rossiya” (“Ochiq Rossiya”) harakati rahbari Aleksey Pivovarov, “Memorial” faoli Oleg Orlovlar ham ozod etilganlar qatorida.

Siyosiy mahbuslarning ozodlikka chiqishi ortidan o’tgan tadbirlar, ayniqsa Ilya Yashinning o’z tarafdorlari bilan Berlinda o’tkazgan mitingi rus muxolifati faoliyati jonlanishiga doir qarashlarni kuchaytirgani kuzatiladi.

Berlinda bir necha yuz kishi to’plangan bu mitingda Rossiyadagi vaziyat, muxolifat rejalari, keyingi qadamlari muhokama qilingan.

Yashin “Associated Press” agentligiga bergan intervyusida qamoq asoratlaridan tiklanishi ortidan siyosiy faoliyatga qaytishi, xususan 1 million 700 ming obunachiga ega “YouTube” kanali orqali murojaatlar bilan chiqishni rejalayotganini aytgan.

Siyosiy mahbuslarni almashish doirasida Rossiyadagi inson huquqlari sohasi faxriylaridan, “Memorial” tashkiloti ta’sischilaridan biri Oleg Orlov ham ozodlikka chiqdi.

Inson huquqlariga doir faoliyatini 1980-yillarda boshlagan, “Memorial” tarkibida tinchlik bo’yicha Nobel mukofoti sovrindori bo’lgan Oleg Orlov Ukraina urushiga qarshi chiqishi ortidan 2,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

71 yoshli huquq faoliga ko’ra, qatag’onlardan, totalitar rejim hukmronligini boshdan o’tkazgan Rossiyada yana Stalin davriga qaytish boshlangan.

“Repressiya mashinasi ishga tushirildi, endi u to’xtamaydi”, - deb ta’riflaydi huquq himoyachisi Rossiyadagi bugungi vaziyatni.

“Memorial” hisobotida Rossiyada ayni paytda qamoqda saqlanayotgan siyosiy mahbuslar soni 800 nafarga yaqinlashayotgani ko‘rsatiladi. Ammo ayrim huquq tashkilotlari Rossiyadagi siyosiy mahbuslar sonini ancha ko’pga, 1300 kishi atrofida qayd etishadi.

“Memorial” tashkiloti faoli Oleg Orlov ham ozodlikda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:19 0:00

Bu mahbuslarning aksariyati, jumladan ozodlikka chiqarilgan mahbuslarning katta qismi Ukraina urushi ortidan hibs qilingan.

Eng ommaviy ayblovlardan biri Rossiya armiyasini obro’sizlantirish, ya’ni urushga qarshi chiqqan faollar asosan shu ayblov bilan qamoqqa tashlanadi.

Rossiyada Ukraina urushigacha qamalgan siyosiy mahbuslar ko’p edi, xususan qamoqxonada o’lgan muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy ham urush arafasida hibs qilingan edi.

Ma'lumotlarga ko’ra, Navalniy siyosiy mahbuslar almashish bo’yicha ro’yxatda bo’lgan, ammo u kutilmaganda shubhali tarzda qamoqxonada o’ldi.

Ukraina urushiga qadar qamoqqa tashlangan, mahbus almashish doirasida ozodlikka chiqqan muxolifatchilardan yana biri bu - Aleksey Pivovarov.

Qamalguncha muxolifatdagi “Ochiq Rossiya ” harakatini boshqargan Pivovarov ham tez kunlarda o’z siyosiy faoliyatini tiklamoqchi.

Rossiya muxolifati turli guruhlarga bo’lingan, ular Rossiya rivojlanishi, rejimga qarshi kurash bo’yicha turlicha qarashlarga ega.

Rossiya hukumati Ukraina urushi ortidan muxoliflarga nisbatan keskin tazyiqlar boshladi, yuzlab faollar qamaldi, yana yuzlab muxoliflar mamlakatni tark etdi.

Rossiya qamog’idan ozod etilgan muxolifatchilar (chapdan) Vladimir Kara-Murza, Andrey Pivovarov va Ilya Yashin, Germaniya, 2-avgust, 2024
Rossiya qamog’idan ozod etilgan muxolifatchilar (chapdan) Vladimir Kara-Murza, Andrey Pivovarov va Ilya Yashin, Germaniya, 2-avgust, 2024

Ukraina urushi ortidan jiddiy tahdidga uchragan, tarixiy almashish doirasida yetakchilari ozodlikka chiqqan rus muxolifati birlashish tomon harakat qilmoqchi.

Germaniyada o’z tarafdorlari bilan miting o’tkazgan muxolifatchi Ilya Yashin ta’kidlashicha, muxolifat aniq loyihalar doirasida hamkorlikni boshlashi kerak.

“Siyosiy repressiyalarni faqatgina rejimga qarshi kompleks kurash bilan to’xtatish mumkin”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG